Logo

O‘ziga kredit olishni taqiqlagan fuqarolar soni 2,5 millionga yetdi

Бугун 16:492 дақиқа

O‘zbekistonda «Kreditga taqiq» xizmatidan foydalanganlar soni yarim yil ichida qariyb olti barobarga oshdi.

O‘ziga kredit olishni taqiqlagan fuqarolar soni 2,5 millionga yetdi

2026-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 mln 574 ming nafar fuqaro o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlab qo‘ygan. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ma’lum qildi.

Taqqoslash uchun, 2026 yil boshida mazkur xizmatdan foydalanuvchilar soni 438 ming 322 nafarni tashkil etgan edi. Demak, yarim yil ichida bu ko‘rsatkich qariyb olti barobarga oshgan.

KATM ma’lumotiga ko‘ra, o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni cheklaganlarning 58 foizini erkaklar tashkil etadi.

Yosh toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda, «Kreditga taqiq» xizmatidan eng ko‘p 26–36 yosh orasidagi fuqarolar foydalangan. Ular barcha foydalanuvchilarning 30 foizini tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinda 26 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar turibdi. Shuningdek, 56 yoshdan oshgan 232 ming 413 nafar fuqaro ham o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni cheklab qo‘ygan.

Xizmat qanday ishlaydi?

«Kreditga taqiq» xizmati 2025 yil iyun oyida onlayn moliyaviy firibgarliklarga qarshi qo‘shimcha himoya mexanizmi sifatida ishga tushirilgan.

Foydalanuvchilar «kreditga taqiq» xizmatidan onlayn va oflayn shaklda mustaqil ravishda foydalanib, uni yoqish yoki o‘chirish imkoniyatiga ega:

1) «KATM mobil ilovasi orqali - «Ommabop xizmatlar» bo‘limidan «Kreditga taqiq» xizmati. Android | IOS

2) Kredit byurosining veb-saytida shaxsiy kabinet bo‘limidan.

Call-markaz: (+998) 712034747, Telegram: @katm_uz

3) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va uning mobil ilovasi orqali «Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash» sahifasidan foydalanish mumkin.

4) Yurtimiz hududida joylashgan barcha Davlat xizmatlari markazlari orqali ham faollashtirish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud.

«Kreditga taqiq» — jismoniy shaxslarga o‘zlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash imkonini beradi.

Xizmatdan foydalanish bepul taqdim qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘ziga kredit olishni taqiqlagan fuqarolar soni 2,5 millionga yetdi | Vaqt.uz