Logo

Narxlar osmonga sapchimoqda: Eron bilan urush oddiy amerikaliklarning cho‘ntagiga qanday zarba berdi?

Eron bilan uzoq davom etayotgan mojaro oddiy amerikaliklar uchun kutilmagan va og‘ir iqtisodiy zarba bo‘ldi. Oilalarning kundalik xarajatlari shiddat bilan ortib bormoqda. Xususan, benzin, oziq-ovqat va aviachiptalar narxi keskin ko‘tarilib ketdi.

Narxlar osmonga sapchimoqda: Eron bilan urush oddiy amerikaliklarning cho‘ntagiga qanday zarba berdi? © natemat.pl

Qimmatga tushgan zanjirli reaksiya

Braun universiteti qoshidagi Uotson Xalqaro va jamoatchilik bilan aloqalar maktabining hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron bilan ehtimoliy urush Amerika iqtisodiyotiga 41,5 milliard dollar zarar keltirgan. Boshqacha qilib aytganda, AQSHdagi har bir oila o‘rtacha 316 dollardan yo‘qotgan.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, amerikaliklar tom ma’noda «moliyaviy stressga botib qolgan». Bunga oziq-ovqat, turli mahsulot va xizmatlar narxining shiddat bilan oshib ketishi sabab bo‘lmoqda.

Inflatsiyaning bu qadar tezlashishiga asosiy sabab esa — neft narxining qimmatlashganidir. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi fonida neft kotirovkalari keskin ko‘tarildi. Yaqin Sharqdagi mojaroga qadar ushbu bo‘g‘oz orqali jahondagi neft va tabiiy gaz ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tar edi. Bunday hayotiy muhim suv yo‘lining yopilishi jahon bozorini arzon narxlarni ushlab turgan barqarorlik zaxirasidan mahrum qildi.

«Qora oltin» ortidan benzin narxi ham hamma joyda ko‘tarilib ketdi. Donald Tramp saylovoldi va’dalarini yog‘dirayotgan bir paytda, Amerika yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar psixologik chegaradan ham oshdi.

Amerika avtomobil assotsiatsiyasi (AAA) xabariga ko‘ra, 17-may kuni AQSHda yoqilg‘i narxi bir gallon uchun 4,51 dollargacha ko‘tarilgan. Bu «Katta yettilik» (G7) mamlakatlari orasidagi eng keskin o‘sish ko‘rsatkichidir. Eng qimmat benzin Kaliforniyada qayd etildi — bir galloniga 6,16 dollar. Taqqoslash uchun: Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlanishidan avval mamlakat bo‘yicha o‘rtacha narx bir gallon uchun 2,98 dollarni tashkil etar edi.

Dizel yoqilg‘isi ham undan qolishmayapti — galloniga 5,65 dollar.

Bojlardan tortib bo‘g‘oz qamaligacha

Ayni paytda amerikaliklarning kundalik xarajatlari faqatgina benzinning qimmatlashishi bilan cheklanib qolmayapti.

«Yoqilg‘i narxining ko‘tarilishi logistika va ta’minot zanjirlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Transport xarajatlarining ortishi esa oziq-ovqatdan tortib sanoat mahsulotlarigacha bo‘lgan barcha tovarlarning yakuniy narxida muqarrar aks etadi. Ayniqsa, xomashyo yoki butlovchi qismlar importiga qattiq qaram bo‘lgan tarmoqlar ko‘proq zarar ko‘rmoqda. Ta’minotdagi har qanday uzilish yoki tashish xizmatlarining qimmatlashishi darhol mahsulot narxi oshishiga olib keladi», — deydi «AMarkets» tahlilchisi Igor Rastorguyev «TRT» nashriga.

Shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi keng ko‘lamli tovarlar taqchilligini ham keltirib chiqardi. Masalan, dunyodagi mineral o‘g‘itlarning qariyb uchdan bir qismi aynan Basra ko‘rfazi mintaqasida ishlab chiqariladi. Hozir ular jahon bozoriga chiqa olmayapti, ishlab chiqarish hajmining bir qismi esa umuman to‘xtatilgan. Bu esa o‘z navbatida o‘g‘itlar narxining oshishiga olib keldi va ushbu holat eng avvalo jahonda don yetishtirish sohasiga jiddiy zarba bermoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishining oqibatlari Amerika do‘konlari peshtaxtalarida allaqachon sezilmoqda. «Oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 5–10 foizga qimmatlashdi», — deydi ekspert.

