Naqdsiz bosqichda yirik pul aylanishi: karta avtomatik bloklanadimi?

26.02.2026 | 12:352 дақиқа

Apreldan naqdsiz to‘lovlar kengayishi ortidan kartalar orqali yirik mablag‘ aylanishi oshadi. Natijada banklarning mavjud monitoring tizimlari yirik tranzaksiyalarni yanada nazorat qila boshlaydi.

Naqdsiz bosqichda yirik pul aylanishi: karta avtomatik bloklanadimi?

2026 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda qator to‘lovlar bo‘yicha naqd pulda hisob-kitob qilishga to‘liq chek qo‘yiladi. Yangi tartibga ko‘ra, ushbu mahsulot va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov ilovalari yoki QR-kod orqali amalga oshiriladi.

Bu jarayon, tabiiyki, bank kartalari orqali tranzaksiyalar hajmini keskin oshiradi. Shu sharoitda jamoatchilik orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri — katta miqdordagi mablag‘ aylanmasi sabab karta bloklanishi mumkinmi, degan savoldir.

Aslida bank tizimidagi ichki nazorat mexanizmlari yangilik emas. Ular jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash doirasida yillar davomida amal qilib keladi, ya’ni ichki nazorat qoidalari avvaldan mavjud. Naqdsiz bosqichga o‘tilishi bilan bu qoidalar kuchaytirilmaydi. Biroq operatsiyalar soni va hajmi oshgani sari monitoring tizimlarining “ko‘rinishi” kuchayadi.

Amaldagi mezonlarga ko‘ra, agar mijoz 30 kun ichida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga — taxminan 206 mln so‘mga teng yoki undan ortiq mablag‘ni boshqa kartalarga yoki elektron hamyonlarga o‘tkazsa yoxud shuncha mablag‘ni qabul qilsa, operatsiya avtomatik tarzda monitoringga tushadi. Bu bloklash emas, balki risk tahlili jarayonining boshlanishidir.

Yana bir e’tiborli jihat — ko‘p sonli kartalar ishtirok etgan tranzaksiyalar. Masalan, 5 ta va undan ortiq kartalardan bitta xorijiy elektron hamyonga mablag‘ o‘tkazilishi yoki aksincha, bitta xorijiy hamyondan 5 ta va undan ortiq kartalarga pul kelib tushishi risk indikatorlaridan biri hisoblanadi. Xuddi shunday, bitta karta orqali qisqa muddatda bir nechta xorijiy moliyaviy instrumentlar bilan operatsiya qilish ham tizim e’tiboriga tushadi.

Bunday holatlarda ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29-iyundagi 402-son qarori asosida vakolatli organlarga yuboriladi. Biroq muhim nuqta shundaki, banklar kartalarni avtomatik bloklamaydi. Avvalo operatsiya mazmuni o‘rganiladi, zarur bo‘lsa mijozdan mablag‘ manbasini tasdiqlovchi hujjatlar so‘raladi. Operatsiya qonuniy bo‘lsa, cheklov qo‘llanmaydi.

Shu bilan birga, shubhali operatsiyalar muntazam takrorlansa, mijoz yuqori riskli toifaga kiritilishi mumkin. Bu esa qo‘shimcha tekshiruvlar va hatto xizmat ko‘rsatish shartnomasining bir tomonlama bekor qilinishiga olib kelishi ehtimoldan holi emas.

Xulosa qilib aytganda, naqdsiz bosqich karta bloklanish xavfini ommaviy hodisaga aylantirmaydi. Ammo moliyaviy shaffoflik talablari kuchayib borayotgan bir paytda, yirik va tizimli tranzaksiyalar har doim nazorat markazida bo‘lishi aniq.

Теглар

Мавзуга оид