O‘zbekistonda go‘sht narxi keskin oshdi

Бугун 10:571 дақиқа

Mamlakatda go‘sht narxi bir oyda 8 foizgacha qimmatlashgan.

O‘zbekistonda go‘sht narxi keskin oshdi

O‘zbekistonda go‘sht narxining sezilarli o‘sishi qayd etildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida go‘sht narxi o‘rtacha 8 foizgacha oshgan.

25-mart holatiga ko‘ra, Toshkent shahridagi «Eski juva» (Chorsu) bozorida mol go‘shtining ulgurji narxi 75 ming so‘mdan 108 ming so‘mgacha yetgan. Qovurg‘a 75–80 ming, sarpanja 85–95 ming, son qismi esa 90–100 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Shu bilan birga, muzlatilgan import go‘shti 85 mingdan 110 ming so‘mgacha taklif qilinmoqda.

Qo‘y go‘shti ham qimmatlashgan. Uning minimal ulgurji narxi 85 ming so‘m, maksimal narxi esa 110 ming so‘mga yetgan. Bozorlardagi bu o‘sish chakana savdoga ham ta’sir qilmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov go‘sht narxining oshishini tashqi omillar bilan bog‘ladi.

«Mol go‘shti narxining qimmatlashishi Rossiyada kasallik tarqalayotgani bahonasida fermerlardan chorva mollarining tortib olinishi, shuningdek, Qozog‘iston Rossiyadan tirik chorva va go‘sht olib kirish va tranzitini taqiqlashi fonida yuz bermoqda», — deydi iqtisodchi.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekiston 156,9 million dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilgan. Shuning 120 million dollari yoki 25,9 ming tonnasi qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Теглар

Мавзуга оид