Logo

O‘zbekistonda 2027-yil aholi daromadlarini oshirish uchun favqulodda ishlash yili deb e’lon qilindi

Бугун 14:063 дақиқа

Aholi jon boshiga o‘rtacha daromadni yaqin 10 yilda 5 ming dollardan 10 ming dollarga yetkazish, o‘rta sinf ulushini esa 90 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda 2027-yil aholi daromadlarini oshirish uchun favqulodda ishlash yili deb e’lon qilindi © Foto: president.uz

O‘zbekiston hukumati 2027-yilda aholi daromadlarini oshirish uchun favqulodda holatda ishlashni ko‘zda tutmoqda, yaqin 10 yil ichida esa aholi jon boshiga o‘rtacha daromadni ikki barobarga oshirib, 5000 dollardan 10 000 dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 25-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston 24» telekanaliga ma’lum qildi.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda 11,5 mln kishi kambag‘allikdan chiqarilgan, ishsizlik darajasi esa 4 foizdan pastga tushishi kutilmoqda.

U belgilangan maqsadga erishish uchun kelgusi yilda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.

«Aholi daromadlarini keskin oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, buning uchun zamin yaratish maqsadida, kelgusi 2027 yilni favqulodda ishlash yili deb e’lon qilindi. Asosiy masala — tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash. Bu gal — son jihatidan emas, balki sifat jihatidan», — dedi Markaziy bank raisi.

Uning tushuntirishicha, gap mikrokorxonalarning kichik biznes toifasiga, kichik korxonalarning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirikroq biznesga o‘tishi, shuningdek, kompaniyalarning eksport bozorlariga chiqishi uchun shart-sharoitlar yaratish haqida bormoqda.

Kambag‘allik darajasini 3 foizdan pastga tushirish rejalashtirilmoqda


Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab olinganini ma’lum qildi.

«Yil boshidan alohida dastur tuzib, so‘nggi uch oy ichida prezident boshchiligida bir necha bor alohida yig‘ilishlar o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Yangi tizim asosida yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 3 foizdan past darajaga tushirishni reja qilganmiz», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat va tumanlarda maxsus shtablar tashkil etilgan bo‘lib, 2026 yil to‘rtinchi choragining o‘zida bu yo‘nalishdagi ishlarga 3 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.

«O‘ylaymanki, qilinayotgan ishlar avval belgilangan maqsadni to‘liq ro‘yobga chiqarish — yil yakuniga qadar mutlaq kambag‘allikka barham berish imkonini yaratadi… 2027-yilda favqulodda holatda hamma kuchni safarbar qilgan holda aholi daromadlarini oshirish bilan bog‘liq rejalar qilindi. O‘rta daromadli aholi ulushini 90 foizdan oshirishdek katta marrani o‘z oldimizga qo‘yganmiz», — dedi Zohidov.

Vazir mikro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ular tomonidan yaratilayotgan ish o‘rinlari sonini hamda yuqori daromadli ish o‘rinlari ulushini ko‘paytirishni ushbu maqsadga erishishning asosiy vositalaridan biri sifatida ko‘rsatdi. Shuningdek, prezident bir hafta muddatda ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqishni topshirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi izchil qisqarib borgan. Oktyabr oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026 yilning to‘qqiz oyida kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,6 foizgacha pasaygani haqida xabar bergandi.

Теглар

Мавзуга оид