Logo

Moskva «TRIPP» loyihasi bo‘yicha ogohlantirdi: «Tramp yo‘li» O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Бугун 10:106 дақиқа

Mariya Zaxarova Rossiya va Eron manfaatlari inobatga olinmasa, loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchrashini aytdi. Armaniston esa allaqachon amaliy bosqichni boshlagan.

Moskva «TRIPP» loyihasi bo‘yicha ogohlantirdi: «Tramp yo‘li» O‘zbekiston uchun nimani anglatadi? © Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 26-noyabr kuni AQSH va Armaniston hamkorligida amalga oshirilayotgan «TRIPP» transport loyihasi yuzasidan ogohlantirish bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, loyihada Rossiya va Eron manfaatlari hisobga olinishi shart — aks holda tashabbus mintaqada yangi ajratuvchi chiziqlarni yuzaga keltirib, barbod bo‘lishi mumkin.

Moskvaning bu bayonoti loyihaning amaliy bosqichi boshlangani va uni boshqaradigan kompaniyani tashkil etish bo‘yicha kelishuv ma’qullangani haqidagi xabarlar fonida yangradi. Shunga qaramay, «TRIPP» hali to‘liq ishga tushgan transport yo‘lagi emas: hozircha tashkiliy masalalar hal etilmoqda, qurilishga tayyorgarlik va loyihalash ishlari davom etyapti.

Moskva qanday xavflardan xavotirda?

26-noyabrdagi brifingda Mariya Zaxarova Moskva «TRIPP» loyihasi atrofidagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus yuzasidan hali javobini kutayotgan savollar bor.

Zaxarova bu loyiha mohiyatan Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirokida avval ishlab chiqilgan uch tomonlama transport-iqtisodiy aloqalarni ochish mexanizmiga o‘xshashini qayd etdi. O‘sha muzokaralarda Ozarboyjonning asosiy hududi bilan Naxichevan avtonom respublikasi o‘rtasidagi aloqani tiklashdan tashqari, Armaniston temiryo‘l tarmog‘ini Turkiya, Eron va Rossiya yo‘nalishlarida ochish masalasi ham ko‘rib chiqilgan edi.

Rossiya TIV vakilining fikricha, «TRIPP» tashabbusida qurilish muddatlari, infratuzilmadan foydalanish shartlari va yuk tashish istiqbollari hamon noaniqligicha qolmoqda. U Eron tomoni ham loyihani tanqid qilayotganini eslatib o‘tdi.

«Tramp yo‘li»ga nisbatan, ayniqsa, eronlik hamkorlarimiz tomonidan allaqachon tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Eronning shimoliy chegarasida Amerika harbiy kuchlarining har qanday jismoniy ishtiroki Tehron aslo qabul qilmaydigan holatdir. Biz loyihani amalga oshirishda mamlakatimiz manfaatlari, qolaversa, bu haqda ochiq bayonot berayotgan Eronning ham manfaatlari e’tibordan chetda qolmasligini prinsipial jihatdan muhim deb hisoblaymiz», — deya ta’kidladi Zaxarova.

«TRIPP» qanday loyiha va u qayerdan o‘tadi?

«TRIPP» — inglizcha «Trump Route for International Peace and Prosperity» iborasining qisqartmasi bo‘lib, «Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li» degan ma’noni beradi. Loyiha Ozarboyjonning asosiy hududini Armaniston orqali Naxichevan avtonom respublikasi bilan bog‘lash, shuningdek, mintaqada transport va energetika aloqalarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Tashabbusning siyosiy asosi 2025 yil 8-avgustda Vashingtonda erishilgan kelishuvlarga borib taqaladi. O‘shanda AQSH prezidenti Donald Tramp guvohligida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qo‘shma deklaratsiya imzolagan edi.

Hujjatning uchinchi bandida ikki davlat o‘rtasida ichki, ikki tomonlama va xalqaro transport aloqalarini ochish muhimligi belgilangan. Unda Ozarboyjonning asosiy qismi bilan Naxichevan o‘rtasida Armaniston hududi orqali to‘siqsiz aloqani yo‘lga qo‘yish, ayni paytda Armaniston uchun ham ichki va xalqaro transport imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.

To‘rtinchi bandga muvofiq, Armaniston «TRIPP» loyihasi bo‘yicha AQSH va o‘zaro kelishilgan uchinchi tomonlar bilan hamkorlik qilishi lozim. Deklaratsiyada bu jarayon davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va yurisdiksiyasini hurmat qilish tamoyili asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi uchun imkoniyat

«TRIPP» shunchaki avtomobil yo‘lagi emas. 2026 yil 14-yanvarda Armaniston va AQSH hukumatlari loyihani amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi hujjatni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, «TRIPP» Armaniston hududida multimodal transport aloqasini yo‘lga qo‘yishi, Ozarboyjonning asosiy qismi bilan Naxichevanni bog‘lashi hamda Transkaspiy savdo yo‘nalishining muhim bo‘g‘iniga aylanishi kerak. Hujjatda Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini Yevropa bilan bog‘laydigan yangi tranzit imkoniyatlarini yaratish ham asosiy maqsadlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Shu doirada temiryo‘l, avtomobil yo‘llari, elektr uzatish tarmoqlari, neft va gaz quvurlari, shuningdek, optik tolali aloqa infratuzilmasini barpo etish imkoniyatlari qayd etilgan. Loyihaning aniq hududlari va infratuzilma tarkibi keyingi texnik va loyihalash ishlari jarayonida belgilanadi.

