Meksika va O‘zbekistonda naqdsiz to‘lovlar: yangi qoidalar va cheklovlar

Бугун 15:183 дақиқа

Meksika va O‘zbekistonda naqdsiz to‘lovlarga o‘tish jarayoni. Qonunlar, CoDi tizimi va iqtisodiy ta’sir tahlili.

Meksika va O‘zbekistonda naqdsiz to‘lovlar: yangi qoidalar va cheklovlar

Meksika iqtisodiyotini raqamlashtirish maqsadida prezident Klaudiya Sheynbaum 19-mart kuni yonilg‘i shoxobchalari va avtomagistral to‘lov punktlarida naqd pul orqali to‘lovlar joriy yildan boshlab bekor qilinishi aytdi.

Uning ta’kidlashicha, hukumat bank sektori bilan birgalikda mamlakat bo‘ylab raqamli to‘lov tartiblarini standartlashtirish ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, barcha meksikaliklar uchun raqamli to‘lovlarni yengillashtirish maqsadida «Banco del Bienestar» bilan hamkorlik qilinmoqda.

«Bu yilgi maqsadimiz – benzin va yo‘l to‘lovlarini raqamli tarzda to‘lashni majburiy qilish. Bu mamlakatni boshqa yo‘nalishlarda ham raqamlashtirishga yo‘l ochadi», – dedi prezident.

89-bankchilik anjumanidagi nutqida prezident Sheynbaum Meksika banki tomonidan ishlab chiqilgan «CoDi» tizimidagi yangilanishlarni ham yuqori baholadi. Endi bu tizimni mobil telefonlar orqali komissiyasiz ishlatish mumkin. «CoDi» – bu real vaqtda ishlaydigan bepul raqamli to‘lov platformasidir.

Anjumanda so‘zga chiqqan Meksika banki raisi Viktoriya Rodriges ham markaziy bank mobil qurilmalar orqali elektron pul o‘tkazmalarini standartlashtirish bo‘yicha islohotlar yuzasidan jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishini ma’lum qildi. Bu ham umumiy raqamlashtirishga qaratilgan yana bir qadamdir.

Hukumat, shuningdek, «Banco del Bienestar»ni raqamlashtirish jarayoniga qo‘shishni rejalashtirmoqda – ayrim davlat to‘lovlari raqamli tarzda amalga oshiriladi. Ushbu bank davlatga tegishli bo‘lib, asosan ijtimoiy dasturlar ishtirokchilari va chekka hududlardagi aholiga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan.

Bank sektori ham naqd puldan foydalanishni qisqartirish uchun raqamlashtirish siyosatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozirda Meksikada tranzaksiyalarning taxminan 80 foizi naqd pul orqali amalga oshiriladi.

Iqtisodiy vaziyat

Klaudiya Sheynbaum nutqida mamlakat iqtisodiyotiga ham to‘xtalib, qashshoqlik tarixiy darajada kamayganini, milliy valuta mustahkamligini, minimal ish haqi oshganini, moliyaviy tizim barqarorligini va ichki bozor kuchli ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u bank sektorini yanada faol bo‘lishga chaqirdi, ayniqsa kredit berishni kengaytirish va moliyalashtirishga kirishni osonlashtirish borasida. Lotin Amerikasi davlatlari orasida Meksika kichik va o‘rta biznes uchun eng kam kredit taklif qiladi.

«Bank sektori hali mamlakat uchun ko‘p narsa qila oladi. Sektor harakat qilmoqda, ammo bizga yanada ko‘proq harakat kerak. Eng yaxshi yangilik – kreditlar ko‘payishi», – dedi u.

Shu bilan birga, Meksika banklar assotsiatsiyasining kredit hajmini 2030-yilgacha YAIMning 38%idan 45%igacha oshirish rejasini qo‘llab-quvvatladi.

Prezidentga ko‘ra, hukumatning asosiy maqsadi – barqaror iqtisodiy o‘sish uchun qulay muhit yaratish va aholi turmush sifatini oshirish. Uning aytishicha, 5,6 trillion peso (taxminan 313 mlrd dollar) miqdoridagi davlat va xususiy investitsiyalardan iborat dastur ushbu o‘sishning asosi bo‘lishi mumkin. Investitsiyalar energetika, temiryo‘llar, avtomagistrallar, portlar, sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti kabi 8 ta strategik sohani qamrab oladi.

Shuningdek, energetika sohasiga investitsiyalar (2030-yilgacha 30 000 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish va gazga qaramlikni kamaytirish) hamda texnologik va ilmiy innovatsiyalar uchun yangi moliyalashtirish manbalari iqtisodiy siyosatning muhim qismlari sifatida qayd etildi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Prezidentning PF-246-sonli farmoniga ko‘ra, 1-apreldan quyidagi to‘lovlar naqdsiz holda, faqat bank kartalari yoki elektron tizimlar orqali amalga oshirila boshlandi:

davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;

elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanish uchun to‘lovlar;

spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari;

transport vositalariga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektr transportlarini zaryadlash xizmatlari;

qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;

ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Теглар

Мавзуга оид