Millionlab dollarlik «yolg‘on mashinasi»: Isroilning raqamli urush apparati «Hasbara» qanday barbod bo‘ldi?
G‘azodagi qirg‘inbarot urush Isroilning dunyoga aytgan yolg‘onlarini fosh qildi. Falastinliklar voqea joyidan real holatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi.
© PressTVDunyo lahzalik axborot urushlari davriga qadam qo‘ydi. Davlatlar dunyo jamoatchiligi oldida o‘zlarini haq tomon sifatida ko‘rsatishga intilmoqda va ularning axborot yaratish salohiyati eng hal qiluvchi qurolga aylandi.
Ushbu haqiqatni birinchilardan bo‘lib anglagan Isroil «hasbara» deb nomlanuvchi qadimiy amaliyotni XXI asrning raqamli infratuzilmasi bilan birlashtirib, uni tizimli axborot urushi mashinasiga aylantirdi.
«Hasbara» o‘zi nima?
Ivrit tilida «tushuntirish» degan ma’noni anglatuvchi hasbara tushunchasi Isroil davlati tomonidan rasman o‘z siyosati va harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazish faoliyati sifatida ta’riflanadi.
Biroq amaliyotda bu ta’rif shunchaki chiroyli parda vazifasini o‘taydi, xolos. Bugungi kunda ushbu apparat hukumatning rasmiy bayonotlaridan tortib ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaladigan kampaniyalargacha, ommaviy axborot vositalaridagi muvofiqlashtirilgan xabarlardan tortib soyada ish olib boradigan pullik blogerlar (inflyuenserlar)ning maxfiy tarmog‘igacha bo‘lgan ulkan qamrovga ega.
Ilmiy adabiyotlarda jamoatchilik diplomatiyasi va targ‘ibot (propaganda) o‘rtasida nazariy chegara mavjud. Ammo real hayotda Isroilning hasbara operatsiyalari xolis haqiqatni ko‘rsatishga emas, balki muayyan bir «haqiqatni» — sun’iy ravishda yaratilgan voqelikni shakllantirishga qaratilgan.
Bu bosqichda o‘zini jamoatchilik diplomatiyasi sifatida taqdim etayotgan tizim aslida manipulyatsiya va targ‘ibotga ancha yaqin ekanini yaqqol namoyon qiladi.
Raqamli transformatsiya: 2006 yildan hozirgi kungacha
Isroilning bugungi kundagi axborot urushi infratuzilmasi bir kechada paydo bo‘lgani yo‘q — u bosqichma-bosqich va maqsadli evolyutsiya orqali shakllandi.
2006 yilgi Livan urushi bu borada hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘ldi. Isroil «Hizbulloh» tomonidan bevosita jang maydonidan uzatilgan videotasvirlar xalqaro jamoatchilik fikrini qanchalik keskin o‘zgartirib yuborganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Bu tajriba raqamli aloqaning strategik ahamiyatini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. 2008–2009 yillardagi G‘azo hujumi esa davlat tomonidan moliyalashtiriladigan raqamli targ‘ibotning yangi davrini boshlab berdi.
Shundan so‘ng Isroil Tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda turli xorijiy tillarda monitoring olib borish va xabarlar tarqatish vazifasi yuklatilgan maxsus bo‘linma tuzilganini rasman e’lon qildi.
2012 yilga kelib, ijtimoiy tarmoqlar axborot urushining asosiy maydoniga aylandi. 2014 yilgi G‘azo hujumi paytida esa Isroilni jabrdiyda qilib ko‘rsatishga qaratilgan, o‘zaro muvofiqlashtirilgan kontent kampaniyalari o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.
Aynan shu davrda «Act.IL» ilovasi yaratildi. Bu — ko‘ngilli faollarga maqsadli kontentni keng yoyish yoki nomaqbul materiallarni o‘ta aniqlik bilan o‘chirib tashlash uchun shikoyat qilish imkonini beruvchi, o‘xshashi yo‘q birinchi ommaviy raqamli safarbarlik vositasi edi. O‘sha davrda Isroil hatto universitet talabalariga onlayn hasbara operatsiyalarini amalga oshirgani uchun maxsus stipendiyalar taklif qilishgacha bordi.
7 oktabr voqealaridan so‘ng Isroilning raqamli targ‘ibot infratuzilmasi ham ko‘lam, ham murakkablik jihatidan keskin sakrashni boshdan kechirdi.
Jamoatchilik fikrini shakllantirish va hasbara operatsiyalari uchun ajratilgan davlat budjeti 2023 yilgacha bo‘lgan davrga nisbatan qariyb yigirma barobarga oshib, 2025 yilda 150 million dollarga yetdi.
2026 yilga kelib esa Isroil o‘z raqamli targ‘ibot apparatiga misli ko‘rilmagan mablag‘ — 730 million dollar yo‘naltirishini e’lon qildi. Tashqi ishlar vazirligi hamda Diaspora ishlari vazirligi tarkibida maxsus muvofiqlashtiruvchi bo‘linmalar tashkil etildi.
LAPAM nomi bilan tanilgan Isroil hukumatining reklama agentligi 2024 yil davomida taxminan 2000 ta reklama e’lon qilgan bo‘lsa, 2025 yilning dastlabki sakkiz yarim oyi ichida bu ko‘rsatkich 4000 dan oshdi. E’tiborlisi, bu reklamalarning teng yarmi xalqaro auditoriyaga qaratilgan edi.
Bu ma’lumotlar ommaga oshkor bo‘lar ekan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkda bir guruh yahudiy-amerikalik inflyuenserlar (tarmoq faollari va blogerlar) bilan uchrashib, ularga aniq bir chaqiriqni yetkazdi: «Biz bu raqamli maydonda, ijtimoiy tarmoqlarda albatta javob zarbasini berishimiz kerak».
