Logo

Meva-sabzavot eksporti qisqarganiga qaramay, daromadlar 2,7 foizga oshdi

2026-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekiston 736 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qildi. Eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz kamaygan bo‘lsada,  tushum 635,8 mln dollarga yetdi.

Meva-sabzavot eksporti qisqarganiga qaramay, daromadlar 2,7 foizga oshdi © Sergey Bulkin/ TASS

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston 736 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 741,7 ming tonnalik ko‘rsatkichdan 5,7 ming tonnaga kam.

1

Biroq eksport qiymati aksincha oshgan. Agar o‘tgan yilning dastlabki besh oyida meva-sabzavot eksportidan 619,1 mln AQSH dollari tushgan bo‘lsa, ko‘rsatkich 2,7 foizga o‘sib, 635,8 mln dollarga yetgan.

Mevalar eksporti daromadliroq

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mevalar eksporti ham hajm, ham qiymat bo‘yicha oshgan. Mazkur toifadagi mahsulotlar eksporti 97,9 ming tonnadan 109,5 ming tonnaga yetib, 11,8 foizga oshgan. Eksport qiymati esa 140,7 mln dollardan 162,2 mln dollariga ko‘tarilib, 15,3 foizga oshgan.

Alohida mahsulotlar kesimida uzum, anor va quritilgan o‘rik eksporti 2025-yilning yanvar-may oylariga nisbatan sezilarli oshgan.

2

Xususan, uzum eksporti qariyb ikki barobarga ya’ni 9,6 ming tonnadan 17,7 ming tonnaga,  eksport qiymati esa 10,6 mln dollardan 21,7 mln dollarga oshgan.

Anor eksporti 3,9 ming tonnadan 7,5 ming tonnaga, qiymati esa 5,4 mln dollardan 11,1 mln dollarga yetgan. Shuningdek, quritilgan o‘rik eksporti esa 6,8 ming tonnadan 8,7  ming tonnaga, qiymat esa 19,7 mln dollardan 26,2 mln dollarga ko‘paygan.

Biroq ayrim meva mahsulotlari eksporti kamaygan. Gilos eksporti hajmi 21,1 ming tonnadan 17,3 ming tonnaga tushgan bo‘lsa, undan tushgan daromad 42,6 mln dollardan 37,1 mln dollargacha qisqardi. Quritilgan olxo‘ri eksporti ham 7,4 ming tonnadan 6,9 ming tonnaga, eksport qiymati esa 13,7 mln dollardan 12,7 mln dollarga kamaydi.

Sabzavotlar eksportida vaziyat turlicha

Sabzavotlar eksporti hajmi biroz qisqargan. 2026-yilning yanvar-may oylarida xorijga 369,3 ming tonna sabzavot eksport qilingan bo‘lsa, 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 378,3 ming tonnani tashkil etgan.

Shunga qaramay, eksportdan tushgan daromad oshgan. Agar 2025-yilning dastlabki besh oyida sabzavot eksporti 130,2 mln AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shun davrida bu ko‘rsatkich 138,5 mln dollarga yetgan.

O‘sish qayd etgan mahsulotlar:

●       karam — 123,1 ming tonnadan 133,9 ming tonnaga; eksport qiymati 46,9 mln  dollaridan 51,5 mln AQSH dollariga;

●       pomidor — 17,1 ming tonnadan 20,6 ming tonnaga; eksport qiymati 17,1 mln  dollaridan 22,7 mln AQSH dollariga;

●       sabzi — 28,4 ming tonnadan 43,1 ming tonnaga; eksport qiymati 5,6 mln  dollaridan 9,5 mln dollariga.

Biroq, ba’zi sabzavotlar eksportida pasayish qayd etilgan:

●       piyoz — 202,7 ming tonnadan 167,5 ming tonnaga; eksport qiymati 55,2 mln dollaridan 48,9 mln dollarga;

●       qalampir — 7 ming tonnadan 4,3 ming tonnaga; eksport qiymati 10,2 mln dollaridan 8,1 mln  dollarga;

●       tarvuz va qovun — 37,5 ming tonnadan 25,5 ming tonnaga; eksport qiymati 9,5 mln dollaridan 8,2 mln dollarga.

3

Dukkakli va yong‘oq mahsulotlari eksporti

Xususan, mosh eksporti 2025-yilning yanvar-may oylaridagi 29,8 ming tonnadan 31,9 ming tonnaga oshdi. Eksportdan tushgan daromad ham 25,8 mln dollardan 30,4 mln dollarga yetdi. Bu mahsulot eksporti hajmi ham, undan tushgan daromad ham oshganini ko‘rsatadi.

 Yeryong‘oq va boshqa yong‘oqlar eksporti hajmi esa o‘tgan yil darajasida saqlanib, 10,9 ming tonnani tashkil etdi.  Biroq eksport qiymati 26,2 mln dollardan 24,4 mln dollarga kamaydi. Bu eksport hajmi o‘zgarmagan bo‘lsa-da, daromad qisqarganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq «Narxtahlil» platformasi ma’lumotlariga tayanib, ichki bozorda ayrim meva va sabzavotlar narxida o‘zgarishlar kuzatilgani haqida xabar bergandi. Unga ko‘ra, sabzavotlar orasida pomidor narxi bir haftada 10 foizga arzonlagan bo‘lsa, mevalardan uzum narxi 8,8 foizga pasaygan. Bu mavsumiy taklifning ortishi hamda bozorda mahsulotlar hajmining ko‘payishi bilan izohlanadi.

 
Diyora Xabibullayeva tayyorladi 

Теглар

Мавзуга оид

Meva-sabzavot eksporti qisqarganiga qaramay, daromadlar 2,7 foizga oshdi | Vaqt.uz