«O‘q uzmasdan olib borilgan urush»: AQSH Eronni iqtisodiy tuzoqqa tushirdi

13.02.2026 | 21:127 дақиқа

Erondagi qonli namoyishlar va riyolning rekord darajadagi qadrsizlanishi tasodif emas, balki AQSH hukumatining puxta o‘ylangan strategiyasi bo‘lib chiqdi.

«O‘q uzmasdan olib borilgan urush»: AQSH Eronni iqtisodiy tuzoqqa tushirdi

AQSH G‘aznachilik vaziri Skott Bessent kutilmagan iqror bilan chiqdi. Vashington Eron milliy valutasi — riyolni qadrsizlantirish va xalqni namoyishlarga undash uchun mamlakatda dollar tanqisligini sun’iy ravishda yuzaga keltirgan.

Dekabr va yanvar oylarida Eron 1979 yilgi Islom inqilobidan keyingi eng yirik hukumatga qarshi namoyishlarga duch keldi. Bunga mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy inqiroz sabab bo‘ldi.

Eronda narxlarning keskin ko‘tarilishi ortidan noroziliklar boshlandi. 2025 yil dekabr oyi oxirida riyol dollarga nisbatan rekord darajada qadrsizlanib ketdi. Shundan so‘ng, 28-dekabr kuni Tehrondagi do‘kon egalari o‘z rastalarini yopib, namoyishga chiqdi. Keyinchalik norozilik to‘lqini Eronning boshqa hududlariga ham yoyildi.

Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xominaiy hukumati namoyishlarni kuch bilan bostirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hukumatning keskin choralar ko‘rishi natijasida 6 800 dan ortiq namoyishchi, jumladan kamida 150 nafar bola halok bo‘lgan.

Xo‘sh, Vashington Eron riyolini inqirozga uchratgan bu «dollar tanqisligi»ni qanday amalga oshirdi? Bu Eron xalqiga qanday ta’sir o‘tkazdi?

1

«Dollar tanqisligi» nima o‘zi?

«Dollar tanqisligi» deganda, biror mamlakatning dunyoning boshqa davlatlaridan o‘zi uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni sotib olishga yetarli miqdorda AQSH dollariga ega emasligi tushuniladi.

AQSH dollari jahon savdosida, ayniqsa neft, texnika sotib olish va qarzlarni qaytarishda ishlatiladigan asosiy valuta hisoblanadi. Shu sababli, mamlakatlar ushbu valutaning doimiy zaxirasiga muhtoj bo‘ladi.

Agar eksport hajmi kamaysa va sanksiyalar tufayli AQSH moliya tizimidan foydalanish imkoniyati yopilsa, dollar taqchil bo‘lib qolishi mumkin. Buning oqibatida mahalliy valuta qadrsizlanadi, chetdan keltiriladigan tovarlar narxi oshadi va inflatsiya kuchayadi.

Germaniyaning Marburg universiteti iqtisodchisi Muhammad Rizo Farzaneganning so‘zlariga ko‘ra, Erondagi «dollar tanqisligi» xorijiy valuta oqib keladigan ikkita asosiy yo‘lni — neft eksporti va xalqaro bank tizimidan foydalanishni bir vaqtda to‘sib qo‘yish orqali sun’iy ravishda yaratilgan. AQSH Eron neftiga sanksiyalar joriy etish orqali uni sotib olgan yoki sotgan har qanday tomon jazolanishini e’lon qilgan.

Eron iqtisodiyotining neftga bog‘liqligi sababli, neft savdosiga qo‘yilgan cheklovlar og‘ir valuta tanqisligini yuzaga keltirishi mumkin.

«AQSH Eron bilan dollar orqali savdo qiladigan har qanday global tashkilotga ikkinchi darajali sanksiyalar bilan tahdid qilish orqali Eronning chet eldagi mavjud zaxiralarini bloklab qo‘ydi va ichki bozorga yangi dollarlar kirishiga yo‘l bermadi», — deydi Farzanegan Al Jazeera nashriga bergan intervyusida.

2

AQSH G‘aznachilik vaziri Skott Bessent nimalarni ma’lum qildi?