Shu jihatdan, «TRIPP» faqat Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi aloqani tiklash emas, balki Kaspiy orqali o‘tadigan savdo yo‘llarini Yevropa bilan tutashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli infratuzilma tashabbusi sifatida taqdim etilmoqda.

Loyihani kim boshqaradi?

«TRIPP» atrofidagi eng muhim savollardan biri — infratuzilma va boshqaruv kimning qo‘lida bo‘lishi. Armaniston va AQSH bu masalaga 2026 yil 26-mayda e’lon qilingan kelishuvda aniqlik kiritgan.

Unga ko‘ra, loyihani yuritish uchun Armanistonda «TRIPP Development Company» qo‘shma korxonasi tuziladi. Kompaniyaning 74 foiz ulushi AQSHga, 26 foizi esa Armanistonga tegishli bo‘ladi. Amerika tomonining ulushi AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi — «DFC»ga to‘liq qarashli sho‘’ba kompaniya orqali boshqariladi.

Kelishuvga binoan, kompaniyaga dastlabki 49 yilga loyiha hududlaridan foydalanish va infratuzilmani rivojlantirish huquqi beriladi. Tomonlar o‘zaro kelishib bu muddatni yana 50 yilga uzaytirsa, Armanistonning ulushi 49 foizgacha oshadi.

Kelishuvda Armaniston o‘z hududidagi «TRIPP» infratuzilmasi ustidan suverenitet va yurisdiksiyani to‘liq saqlab qolishi belgilangan. Chegara nazorati, bojxona, migratsiya, huquq-tartibot, milliy xavfsizlik va soliq yig‘imlari Armaniston davlat organlari ixtiyorida qoladi.

Kelishuv ma’qullandi, ammo kompaniya hali ish boshlagani yo‘q

Loyihaning amaliy bosqichiga o‘tishdagi navbatdagi qadam 26-noyabr kuni tashlangan: Armaniston hukumati «TRIPP Development Company» aksiyadorlari o‘rtasida imzolanadigan kelishuvni ma’qulladi.

Bosh vazir matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujjat kompaniyaning boshqaruv tamoyillari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, investorlarni tanlash hamda konsessiyalarni boshqarish tartibini belgilaydi.

Nikol Pashinyan kelishuv matni tayyorligini va uni bir hafta ichida imzolash rejalashtirilayotganini bildirdi. Shundan so‘ng kompaniya Armanistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, faoliyatini boshlaydi.

Eronning xavotirlari va AQSH harbiylari masalasi

«TRIPP» loyihasiga nisbatan e’tirozlar faqat Rossiyadan chiqayotgani yo‘q. Eron ham tashabbusning mintaqadagi geosiyosiy muvozanatga ta’siri va AQSHning ehtimoliy harbiy ishtiroki yuzasidan xavotir bildirgan.

9-noyabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Esmail Baqoiy Tehron transport aloqalarining ochilishini qo‘llab-quvvatlashini, ammo bu jarayon mintaqaning geosiyosiy holatini o‘zgartirmasligi shartligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston tomoni mamlakat hududida AQSH harbiylari joylashtirilmasligi va loyihani Armaniston kompaniyalari amalga oshirishi haqida Tehronga kafolat bergan. Shunga qaramay, Eron jarayonni yaqindan kuzatib borishini bildirgan.

Armaniston bosh vaziri ham 2026 yil avgustida «TRIPP» doirasida xorijiy harbiy yoki qurolli kuchlar ishtiroki ko‘zda tutilmaganini ta’kidlagan edi.

Bundan tashqari, AQSH va Armaniston o‘rtasidagi kelishuvda xavfsizlik, chegara va bojxona nazorati Armaniston ixtiyorida qolishi mustahkamlab qo‘yilgan. Infratuzilma xavfsizligi rejalari Armaniston tomonidan tasdiqlanadi.

«TRIPP» O‘zbekiston uchun nimani anglatishi mumkin?

Loyihaning O‘zbekiston uchun ahamiyati Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini Yevropa bilan bog‘lash rejalariga borib taqaladi. Armaniston va AQSHning 2026 yil yanvardagi hujjatida ham bu yo‘nalishda yangi tranzit imkoniyatlarini yaratish asosiy maqsadlardan biri sifatida qayd etilgan.

Agar «TRIPP» amalga oshsa, mintaqaviy transport tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash uchun yangi imkoniyat ochiladi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun Kaspiy orqali Kavkaz va Yevropa bozorlariga chiqish yo‘llarini kengaytirish nuqtai nazaridan muhim.

Теглар

Мавзуга оид