Logo

Prezident Olimpiadasi g‘oliblariga 25 mln so‘mgacha mukofot beriladi, rekordchilar esa OTMga imtihonsiz kiradi

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Prezident Olimpiadasida mamlakat rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliygohlarga imtihonsiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi, g‘oliblarga esa bir yillik stipendiya tayinlanib, ularning 50 nafari har yili xorijdagi xalqaro yig‘inlarga yuboriladi.

Prezident Olimpiadasi g‘oliblariga 25 mln so‘mgacha mukofot beriladi, rekordchilar esa OTMga imtihonsiz kiradi

Kelasi yildan boshlab Prezident Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlari uchun pul mukofotlari miqdori 2,5 baravarga ko‘paytirilib, birinchi o‘rin uchun 25 million so‘m beriladi, shuningdek, mamlakat rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliygohlarga davlat granti asosida imtihonsiz o‘qishga kiradi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida musobaqada birinchi o‘rinni egallagan sportchilarga 25 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 12 million so‘m va uchinchi o‘rin sohiblariga 6 million so‘m miqdorida pul mukofoti topshiriladi. Shu bilan birga, olimpiadada g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarining sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.

Musobaqa qamrovi ham kengaytirilib, Prezident Olimpiadasi dasturidagi sport turlari soni 35 taga yetkaziladi. Bellashuvlarning yosh toifasi 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan bo‘ladi.

G‘oliblarni rag‘batlantirish va infratuzilmani yaxshilash doirasida quyidagi chora-tadbirlar ham belgilandi:

— Kelgusi yildan boshlab olimpiada g‘oliblariga bir yillik stipendiya berish yo‘lga qo‘yiladi;

— Har yili musobaqa g‘oliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga yuboriladi;

— O‘z yo‘nalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktabi zarur jihozlar bilan ta’minlanadi;

— Poytaxtdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi yosh sportchilar chempionlar tarixi va yutuqlari bilan yaqindan tanishib, yangi g‘alabalarga intilishi uchun Olimpiya shaharchasiga ko‘chiriladi.

Bu yilgi ikkinchi Prezident Olimpiadasi bellashuvlarida mamlakatning turli hududlaridan kelgan 3,5 mingdan ziyod yosh olimpiya va paralimpiya yo‘nalishidagi 26 ta sport turi bo‘yicha kuch sinashadi. Ularga 1,5 ming nafar murabbiy hamrohlik qilmoqda. Marosimda davlat rahbari sportchi yoshlar, murabbiylar va sport fidoyilarini musobaqa boshlanishi bilan tabriklab, bugun bellashayotgan yoshlar orasidan ertaga dunyoni hayratga soladigan chempionlar va rekordchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

«Har biringiz bu maydonga o‘z orzuingiz, o‘z maqsadingiz, eng asosiysi, g‘alabaga bo‘lgan katta ishonchingiz bilan kelgansiz», — dedi Prezident sportchi o‘g‘il-qizlarga murojaat qilib.

Mamlakat yetakchisi so‘nggi yillarda ommaviy sportdan professional sportgacha, iqtidorlarni saralashdan xalqaro musobaqalarga tayyorlashgacha bo‘lgan yaxlit tizim yaratilganini ta’kidladi.

«Bu ishlarning zamirida farzandlarimizni sog‘lom, irodali va mustaqil fikrlaydigan inson etib tarbiyalashga bo‘lgan intilishimiz mujassam», — dedi davlat rahbari.

Marosimda yosh sportchilarga chempionlikka kuchli iroda va temir intizom orqali erishilishi, ilgari surilayotgan «O‘z» g‘oyasining mazmun-mohiyati ham shunda ekani qayd etildi. Xalqaro maydonda mamlakat bayrog‘i ko‘tarilib, madhiya yangraganda butun xalq sportchilar bilan faxrlanishi ta’kidlandi.

«O‘zingga ishon! O‘z ustingda ishla! O‘z yurtingga munosib bo‘l!» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xalqaro maydonlardagi rekordlar va tarixiy natijalar

O‘tgan o‘n yil ichida o‘zbekistonlik sportchilar yirik xalqaro musobaqalarda jami 5 ming 518 ta medalni qo‘lga kiritgan. Shundan 1 ming 675 tasi oltin medal bo‘lib, bu avvalgi o‘n yillikka nisbatan uch karra ko‘p ko‘rsatkichdir. Ochilish marosimida medallarning uchdan biri sportchi qizlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida yigitlarning ikkinchi bor g‘olib bo‘lishi mamlakat shaxmati tarixida alohida sahifa ochgani qayd etildi.

Yaponiyada o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida esa O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza — jami 70 ta medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi. Ushbu musobaqada qayd etilgan individual natijalar:

— Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 197 kilogramm natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi;

— Bokschi Abdumalik Halokov va yengil atletikachi Sharifa Davronova ikki karra chempion bo‘ldi;

— Badiiy gimnastikachi Taxmina Ikromova uch karra chempionlikni qo‘lga kiritdi;

— Dzyudochi Muzaffar To‘raboyev finalda musobaqa mezboni vakilini yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi;

— O‘tkir Jo‘rayev sport gimnastikasining dastakli ot mashqida mamlakatning Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalini olib keldi.

Prezident bunday natijalar har qanday marraga erishish mumkinligiga ishonch uyg‘otishini qayd etib, parasportchilarning natijalariga ham to‘xtaldi.

«Bugun parasportchi o‘g‘il-qizlarimizning matonati va jasoratini ham alohida e’tirof etmoqchiman», — dedi Prezident.

Yaqinda yakunlangan Paraosiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik parasportchilar 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza — jami 145 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Musobaqa davomida bir qator jahon va qit’a rekordlari o‘rnatildi:

— Pauerliftingchi Ro‘za Qo‘ziyeva oltin medal bilan birga jahon rekordini o‘rnatdi;

— Lolaxon Qodirova suzishda, Madina Muxtorova va Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navro‘za Ahmadova esa disk uloqtirishda Osiyo rekordlarini yangiladi;

— Yegor Bolotov to‘rtta, Xurshid Qodirov esa uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi;

— Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bo‘yicha Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilab, ikkinchi marta Osiyoda tengsiz ekanini namoyon etdi.

Shuningdek, Asila Mirzayorova Osiyo paralimpiya qo‘mitasining 2026–2030 yillar uchun sportchilar qo‘mitasi a’zosi etib saylandi. Prezident buni o‘zbek sportiga xalqaro e’tirof namunasi sifatida baholadi.

Tadbir yakunida davlat rahbari yoshlarni ochilayotgan imkoniyatlarni tinimsiz izlanish, qat’iy intizom va bilim bilan natijaga aylantirishga chaqirdi.

«Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi do‘st bo‘ling», - dedi u.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 2026 yilgi Prezident Olimpiadasini ochiq deb e’lon qildi.

«Olg‘a, Yangi O‘zbekiston! Olg‘a, O‘zbekiston yoshlari! Olg‘a, o‘zbek xalqi!» — dedi Prezident so‘zining yakunida.

Теглар

Мавзуга оид