O‘tgan hafta Kongressdagi eshituvlarda Eron bilan bog‘liq savollarga javob berar ekan, G‘aznachilik vaziri Bessent Eron valutasini qadrsizlantirishga qaratilgan AQSH strategiyasini bayon qildi.

«Biz G‘aznachilik vazirligi orqali mamlakat ichkarisida dollar tanqisligini yuzaga keltirdik», — dedi Bessent.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu strategiya dekabr oyida o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetgan: o‘shanda Erondagi eng yirik banklardan biri bankrot bo‘lgan, milliy valuta keskin qadrsizlangan, inflatsiya shiddat bilan o‘sgan va natijada xalq namoyishlarga chiqqan.

«Biz Eron rahbariyati pullarni mamlakatdan vahima ichida olib chiqib ketayotganini ko‘rdik. Kalamushlar kemani tark etmoqda — bu esa ular uchun yakun yaqinligini anglatuvchi yaxshi belgidir», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Bundan avvalroq, o‘tgan oyda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida Fox News kanaliga bergan intervyusida Bessent AQSH sanksiyalari namoyishlarda qanday rol o‘ynaganini tushuntirib bergan edi.

«Prezident Tramp G‘aznachilikka Eronga maksimal darajada bosim o‘tkazishni buyurdi va bu o‘z samarasini berdi. Chunki dekabrda ularning iqtisodiyoti barbod bo‘ldi. Ular chetdan mahsulot keltira olmay qolishdi, xalq ham aynan shu sababli ko‘chalarga chiqdi», — dedi u.

Har ikki holatda ham Bessent o‘tgan yilning mart oyida Nyu York Iqtisodiy klubida so‘zlagan nutqiga ishora qilgan. O‘shanda u Oq uy Donald Trampning «maksimal bosim» kampaniyasi yordamida Eron iqtisodiyotini qanday qilib qulatishni rejalashtirayotganini ochiqlagan edi.

O‘sha chiqishida Bessent AQSH «Eronning neft yetkazib berish zanjiridagi barcha bosqichlarni nishonga olgan holda, eksport infratuzilmasiga qarshi sanksiyalar kampaniyasini kuchaytirganini» hamda mamlakatni xalqaro moliya tizimidan uzib qo‘yish uchun xususiy sektor bilan faol ish olib borilganini ta’kidlagan edi.

3

Dollar tanqisligi Eronga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

2026 yilning yanvar oyiga kelib, Eron riyoli bir dollar uchun 1,5 million ko‘rsatkichiga tushib ketdi. Taqqoslash uchun: bir yil avval, ya’ni 2025 yilning yanvarida bu ko‘rsatkich 700 ming, o‘sha yilning o‘rtalarida esa 900 ming atrofida edi. Milliy valutaning bunday qulashi shiddatli inflatsiyani keltirib chiqardi — oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 72 foizga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida, ya’ni 2018 yilda Eronning yadroviy dasturini cheklash evaziga sanksiyalarni yumshatishni ko‘zda tutuvchi «Birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasi»dan chiqqan edi. Prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng esa u Eron iqtisodiyotini butkul falaj qilish hamda Tehronni yadroviy va mintaqaviy siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majburlash uchun «maksimal bosim» kampaniyasini yanada kuchaytirdi. O‘tgan oyda Tramp Eron bilan hamkorlik qilayotgan davlatlar uchun 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi.

Iqtisodchi Farzaneganning tushuntirishicha, AQSH dollar tanqisligini yuzaga keltirish orqali Eronni xalqaro moliya tizimidan uzib qo‘yib, mamlakatni og‘ir «import qisqarishi» holatiga tushirgan. Natijada Eron ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va texnikalarni sotib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH strategiyasi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda. Chunki u insonparvarlik ehtiyojlariga qarshi tijorat tavakkalchiliklarini qurol sifatida ishlatadi. Oddiy qilib aytganda, Vashingtonning ushbu harakatlari tufayli xalqaro kompaniyalar uchun kichik Eron bozorida ishlash, hatto gap dori-darmon yetkazib berish haqida ketganda ham, o‘zini oqlamaydigan katta xavfga aylangan.

