Japarovning Moskvaga tashrifi Yevropa sanksiyalari bilan bog‘liqmidi? Prezident izoh berdi

Бугун 14:413 дақиқа

Moskvaga tashrif va YIning yangi cheklovlari Qirg‘izistonning geoiqtisodiy holatini yanada murakkablashtirdi.

Japarovning Moskvaga tashrifi Yevropa sanksiyalari bilan bog‘liqmidi? Prezident izoh berdi © Kaktus.media

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiya Federatsiyasiga yaqinda amalga oshirgan ishchi tashrifini «Kaktus.media» nashriga bergan intervyusida izohlab, bu safar sanksiyalar yoki aholi punktlarini qayta nomlash masalalari bilan bog‘liq emasligini aytdi. Davlat rahbari suveren mamlakat prezidentini tashqi tomondan chaqirish imkoni yo‘qligini ta’kidlab, Moskvaga borish tashabbusi faqat o‘zidan chiqqanini bildirdi.

Sadir Japarov so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv haqidagi qaror Ostonadagi ekologik sammitda ishtirok etgandan keyin qabul qilingan bo‘lib, shu imkoniyatdan foydalanib bir qator masalalarni tezkor hal qilish maqsad qilingan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu taklifni darhol qo‘llab-quvvatlagan.

Tashrifning birinchi kuni liderlar ikki soatdan ortiq Qirg‘iziston-Rossiya munosabatlarining keng doirasini muhokama qilgan, shundan so‘ng masalalarni batafsil ko‘rib chiqish uchun tegishli vazirlar shoshilinch chaqirilgan.

Ikkinchi kuni kengaytirilgan tarkibda uchrashuv bo‘lib o‘tgan va uning natijasida asosiy masalalar hal etilgan. Sadir Japarov hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida Rossiya tomonidan so‘nggi besh yil davomida uzluksiz qo‘llab-quvvatlash uchun Vladimir Putinga minnatdorlik bildirdi va aynan shu yondashuv Rossiyani Qirg‘izistonning strategik hamkori deb atashga asos bo‘lishini ta’kidladi.

Yevropa sanksiyalari

Yevropa Ittifoqi Japarov Moskvaga borgan kunda (23-aprel) Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini (anti-circumvention tool) qo‘lladi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, endi Qirg‘izistonga raqamli dastur asosida boshqariladigan dastgohlar, shuningdek, marshrutizator va kommutatorlar kabi telekommunikatsiya uskunalarini eksport qilish butunlay taqiqlanadi. Bu qaror mazkur tovarlarning Qirg‘iziston orqali Rossiyaga reeksport qilinish xavfi yuqori ekani bilan izohlanmoqda.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Qirg‘iziston Yevropadan kelayotgan sanksiya ostidagi tovarlar uchun asosiy xablardan biriga aylangan edi. Tahlillarga ko‘ra, Estoniyadan Qirg‘izistonga eksport hajmi 10000 foizga, Finlyandiyadan 3100 foizga, Polsha va Germaniyadan esa 1000 foizdan ko‘proqqa oshgan. Iqtisodchilarning fikricha, Qirg‘iziston aslida Rossiyaga yo‘naltirilgan Yevropa eksportining bosh manziliga aylanib qolgan.

Sanksiyalar nafaqat tovarlar eksportini, balki moliyaviy tizimni ham qamrab oldi. Xususan, Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan «TengriCoin» yopiq aksiyadorlik jamiyati Yevropaning «qora ro‘yxati»ga kiritildi. Ushbu kompaniya orqali sanksiyalarni aylanib o‘tib transchegaraviy hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiluvchi, rublga bog‘langan A7A5 steyblkoini savdosi olib borilgan. 2026-yil boshiga kelib ushbu instrumentning aylanmasi 100 mlrd dollarga yetgan.

Shuningdek, Qirg‘izistonning ikkita yirik banki – «Keremet Bank» va «Kapital Bank» ham Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga duch keldi.

Ta’kidlash joizki, YI sanksiyalarining 20-paketi faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan cheklanib qolmadi. Unga Qozog‘iston, Xitoy, Belarus, Turkiya va BAA kompaniyalari ham kiritilgan. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «soya floti»ga tegishli 46 ta tanker, 12 ta neftni qayta ishlash zavodi va 20 ta yirik bankiga nisbatan ham qat’iy cheklovlar o‘rnatdi.

Qirg‘iziston reaksiyasi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev xalqaro sanksiyalarni qo‘llash masalalari bo‘yicha ishchi yig‘ilish o‘tkazdi. Muhokamada davlat organlari va tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi. Joriy vaziyat, iqtisodiyot uchun mumkin bo‘lgan xavflar hamda amaldagi cheklovlarning oqibatlari ko‘rib chiqildi.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro majburiyatlarga rioya qilish, tashqi iqtisodiy faoliyat shaffofligini oshirish hamda eksport-import operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Qirg‘izistonning G‘arbdagi sheriklari bilan sanksiyalar masalasidagi muloqoti davom etayotgani qayd etildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Adilbek Qosimaliyev davlat organlariga bir qator topshiriqlar berdi. Ular sanksiyalarning salbiy ta’sirini kamaytirish hamda qirg‘izistonlik kompaniyalarni G‘arb davlatlarining sanksiya ro‘yxatlaridan chiqarish uchun kompleks yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.

Теглар

Мавзуга оид

Japarovning Moskvaga tashrifi Yevropa sanksiyalari bilan bog‘liqmidi? Prezident izoh berdi | Vaqt.uz