Darvoqe, AQSHda inflatsiya Eron bilan ehtimoliy urushdan oldinroq tezlashib ketgan edi. Bunga Donald Trampning keskin savdo bojlari o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Yaqin Sharqdagi mojaro esa shunchaki vaziyatni yanada og‘irlashtirdi, xolos.

«Benzin va ichki aviaparvozlar sezilarli darajada qimmatlashdi. Bizga buning sababini Eron bilan bog‘liq vaziyat bilan izohlashyapti. Vaholanki, bungacha AQSHda barcha ishlab chiqarish mahalliy ekani va importga tobe emasligi uqtirilar edi. Boshqa tovarlar esa odatdagidek qimmatlashishda davom etyapti», — deydi xyustonlik fuqaro nashr suhbatda.

Odatdagidek, oziq-ovqat narxlari ortidan xizmatlar ham qimmatlashdi. Xususan, aprel oyida xizmatlar ketma-ket uchinchi oy 0,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, uy-joy va kommunal xizmatlar narxi 0,6 foizga oshdi.

Shiddat bilan o‘sayotgan inflatsiya oddiy amerikaliklarni o‘z jamg‘armalariga qo‘l urishga majbur qilmoqda. Aprel oyida aholining mablag‘ jamg‘arish darajasi 2,6 foizgacha tushib ketdi. Bu 2022 yilning iyunidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir (mart oyida bu raqam 3,2 foizni tashkil etgan edi).

Bundan tashqari, inflatsiyani hisobga olganda, Amerika oilalarining real daromadlari yana 0,5 foizga kamaydi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro cho‘zilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzit tiklanmasa, neft narxi muttasil o‘sishda davom etadi.

«Qora oltin bahosining har 10 dollarga qimmatlashishi umumiy iste’mol narxlari indeksiga 0,4 foiz punktini qo‘shishi mumkin. Shu sababli bir gallon benzinning 4,5 dollardan, dizel yoqilg‘isining esa 5,65 dollardan oshib ketishi mutlaqo real holatdek ko‘rinmoqda», — deb hisoblaydi Rastorguyev.

Ekspertning tushuntirishicha, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy beqarorlik energetika bozorlarida katta noaniqlikni yuzaga keltirmoqda. Investorlar neft narxiga ehtimoliy xavf-xatarlar uchun ustama qo‘shmoqda va bu bozordagi tebranishlarni (volatillikni) yanada kuchaytiryapti.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlarning o‘zida ham yoqilg‘i zaxiralari tobora kamayib bormoqda. «Morgan Stanley» hisob-kitoblariga ko‘ra, avgust oyining oxiriga borib AQSHda benzin zaxirasi 200 million barrelgacha tushib ketishi mumkin. Bu esa narxlarning yanada ko‘tarilishiga turtki bermoqda.

Bu jarayonda ichki muammolar ham muhim rol o‘ynayapti. Masalan, AQSHdagi neftni qayta ishlash zavodlarida kuzatilayotgan uzilishlar yoqilg‘i taklifini cheklab, uning yanada qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti.

Yoz faslida bunga mavsumiy omillar ham qo‘shiladi. Odatda, avtomobilda sayohat qiluvchilar ko‘payishi hisobiga benzinga bo‘lgan talab ortadi va bu o‘z-o‘zidan narxlarning ko‘tarilishiga olib keladi.

Bundan tashqari, Eron bilan mojaroga sarflanayotgan harbiy xarajatlar Amerika budjeti taqchilligini oshirmoqda. Bu esa zanjirli reaksiyani ishga tushirib, davlat qarzining o‘sishiga olib keladi va AQSH iqtisodiyotiga qo‘shimcha bosim yaratadi.

Biroq, inflatsiyani jilovlab turishga qodir omillar ham yo‘q emas. Masalan, neftning yuqori narxi uzoq muddatda AQSHda slanetsli neft qazib olishni rentabelli qilishi mumkin. Shu tariqa ichki bozorda taklif ortadi va vaziyat barqarorlashadi. Qolaversa, Federal zaxira tizimi ham o‘zining samarali siyosati orqali narxlar o‘sishini cheklash salohiyatiga ega.

Eng asosiysi, Yaqin Sharqdagi mojaroning tezroq hal etilishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzitning qayta tiklanishi narxlarga bo‘layotgan bosimni sezilarli darajada yumshatadi. 

Теглар

Мавзуга оид