Logo

O‘zbekistonda naqd pul hajmi tarixiy rekordni yangiladi

Бугун 11:412 дақиқа

Muomaladagi naqd pullar bir yil ichida 16,4 trln so‘mga ko‘paygan.

O‘zbekistonda naqd pul hajmi tarixiy rekordni yangiladi © Milliy statistika qo'mitasi matbuot xizmati

2026-yil 1-avgust holatiga O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul hajmi 76,3 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, naqd pul hajmi iyul oyida 1 trln so‘m yoki 1,4 foizga oshgan. Bir yil avval, 2025 yil avgust boshida ushbu ko‘rsatkich 59,8 trln so‘m edi. Shu tariqa, yillik o‘sish 16,4 trln so‘m yoki 27,5 foizni tashkil qildi.

Yil boshidan buyon ham naqd pul hajmi sezilarli oshdi. 2026 yil boshida muomalada 68,5 trln so‘m naqd pul bo‘lgan bo‘lsa, avgust boshiga kelib bu summa 7,8 trln so‘mga ko‘paydi.

Pul massasi tezroq o‘sdi

Shu bilan birga, keng ma’nodagi pul massasi — M2 hajmi 434,5 trln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich iyul oyida 9,4 trln so‘m yoki 2,2 foizga, bir yilda esa 118,8 trln so‘m yoki 37,6 foizga oshgan.

Shunday qilib, naqd pul umumiy pul massasiga nisbatan sekinroq o‘sgan. Natijada uning M2 tarkibidagi ulushi bir yil ichida 19 foizdan 17,6 foizga tushgan.

Jami pul massasining 361,2 trln so‘mi milliy valutadagi mablag‘larga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning hajmi bir oyda 7,3 trln so‘mga, bir yilda esa 109,1 trln so‘m yoki 43,3 foizga oshgan. Milliy valutadagi mablag‘lar M2ning 83,1 foizini tashkil etmoqda.

Depozitlar o‘sishda davom etdi

Naqd pul va milliy valutadagi talab qilib olinguncha depozitlarni birlashtiruvchi M1 pul massasi 161,8 trln so‘mga yetdi. Bu bir oyda 1,4 trln so‘mga, bir yilda esa 43,4 trln so‘m yoki 36,7 foizga ko‘paygan.

M1 tarkibidagi talab qilib olinguncha depozitlar 85,5 trln so‘mni tashkil etdi. Ularning yillik o‘sishi 27 trln so‘m yoki 46,1 foiz bo‘lgan.

Milliy valutadagi boshqa depozitlar hajmi 199,4 trln so‘mga yetdi. Asosan jamg‘arma va muddatli mablag‘lardan iborat ushbu depozitlar bir yilda 65,7 trln so‘m yoki 49,1 foizga oshgan.

Shu bilan birga, xorijiy valutadagi depozitlarning so‘mdagi ekvivalenti 73,3 trln so‘mni tashkil etdi. Ularning yillik o‘sishi 15,3 foiz bo‘lib, M2dagi ulushi 20,1 foizdan 16,9 foizgacha qisqardi.

Markaziy bank M2 tarkibiga bank tizimidan tashqaridagi naqd pullar hamda aholi, xususiy sektor va ayrim tashkilotlarning milliy va xorijiy valutadagi depozitlarini kiritadi. Keltirilgan o‘sish ko‘rsatkichlari nominal hisoblanadi va inflatsiya ta’siri inobatga olinmagan.

Теглар

Мавзуга оид