Murojaatlar bo‘yicha qonunchilik talabini buzganlarga jazo kuchaytiriladi
Murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga ko‘rib chiqish uchun yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora ko‘rilishi belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Xalq qabulxonalari bo‘yicha yangi chora-tadbirlar
Unga ko‘ra, Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirilgan.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oyda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazib, ijrosini nazorat qiladi. Odamlar kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli masalalar bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritadi.
Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Ko‘tarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi. Xalq qabulxonalariga murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish vakolati beriladi.
Kommunikatsiyalar departamentiga murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha davlat idoralari reytingini yo‘lga qo‘yish va har olti oyda e’lon qilib borish topshirildi. Bosh prokurorning komplayens bo‘yicha o‘rinbosari oldiga bu boradagi barcha topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.
Murojaatlar bilan ishlashda «mahalla yettiligi»ning mas’uliyati oshiriladi
Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi. Uni yuritishga yoshlar yetakchisi bilan mahalla raisi mas’ul bo‘ladi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini o‘rganib, kunlik ma’lumotlarni hokimlarga taqdim qilib boradi.
Mutasaddilarga «Raqamli mahalla» tizimini Prezident Virtual qabulxonasiga to‘liq integratsiya qilish topshirildi.
Bundan buyon murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga ko‘rib chiqish uchun yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora ko‘rilishi belgilandi.
Murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo ham kuchaytiriladi.
Doimiy sotsiologik tahlillar o‘tkaziladi
Prezident Mirziyoyev bugun ijtimoiy-sotsiologik tadqiqot natijalari davlat siyosati va islohotlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois, sotsiologiya fan sifatida qayta tiklandi, oliygohlarda sotsiologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida ijtimoiy-sotsiologik tadqiqotlar ko‘lami va sifati oshiriladi.
Endilikda bir martalik so‘rovlar emas, balki qayerda ishonch ortayotgani, qayerda zaiflashgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani bo‘yicha doimiy ravishda monitoring va tahlillar o‘tkaziladi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingi metodologiyasini ishlab chiqib, tahlillar asosida reytingni shakllantirish va muntazam ravishda prezidentga kiritib borish topshirildi.
Ijro intizomi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Berilgan har bir topshiriqning real ijro holati bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatish, mas’uliyatni his qilmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar bo‘yicha tanqidiy, ochiq va xolis axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.





