O‘zbekistonning tashqi qarzi bir yilda 12 mlrd dollarga oshdi
2026-yilning birinchi yarim yilligida umumiy tashqi qarz 84 mlrd dollardan oshdi. So‘nggi uch yilning mos davrida tashqi qarz 27,5 mlrd dollarga ko‘paygan. Vaqt.uz tashqi qarzning oxirgi yillardagi o‘sish sur’atlarini o‘rgandi.

2026-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 84,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 12,1 mlrd dollar yoki 16,4 foizga ko‘p.
Bu haqda Markaziy bankning 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mamlakatning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga oid hisobotida ma’lum qilindi.

Manba: Vaqt.uz | Izoh: O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2024–2026-yillarning dastlabki yarim yillik hisobotlari asosida solishtirildi.
Tashqi qarz bir chorakda 1,9 mlrd dollarga oshdi
2026-yilning I choragi yakuni bilan taqqoslaganda, umumiy tashqi qarz 1,9 mlrd dollarga yoki 2,3 foizga ko‘paygan. Shundan davlat tashqi qarzi 1,2 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 0,7 mlrd dollarga oshgan.
2026-yil birinchi yarim yilligi yakunida umumiy tashqi qarzning 41,7 mlrd dollari davlat tashqi qarziga, 42,4 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarzga to‘g‘ri kelgan.
Korporativ tashqi qarz tarkibiga xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan qarzlar kiradi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas. Ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik subyektlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Bir yilda davlat qarzi 4,8 mlrd, korporativ qarz 7 mlrd dollarga oshgan
2025-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan 36,8 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari korporativ tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu tariqa, bir yil ichida davlat tashqi qarzi 4,8 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 7 mlrd dollarga oshgan.
2024-yilning dastlabki yarim yilligida esa mamlakatning umumiy tashqi qarzi 56,6 mlrd dollar bo‘lgan. Uning qariyb 31 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 25,6 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shunday qilib, 2024-yilning birinchi yarim yilligidan 2026-yilning shu davrigacha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 27,5 mlrd dollarga oshgan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil birinchi yarmida O‘zbekiston rezidentlarining tashqi majburiyatlari qoldig‘i ham yil boshiga nisbatan 5,8 mlrd dollarga yoki 5 foizga ko‘paygan.
Tashqi qarz tez o‘sayotgan bo‘lishiga qaramasdan daromadga nisbatan ulushi qisqarmoqda — iqtisodchi
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tashqi qarzning nominal hajmi tez o‘sayotgan bo‘lsa-da, uning mamlakat daromadlariga nisbatan ulushi kamayib borayotganini ta’kidlagan.
Uning yozishicha, nominal qarzning o‘sishi qarz yukining holati haqida to‘liq tasavvur bermaydi. Buni baholash uchun tashqi qarzni YAIMga nisbatan solishtirish muhim.

Manba: Mirkonomika
2026-yil II choragi yakunida yalpi tashqi qarzning YAIMga nisbati 48,5 foizni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich I chorakka nisbatan 4,4 foiz bandga kamaygan.
Xolboyevning qayd etishicha, ushbu ko‘rsatkich 2025-yil IV choragida 55,9 foizga yetib, eng yuqori darajani qayd etgan. Shundan so‘ng ketma-ket ikki chorak davomida pasaygan va 2025-yil IV choragidan buyon 7,4 foiz bandga qisqargan.
U buni YAIMning yuqori sur’atlarda o‘sayotgani bilan izohlaydi. Xususan, 2026-yil II choragida real YAIM o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi davrga nisbatan 1,3 foiz bandga yuqori.
Shuningdek, so‘mning mustahkamlanishi ham dollarda hisoblangan YAIM o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan. 2026-yil II choragida YAIMni hisoblashda foydalanilgan o‘rtacha dollar kursi o‘tgan yilning mos choragiga nisbatan 5 foizga mustahkamlangan.
Iqtisodchining hisob-kitobiga ko‘ra, agar YAIMning hozirgi o‘sish sur’atlari va o‘rtacha valuta kursidagi o‘zgarishlar saqlanib qolsa, mavjud qarz olish sur’ati sharoitida kelasi yil II choragida yalpi tashqi qarzning YAIMga nisbati 45 foizgacha tushishi mumkin.
Xolboyevning umumiy xulosasiga ko‘ra, nominal tashqi qarz hajmi yuqori sur’atlarda o‘sayotgan bo‘lsa-da, hozircha mamlakat daromadlari qarz o‘sishidan tezroq o‘smoqda. Bu esa qarz yukining pasayishiga olib kelmoqda.
Теглар






