Logo

O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga ajratiladigan mablag‘ 49 trln so‘mga yetdi

Бугун 20:553 дақиқа

Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini kasb bayrami bilan tabriklab, «Yangi O‘zbekistonga – yangi va zamonaviy tibbiyot» g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini sanab o‘tdi.

O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga ajratiladigan mablag‘ 49 trln so‘mga yetdi © Foto: Gov.uz

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keyingi yillarda 7 barobarga ko‘payib, 2026-yilda 49 trln so‘mga yetdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.

Davlat rahbari soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning inson salomatligini asrash yo‘lidagi mehnatini e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, keyingi yillarda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlanib, diagnostika hamda davolashda zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.

Prezident birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modeli bosqichma-bosqich tatbiq etilayotganini, infarkt, insult, onkologik va gematologik kasalliklarga qarshi kurashish, shuningdek, palliativ yordamni rivojlantirish bo‘yicha milliy tizimlar shakllantirilganini qayd etdi.

Tibbiyotda raqamlashtirish va sug‘urta

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot muassasalarini yagona raqamli tizimga birlashtirish ishlariga ham to‘xtaldi. Uning ma’lum qilishicha, DMED elektron axborot tarmog‘i orqali 38 milliondan ziyod aholining tibbiy kartasi yaratilgan. «Elektron poliklinika», «Elektron shifoxona» va «Elektron retsept» tizimlari ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Prezident sun’iy intellekt imkoniyatlaridan shifokor va hamshiralar faoliyatida yordamchi vosita sifatida foydalanish rejalashtirilayotganini bildirdi.

Shuningdek, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida «Mablag‘ bemor ortidan boradi» tamoyili joriy etilgani, moliyalashtirish mexanizmlari o‘zgartirilgani va reimbursatsiya dasturi orqali aholiga bepul beriladigan dori vositalari ko‘lami kengaytirilgani ta’kidlandi.

«Shu yil oxirigacha barcha hududlarda sug‘urta mexanizmlarini to‘liq yo‘lga qo‘yib, aholini kafolatlangan tibbiy yordam bilan qamrab olishni reja qilganmiz», — dedi davlat rahbari.

Prezidentning qayd etishicha, asosiy maqsad yashash joyi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar, har bir fuqaro o‘z vaqtida sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlashdir.

Tibbiyot ta’limi va xususiy klinikalar

Davlat rahbari tibbiyot ta’limidagi o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratdi. 2017-yildan buyon tibbiyot oliygohlariga qabul kvotasi 4,5 barobar ko‘paygan. Ularning 40 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Avval tibbiyot oliygohlarida 4 ta davlatdan kelgan talabalar tahsil olgan bo‘lsa, hozir ularning geografiyasi 41 ta davlatga yetgan. Chet ellik talabalar soni esa 15 ming nafardan oshgan.

Kelgusi yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xalqaro standartlarga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2027–2028-o‘quv yilidan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura dasturlari orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, xususiy tibbiyot tarmog‘i ham kengaymoqda. Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi xususiy klinikalar soni so‘nggi o‘n yilda 3,5 mingtadan 9 mingtadan ziyodga yetgan. Ularga ruxsat etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar turi esa 50 tadan 213 taga ko‘paygan.

Farmatsevtika sanoatida mahalliy korxonalar 6,8 mingdan ortiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlar 50 dan ziyod mamlakatga eksport qilinmoqda.

O‘rtacha umr ko‘rish 75,4 yoshga yetdi


Prezident tabrigida aholi umr ko‘rish davomiyligi ham alohida qayd etildi. Mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,8 yoshdan 75,4 yoshga yetgan.

Davlat rahbari oldinda ushbu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish, kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qo‘yish va samarali davolash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish vazifalari turganini ta’kidladi.

Shuningdek, prezident yaqinda soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga ajratiladigan mablag‘ 49 trln so‘mga yetdi | Vaqt.uz