Logo

O‘zbekiston Halabda o‘z Savdo uyini ochmoqchi

Бугун 17:452 дақиқа

O‘zbekiston va Suriya o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Toshkentda o‘tkazilgan biznes forumda 30 dan ortiq Suriya kompaniyasi ishtirok etdi.

O‘zbekiston Halabda o‘z Savdo uyini ochmoqchi

Toshkentda 19-sentabr kuni O‘zbekiston va Suriya o‘rtasida biznes forum hamda B2B formatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikda yangi bosqich boshlanganini qayd etdi.

Vazirning ta’kidlashicha, bir kun avval imzolangan Iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tuzish to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, tashkil etilgan Biznes kengash O‘zbekiston va Suriya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Amaliy mexanizmlar qatorida Laziz Qudratov O‘zbekistonning Halab shahridagi Savdo uyi faoliyati, o‘zaro ko‘rgazmalar o‘tkazish va qo‘shma tarmoqlararo ishchi guruh orqali hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tayyorlanishini ma’lum qildi.

«Bugungi forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralariga erishilgan kelishuvlarni aniq shartnomalar, tovar yetkazib berish va investitsiyalarga aylantirish imkonini beradi», — deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirdi palata matbuot xizmati.

30 dan ortiq Suriya kompaniyalari O‘zbekistonda

Muassasa xabariga ko‘ra, 18–19-sentabr kunlari Suriya Iqtisodiyot va sanoat vaziri Muhammad Nidal ash-Shaar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lgan.

Delegatsiya tarkibidan to‘qimachilik, farmatsevtika, agrokimyo, qurilish va energetika sohalarida faoliyat yurituvchi 30 dan ortiq yirik Suriya kompaniyalari vakillari o‘rin olgan. Ular O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalaridagi ishlab chiqarish quvvatlari va eksport salohiyati bilan tanishgan.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi va logistika kabi sohalarni qamrab olgan biznes forumda jami 200 ga yaqin tadbirkor ishtirok etgan.

Теглар

Мавзуга оид