Logo

«O‘zbekneftgaz» yil yakunigacha benzin ishlab chiqarishni 1,1 mln tonnaga yetkazmoqchi

Kompaniya qish mavsumida aholini benzin bilan uzluksiz ta’minlash va ehtimoliy taqchillikning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

«O‘zbekneftgaz» yil yakunigacha benzin ishlab chiqarishni 1,1 mln tonnaga yetkazmoqchi © Foto: Тасс

«O‘zbekneftgaz» yil yakunigacha benzin ishlab chiqarish hajmini 1,1 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yil boshidan buyon 916,1 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu rejaning 101 foizini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1 foizga ko‘p. Ayni paytda zavod sutkasiga o‘rtacha 3,2–3,4 ming tonna benzin ishlab chiqarmoqda. Noyabr oyida 103,3 ming tonna, dekabrda esa 123,1 ming tonna benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Qish mavsumida ichki bozorni barqaror ta’minlash maqsadida zavod va tizimdagi neft bazalarida jami 102 ming tonna benzin zaxirasi shakllantirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 ming tonnaga ko‘p bo‘lib, ikki oylik iste’molni qoplash imkonini beradi.

Birja savdolari, import va narxlar

Hozirda birja savdolariga kuniga 4,6 ming tonna benzin, jumladan, 4,3 ming tonna AI-92 joylashtirilmoqda. Kompaniya talab oshgan taqdirda birjaga chiqariladigan benzin hajmini kuniga 8 ming tonnagacha, zarurat bo‘lsa, 10 ming tonnagacha oshirish imkoniyatiga ega ekanini bildirdi.

Shuningdek, birja savdolariga chiqarilayotgan benzinning boshlang‘ich narxi aprel oyidan buyon o‘zgarmagani, 1 tonna benzin 14 mln so‘mdan taklif qilinayotgani ma’lum qilindi.

«O‘zbekneftgaz» xususiy importchilar tomonidan benzin olib kirish hajmi iyun oyidan keskin kamayganini qayd etdi. Oktyabrda import hisobiga ichki bozorga 5,5 ming tonna benzin yetkazib berilgan. Talabni qondirish va ehtimoliy taqchillikning oldini olish uchun tayyor benzin importi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Kompaniya metan quyish shoxobchalariga qishki cheklovlar kiritilishi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarining oldindan ko‘proq benzin xarid qilishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Bu esa birja savdolarida talab va narxlarning oshishiga ta’sir qilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид