Oziq-ovqat mahsulotlari uch oydan beri qimmatlayapti

Бугун 17:563 дақиқа

Narx dinamikasiga ob-havo xatarlari, energiya qimmatlashuvi va logistikadagi uzilishlar kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari uch oydan beri qimmatlayapti

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (Food and Agriculture Organization, FAO)ning oziq-ovqat narxlari indeksi – asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha xalqaro narxlar dinamikasini kuzatib boruvchi ko‘rsatkich – aprel oyida 130,7 punktni tashkil etdi. Bu mart oyida qayta ko‘rib chiqilgan ko‘rsatkichdan 1,6 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 2 foizga yuqori. 

Don mahsulotlari narxi
Don mahsulotlari narxi mart oyiga nisbatan 0,8 foizga, yillik hisobda esa 0,4 foizga oshdi. Narh o‘sishi sorgo va arpadan tashqari deyarli barcha asosiy ekinlarga ta’sir qildi.
Jahon bozorida bug‘doy narxi 0,8 foizga ko‘tarildi. Bunga AQSHning ayrim hududlaridagi qurg‘oqchilik xavfi va Avstraliyada yog‘ingarchilik me’yordan past bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, energiya qimmatlashuvi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopilishi ortidan ta’minotdagi uzilishlar tufayli o‘g‘it narxlari oshgani ham bosimni kuchaytirdi. Shu sabab fermerlar 2026-yilda bug‘doy ekini maydonlarini qisqartirib, o‘g‘it talab qilmaydigan arzonroq ekinlarga o‘tishi mumkinligi kutilmoqda.
Jahon bozorida makkajo‘xori narxi ham 0,7 foizga oshdi. Bunga mavsumiy taklif qisqarishi, Braziliyadagi ob-havo xatarlari va AQSHning ayrim hududlarida ekish mavsumidagi qurg‘oqchilik sabab bo‘ldi.
Neft narxlarining yuqoriligi sharoitida etanolga bo‘lgan barqaror talab hamda o‘g‘it ta’minoti bilan bog‘liq muammolar narx o‘sishini yanada tezlashtirdi.
Shu bilan birga, sorgo narxi import talabi sustligi va asosiy eksportyor mamlakatlarda ishlab chiqarish prognozlari yaxshilangani sabab 4 foizga pasaydi.
Guruch narxlari indeksi esa 1,9 foizga o‘sdi. Bu asosan Hindiston guruchi va xushbo‘y guruch navlari kotirovkalari qimmatlashgani bilan izohlanadi.
Neft va neft mahsulotlari narxining keskin oshishi ortidan eksportyor davlatlarda ishlab chiqarish va logistika xarajatlari ko‘paygani ham bozorga ta’sir ko‘rsatdi.
 
O‘simlik moylari qimmatlashmoqda
O‘simlik moylari narxi indeksi 5,9 foizga oshib, 2022-yil iyulidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Palma, soya, kungaboqar va raps moylari narxi oshgan.
Palma moyi narxi ketma-ket beshinchi oy o‘sishda davom etmoqda. Bunga bioyoqilg‘i sanoati tomonidan talab ortishi, davlat subsidiyalari hamda neft narxlarining yuqoriligi sabab bo‘lmoqda.
Qo‘shimcha bosim esa Janubi-Sharqiy Osiyoda ishlab chiqarish qisqarishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq.
 
Go‘sht narxlari rekord darajaga yetdi

Go‘sht narxlari indeksi yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi – oylik hisobda 1,2 foizga, yillik hisobda esa 6,4 foizga o‘sdi.
Jahon bozorida mol go‘shti narxi tarixiy maksimumni yangiladi. Bunga Braziliyada chorva bosh sonini tiklash jarayoni davom etayotgani va taklif cheklangani sabab bo‘ldi.
Cho‘chqa go‘shti narxi ham Yevropa Ittifoqida mavsumiy talab oshishi ortidan ko‘tarildi. Biroq Braziliyada narxlar pasayishi bu o‘sishni qisman qopladi.
 
Sut mahsulotlari va shakar
Shu fonda sut mahsulotlari narxi indeksi 1,1 foizga pasaydi. Bu Yevropa Ittifoqida sut ta’minotining ko‘payishi hamda Okeaniyada mavsum oxirida kutilmagan darajada yuqori ishlab chiqarish hajmlari sabab sariyog‘ va pishloq narxlarining tushishi bilan izohlanadi.
Shakar narxi esa bir oy ichida 4,7 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 21,2 foizga arzonlashdi.
Bunga joriy mavsumda taklif miqdori yuqori bo‘lishi haqidagi kutilmalar sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, Xitoy va Taylandda ishlab chiqarish prognozlari yaxshilangani bozorga ta’sir qildi.
Shuningdek, Braziliyada shakarni qayta ishlashning yangi mavsumi boshlangani ham narxlarga pasaytiruvchi bosim o‘tkazdi.

Теглар

Мавзуга оид

Oziq-ovqat mahsulotlari uch oydan beri qimmatlayapti | Vaqt.uz