Logo

O‘zbekistonliklar pullarini qaysi valutada saqlamoqda?

Bir yil avval valutadagi depozitlar ulushi 24 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 19 foizga tushgan.

O‘zbekistonliklar pullarini qaysi valutada saqlamoqda? © Ijtimoiy tarmoqlar

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, tijorat banklaridagi jami depozitlar 482,7 trln so‘mni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 360,4 trln so‘m edi. Ya’ni bir yil ichida banklardagi jami depozitlar 122,3 trln so‘mga oshgan.

Umumiy depozitlarning 92,7 trln so‘mi xorijiy valutada saqlangan bo‘lib, uning ulushi 19 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida xorijiy valutadagi depozitlar 86,9 trln so‘m, ularning ulushi esa 24 foiz edi.

Milliy valutadagi depozitlar hajmi o‘tgan yili 273,5 trln so‘m bo‘lgan, bu yil esa ko‘rsatkich 390 trln so‘mga yetgan. Bu bir yilda taxminan 42,6 foizlik o‘sish. Xorijiy valutadagi depozitlar esa shu davrda 6,6 foizga ko‘paygan.

Ya’ni, aholi va biznes mablag‘larini saqlashda so‘mga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bunga so‘mdagi depozitlar bo‘yicha daromadlilik yuqorigi, milliy valutaga ishonchning ortishi va iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Bank tizimidagi depozitlarning muddatiga qarasak, 1 yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlar 175,7 trln so‘m, 1 yildan ortiq muddatli depozitlar esa 164,9 trln so‘mni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 120,5 trln va 133 trln so‘m edi. So‘mdagi depozitlar xorijiy valutadagi depozitlarga qaraganda ancha yuqori foiz stavkalarini taklif qilmoqda.

Iyun oyida milliy valutadagi 1 yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlarning o‘rtacha stavkasi 15,4 foiz, 1 yildan ortiq muddatli depozitlarda esa 18,1 foiz bo‘lgan. Xorijiy valutadagi depozitlarda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 3 foiz va 5,5 foizni tashkil etgan.

Banklardagi jamg‘armalar nafaqat umumiy hajm jihatidan, balki muddatli depozitlar hisobiga ham kengaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qaysi hudud aholisi banklardan eng ko‘p qarz olgani haqida yozgan edik. Bir yil ichida jami depozitlar 33,9 foizga, kreditlar esa 11,9 foizga o‘sgan.

Kamron Hasanov

Теглар

Мавзуга оид