Turkiya misoli
Isroil olib borayotgan raqamli urushning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — maqsadli auditoriyaga uning o‘z ona tilida murojaat qilish strategiyasidir. Bu taktika, ayniqsa, Isroil bilan diplomatik munosabatlari o‘ta keskinlashgan mamlakatlarga nisbatan qo‘llanilganda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
2025 yilning mart oyida Isroil harbiylari «X» va «Telegram» platformalarida turk tilidagi rasmiy sahifalarini ishga tushirdi. Mazkur sahifalarning muqova suratida Isroil va Turkiya bayroqlari fonida yonma-yon turib harbiycha salom berayotgan Isroil askarlari aks ettirilgan edi.
7 октабр voqealaridan so‘ng Turkiya va Isroil munosabatlari chuqur inqirozga yuz tutgan bir paytda, Isroil armiyasining aynan turk tilida kanal ochish qarori hech qanday xayrixohlik ishorasi emasdi. Aksincha, bu ochiqdan-ochiq jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish operatsiyasi ekanidan dalolat beradi. Zero, Turkiya Isroilga nisbatan keng qamrovli savdo cheklovlarini joriy qilgan, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa xalqaro maydonda Isroilni eng keskin va izchil tanqid qiluvchi yetakchilardan biri sifatida namoyon bo‘lgan edi.
Shuningdek, o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Israel Kats tomonidan «X» tarmog‘ida Erdo‘g‘onga qarata yozilgan postlar xalqaro ilmiy doiralarda «raqamli diplomatiya va diplomatik inqiroz» mavzusi doirasida tadqiqotchilarning e’tiborini torta boshladi. Katsning vizual materiallar bilan boyitilgan tvitlari provokatsion raqamli diplomatiyaning yaqqol namunasi sifatida tarixga kirdi — bunda bir davlat vaziri ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqa bir suveren davlat rahbarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tajovuzkorlik bilan nishonga olgan edi.
Isroil armiyasining o‘nlab tillarda faol ijtimoiy tarmoq sahifalarini yuritishi hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydi: bu shunchaki tasodif emas, balki sanoat miqyosida amalga oshirilayotgan, markazdan turib muvofiqlashtiriladigan maqsadli strategik harakatdir.
G‘azo voqeligi va soxta talqinlarning barbod bo‘lishi
Biroq barcha resurslari va mukammalligiga qaramay, Isroilning raqamli targ‘ibot mashinasi jiddiy to‘siqlarga duch keldiki, bu to‘siqlar chuqurroq o‘rganishga arziydi.
Birinchisi — real voqelikni inkor etib bo‘lmaydi. Talqin qanchalik kuchli bo‘lmasin, u haqiqatni to‘liq yashira olmaydi. G‘azodagi o‘lim va vayronagarchiliklar ko‘lami shu qadar keng ediki, bu Isroil «hasbarasi» saqlab qolishga uringan bir yoqlama hikoyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba beruvchi real voqelikni yuzaga keltirdi.
Qo‘lida smartfoni bor falastinliklar voqea joyida aslida nimalar bo‘layotganini millionlab odamlarga real vaqt rejimida uzatishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi to‘siq — ishonchning yo‘qolishi. Muntazam berilayotgan bayonotlar yolg‘on yoki o‘ta bo‘rttirilgan bo‘lib chiqavergach, manbaning ishonchliligi ham shunga mos ravishda qulaydi.
Dastlab Isroil manbalariga qattiq tayangan ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalari keyinchalik o‘z xabarlariga tuzatishlar kiritishga majbur bo‘ldi. Bu esa tanqidiy fikrlovchi auditoriyani taqdim etilayotgan ma’lumotlarga avvalgidan-da kuchliroq shubha bilan qarashga undadi.
Uchinchi to‘siq esa xalqaro huquqiy jarayonlar ortidan paydo bo‘ldi. BMTning Xalqaro sudi va Xalqaro jinoiy sud tomonidan egallangan qat’iy pozitsiya raqamli manipulyatsiya huquqiy voqelikni o‘zgartira olmasligini aniq ko‘rsatib berdi.
Eng kutilmagan holat shu bo‘ldiki, raqamli kontentning sud materiallariga dalil sifatida kiritilishi «hasbara» kampaniyalari o‘zlari himoya qilishi kerak bo‘lgan manfaatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi ishlaydigan ashyoviy dalillarni o‘z qo‘li bilan yaratib berganini anglatar edi.
«Hasbara»ning raqamli davrdagi ko‘rinishi davlatlar axborotni qanday qilib qurolga aylantirishi mumkinligi bo‘yicha eng yaxshi hujjatlashtirilgan amaliy misol bo‘lib xizmat qiladi.
Sovuq urush davridagi radio targ‘ibotidan farqli o‘laroq, anchagina shaxsiylashtirilgan, ko‘lami tez kengayadigan va shaffofligi o‘ta past darajada ishlaydigan ushbu yondashuv xalqaro kommunikatsiya muhiti uchun jiddiy va muttasil o‘sib borayotgan muammoni keltirib chiqarmoqda.
Mazkur operatsiyalar atrofidagi siyosiy va axloqiy bahslarni bir chetga surib qo‘yganda ham, barcha uchun umumiy bo‘lgan bitta xulosa yuzaga chiqadi: ijtimoiy tarmoqlarda biz iste’mol qilayotgan kontentni kim, qanday maqsadda va kimning moliyaviy ko‘magida yaratganini so‘roq ostiga olish endi shunchaki ixtiyoriy tanlov emas. Bu — hayotiy zaruratdir.