Farzanegan va iqtisodchi Nader Habibiy o‘tgan yili e’lon qilgan tadqiqotga ko‘ra, agar AQSHning sanksiyalari bo‘lmaganida, 2012–2019 yillar davomida Eronda o‘rta sinf vakillari salmog‘i har yili o‘rtacha 17 foizga o‘sgan bo‘lar edi. 2019 yilgi hisob-kitoblar esa sanksiyalar tufayli aholi orasida o‘rta sinf ulushi 28 foizga kamayganini ko‘rsatdi.

«Odamlar o‘z xarid qobiliyatini yo‘qotdi, yig‘ib qo‘ygan jamg‘armalari esa qog‘ozga aylandi. Bu mamlakatdagi inson kapitalining uzoq muddatli inqirozidir», — deydi iqtisodchi Al Jazeera nashriga.

AQSH sanksiyalaridan tashqari, Eron iqtisodiy tuzilmasidagi mavjud zaifliklar — uzoq yillik noto‘g‘ri boshqaruv, yuqori korrupsiya va daromadlarning faqat neftga bog‘lanib qolgani ham vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. AQSH sanksiyalari tashqi zarba bo‘lgan bo‘lsa, ichki tizimli islohotlarning yo‘qligi hukumatni ushbu zarbalarni yumshatish uchun hech qanday moliyaviy imkoniyatsiz qoldirgan.

AQSHning yakuniy maqsadi nima va u bunga erisha oladimi?

Bessentning Vashington qasddan «dollar tanqisligi»ni yuzaga keltirgani haqidagi e’tirofi AQSHning «to‘liq iqtisodiy urush» strategiyasiga o‘tganidan dalolat beradi.

«Bu — o‘q uzmasdan olib boriladigan iqtisodiy siyosatdir», — dedi Bessent o‘tgan oyda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida.

Iqtisodchi Farzaneganning fikricha, ushbu e’tirof AQSHning diplomatik obro‘siga putur yetkazishi mumkin. Konstitutsiyaviy va xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassis, AQSH bosh prokurorining sobiq yordamchisi Bryus Feyn Al Jazeera nashriga bergan intervyusida, bunday iqtisodiy tazyiq usullari Rossiya, Kuba, Shimoliy Koreya, Xitoy va Myanmaga qarshi sanksiyalarni misol qilib ko‘rsatib, «quyoshning chiqishi va botishi kabi odatiy hol» ekanini aytdi. Biroq Farzaneganning ta’kidlashicha, AQSH iqtisodiy bosim o‘tkazgan boshqa holatlardan farqli o‘laroq, Eron misoli «bosimning davomiyligi va shiddati nuqtai nazaridan noyob tajriba» hisoblanadi.

Eksport bazasi kengroq va zaxiralari ko‘proq bo‘lgan Rossiyadan farqli o‘laroq, Eron 1979 yilda oliy rahbar hokimiyat tepasiga kelganidan beri o‘nlab yillar davomida turli sanksiyalar ostida yashab kelmoqda.

«Eron sanksiyalarni chetlab o‘tishning murakkab ichki mexanizmlariga ega. Shuning uchun ham bu yerda dollar tanqisligi bir martalik zarba emas, balki uzoq davom etadigan “mushuk-sichqon” o‘yiniga o‘xshaydi», — dedi iqtisodchi.

Ayni paytda Arab dengizida AQSH floti joylashgan bir vaqtda, ikki davlat o‘rtasida keskinlikni yumshatish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. AQSH Erondan uchta asosiy narsani talab qilmoqda: yadroviy dastur doirasida uranni boyitishni to‘xtatish, ballistik raketalardan voz kechish va mintaqadagi guruhlarni qurollantirishni bas qilish.

Kuzatuvchilarning fikricha, AQSHning asl maqsadi Erondagi rejimni o‘zgartirishdir. Biroq Bryus Feynning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy sanksiyalarning o‘zi deyarli hech qachon rejimning qulashiga olib kelmagan. Rejimlar chetdan faqat harbiy kuch ishlatish orqali ag‘darilishi mumkin.

Mutaxassisning tushuntirishicha, Eron xalqining qashshoqlashuvi muvaffaqiyatli inqilob ehtimolini oshirmaydi, aksincha, kamaytiradi. Chunki bunday sharoitda odamlar uchun siyosiy islohotlar emas, balki birlamchi hayotiy ehtiyojlarni qondirish ustuvor vazifaga aylanadi.

Теглар

Мавзуга оид