Logo

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashi mumkin

Кеча 21:551 дақиқа

Transport vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash hamda yuk tashuvchi haydovchilar uchun elektron vizalar joriy etish va Farap–Olot chegara o‘tish jarayonlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashi mumkin

Joriy yil 13-avgust kuni O‘zbekiston transport-logistika sohasi vakillari ishtirokida Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi vakillari, milliy tashuvchilar hamda transport-ekspeditorlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan.

Chegarada yengilliklar kutilmoqda

Qayd etilishicha, muzokaralar davomida haydovchilar uchun vizalarni elektron tarzda rasmiylashtirish va to‘lovlarni optimallashtirish, Farap–Olot chegara o‘tish jarayonlarini takomillashtirish, navbat va kutish muddatlarini qisqartirish masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, tez buziladigan yuklar uchun alohida koridor tashkil etish, neytral hududda ikkinchi ko‘prik qurish, Turkmanboshi porti orqali avtomobil va temir yo‘l tashuvlarini jadallashtirish, vazn-gabarit cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Hamkorlik davom ettiriladi

Turkman tomoni bildirilgan takliflarni ko‘rib chiqish va tegishli davlat organlariga yetkazishga tayyorligini bildirgan.

«Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish va tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi», — deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид