Prezident qarori: Nasldor qoramol parvarishlash uchun subsidiyalar beriladi
2026-yil 1-sentabrdan boshlab nasldor qoramollarni parvarishlayotgan xo‘jaliklarga davlat tomonidan bosqichma-bosqich moliyaviy yordam ajratiladi.

«Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-sentabrdan 2030 yil 1-yanvarga qadar naslchilik xo‘jaliklariga identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni parvarishlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.
Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan bosqichma-bosqich to‘lab beriladi.
Subsidiya miqdori
Qarorga ko‘ra, birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda 1,5 million so‘m, ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda esa 2 million so‘m subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, olingan buzoq 12 oylikkacha saqlansa 1 million so‘m, 12 oydan 18 oylikkacha parvarish qilinsa yana 1 million so‘m to‘lanadi.
Yangi servis korxonasi
Qaror bilan Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida maxsus servis korxonasi tashkil etiladi.
U xorijda chorvachilik loyihalarini amalga oshirish, chet davlatlardan yirik va mayda shoxli mollarni import qilish, karantin punktlarini tashkil etish hamda chorva yetkazib berilgandan keyin kamida 12 oy davomida oziqlantirish, veterinariya, sun’iy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlarni o‘z ichiga olgan servis paketini taqdim etadi.





