Mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trln so‘m ajratilyapti

Prezident raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Shavkat Mirziyoyev Xalq qabulxonalarini bugungi talabga mos holda o‘zgartiradigan vaqt kelganini aytdi.

Mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trln so‘m ajratilyapti

2026-yilda O‘zbekiston mahallalarida aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda. Bu haqda bugun, 13-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisi 38 milliondan, mehnatga layoqatli aholi 20 milliondan oshgan, so‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi 2 karra ko‘paygan.

Bildirilishicha, mamlakatda xalqning og‘irini yengil qilish, ko‘targan masalalariga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahallaga tushib ishlaydigan tizim yaratilgan. Bu yil ham mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda.

«Endi vazirlar, hokimlar o‘ziga savol bersin: shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘targan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi? Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish.

To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi», – dedi Prezident.

Yig‘ilishda bundan keyin «Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak» degan shior har bir tuman, shahar, viloyat hokimi, vazir, uning hududiy tashkilot rahbarlarining bosh qoidasi bo‘lishi zarurligi qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид