Lombardlar aktivlari qariyb 1 trln so‘mga yaqinlashdi
O‘zbekistondagi lombardlarning jami aktivlari bir yil ichida 49,5 foizga oshib, 973,7 mlrd so‘mga yetdi. Shu davrda ularning jami majburiyatlari 80,8 foizga ko‘payib, 249 mlrd so‘mni tashkil etdi.
© ForbesMarkaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-sentabr holatida O‘zbekistondagi lombardlarning jami aktivlari 651,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. 2026 yilning shu sanasiga kelib bu ko‘rsatkich 973,7 mlrd so‘mga yetgan.
Shu tariqa, bir yil ichida lombardlar aktivlari 322,6 mlrd so‘mga yoki 49,5 foizga oshgan.
Lombardlarning sof kreditlari hajmi ham ko‘paygan. 2025-yil 1-sentabrda 534,8 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich 2026-yilning 1-sentabrida 710,7 mlrd so‘mga yetgan. Yillik o‘sish 32,9 foizni tashkil etgan.
Lombardlar majburiyatlari 81 foizga oshdi
Regulyatorning qayd etishicha, 2026-yil 1-sentabr holatiga O‘zbekistondagi lombardlarning jami majburiyatlari 249 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 137,8 mlrd so‘m edi. Demak, majburiyatlar 111,3 mlrd so‘mga, ya’ni 81 foizga ko‘paygan.
Lombardlarning banklardan jalb qilgan mablag‘lari bir yilda deyarli 2,7 barobar oshib, 54,3 mlrd so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, shu davrda lombardlarning jami aktivlari 49,5 foizga, sof kreditlari esa 32,9 foizga oshdi. Ya’ni majburiyatlar aktivlarga qaraganda tezroq o‘sgan.
Aktivlar hajmi bo‘yicha yetakchi lombardlar
O‘zbekistondagi 90 ta lombardning 71 tasi 2 mlrd so‘mdan ortiq aktivga ega. Bu lombardlarning jami aktivi 952,5 mlrd so‘m bo‘lib, sohadagi barcha aktivning qariyb 98 foizini tashkil qiladi.
Aktivlari 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan 8 ta lombardning jami aktivlari 4,9 mlrd so‘mga teng. Yana 11 ta lombardning aktivlari 1 mlrd so‘mdan 2 mlrd so‘mgacha bo‘lib, ular jami 16,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Alohida olsak, eng yirik lombard HURMA LOMBARD. Joriy yil 1-sentabr holatida uning aktivi 188 mlrd so‘mga yetgan. Undan keyin HASHAMATLI CHINOR (67,3 mlrd so‘m), CHINARA BIZNES KREDIT (60,2 mlrd so‘m) va MAXIMUM (45,7 mlrd so‘m) turadi. Quyida aktivi eng katta 10 ta lombard va ularning yillik o‘sishi ko‘rsatilgan:

Jadvaldan ko‘rinadiki, HURMA LOMBARD aktivlari bir yil ichida 66,6 mlrd so‘mdan 188 mlrd so‘mga yetib, qariyb 2,8 barobar oshgan. ZOLOTO aktivlari esa 10,5 mlrd so‘mdan 30,5 mlrd so‘mga ko‘payib, qariyb 2,9 barobar o‘sgan.
Boshqa lombardlarda ham aktivlar ko‘paygan, ammo o‘sish sur’ati turlicha bo‘lgan. Masalan, JAYRON KREDIT aktivlari 72 foizga, MAXIMUM aktivlari 63 foizga, SHOKIR INVEST aktivlari esa 20 foizga oshgan.





