O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv, salqin ichimliklarda markirovka kodlari o‘zaro tan olinadi

15.02.2026 | 09:002 дақиқа

2026 yil 1-iyundan O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish joriy etiladi. Bu orqali tashqi savdoda tartibni kuchaytirish va yashirin savdo aylanmasini qisqartirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv, salqin ichimliklarda markirovka kodlari o‘zaro tan olinadi

2026 yil 1-iyundan O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining raqamli markirovkalangan tovarlar harakatini takomillashtirishga qaratilgan qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, mazkur mexanizm tovar aylanmasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va noqonuniy mahsulot aylanmasiga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, tovarlarni raqamli identifikatsiya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Soliq qo‘mitasi hamkor davlatlarning raqamli markirovka kodlarini O‘zbekiston hududida tan olish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Qo‘mita 2026 yil 1-aprelga qadar axborot almashish talablarini ishlab chiqishi va xavfsizlikni ta’minlashi shart. Shuningdek, o‘zaro tan olingan xorijiy kodlarni elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa cheklarida aks ettirish imkoniyati yaratiladi.

Markirovka qoidalarini buzish holatlari soliq xavfini yuqori deb baholash uchun asos bo‘ladi. Markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Avval foydalanilgan kodlar bilan kassa cheki shakllanishiga ham cheklov joriy etiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan majburiy markirovkalanadigan tovarlarda kodlar mavjudligini nazorat qiladi hamda hamkor davlatlar bilan ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi.

«Asl belgisi» milliy axborot tizimi operatori raqamli ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash va himoya qilish uchun mas’ul bo‘ladi. O‘zbekistonda shakllantiriladigan barcha markirovka ma’lumotlari mamlakat hududidagi data-markazlarda saqlanadi.

Теглар

Мавзуга оид