Logo

Prezidentning «yadro chamadoni»

Кеча 20:4912 дақиқа

AQSH, Rossiya va Xitoy rahbarlari tarixda ilk bor bir stol atrofida uchrashdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoyga o‘zi bilan «yadro chamadoni»ni olib bordi. Uning ichida nima bor va u nimaga kerak? Chamadonni kim olib yuradi va oldin hech ishlatilganmi? Bu galgi videoda shu haqda so‘z boradi.

Putin va Tramp Xitoyga bordi. Amerika prezidentini shaxsan o‘zi kutib olgan Si Szinpin Putinga bunday mulozamat ko‘rsatmadi. Putinning Xitoyga tashrifi chog‘ida uning «yadro chamadoni» ko‘zga tashlandi. Uni davlat rahbari ortidan kim olib yuradi, u nima uchun kerak va ichida nima bor? Katta uchlikning uchrashuvi Yalta 2 bo‘la oldimi? Erdog‘an islom olamini Isroilga qarshi birlashishga chaqirdi. Bu galgi videoda shu va boshqa voqealar haqida so‘z yuritamiz.

Yalta 2 bo‘lmadi

Stalin, Ruzvelt va Cherchill. 1945-yil, Yalta konferensiyasi. Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan paytda o‘tkazilgan bu uchrashuv urushdan keyingi dunyo tartibini belgilash va ittifoqchilarning yakuniy harbiy rejalarini kelishib olishga bag‘ishlanganda. Aniqrog‘i, o‘sha yilning 4–11-fevral kunlari Qrimdagi Yalta shahrida (Livadiya saroyida) SSSR rahbari Iosif Stalin, AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt va Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchil ishtirokida o‘tkazilgan urush davridagi bu muhim xalqaro uchrashuvda Germaniyani okkupatsiya zonalariga bo‘lish va BMTni tuzish rejalarini kelishib olgandi. 2026-yil Shenchjendagi sammit, ayrimlar sammitni 1945-yilgi Yalta konferensiyasiga qiyosladi.

18-noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahriga dastlab Rossiya prezidenti Vladimir Putin yetib bordi. Ammo Trampdan oldin borgan bo‘lsa-da, Si Szinpin uni kutib olishga chiqmadi. Putinni aeroportda Xitoy Kommunistik partiyasi kotibiyati kotibi Say Si kutib oldi. U Xitoy siyosiy iyerarxiyasida beshinchi o‘rinda turadigan shaxs.

Biroz o‘tib AQSH prezidenti Donald Trampning samolyoti ham qo‘ndi. Uni kutib olish uchun esa Xitoy rahbari Si Szinpin shaxsan o‘zi rafiqasi bilan birga aeroportga chiqdi. Bu esa Xitoydagi diplomatik protokol qoidalariga zid holat sifatida baholandi.

Uch davlat rahbarlari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida uchrashdi. Tashrif doirasidagi asosiy uch tomonlama uchrashuv esa 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. AQSH, Xitoy va Rossiya rahbarlari tarixda ilk bor bir stol atrofida uchrashdi. Uchrashuvga qadar uning sanasi va joyi Vashington, Pekin va Moskvada ham rasman tasdiqlangandi, ammo formati to‘liq ochiqlanmagandi.

Yaltadagi kabi bugun ham uchta yirik davlat boshqalarga daxldor masalalarni ularsiz muhokama qildi. Ukraina prezidenti Zelenskiy oktabrda uchrashuv ta’sir doiralarini qayta taqsimlaydigan «Yalta-2, 3, 4»ga aylanmasligi kerakligini aytgandi. Ushakov ham, Mao Nin ham uch davlatning Ikkinchi jahon urushidagi ittifoqchiligi va BMT asoschilari ekanini eslatgan. Farqlar esa jiddiyroq. Yaltada g‘alaba arafasidagi ittifoqchilar o‘z qo‘shinlari egallagan hududlar taqdirini hal qilgan. Xitoy esa savdo, texnologiya va sanksiyalar sababli o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan, Kreml vakili Dmitriy Peskov ham qiyosni «siyosatshunoslarning o‘yini» deb atab, boshqa davlatlarga hech qanday qaror majburan qabul qildirilmasligini ta’kidladi.

18-noyabr – Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitining ilk kunida Rossiya va Xitoy yetakchilari mintaqa ishbilarmonlari oldida ketma-ket nutq so‘zladi. Xitoy raisi Si Szinpin bugungi dunyoni «o‘zgaruvchan va notinch» deb ta’rifladi hamda bir tomonlamalik va proteksionizm avj olganini aytdi.

U Jahon savdo tashkilotiga tayangan ko‘p tomonlama savdo tizimini himoya qilishga chaqirdi. Si Szinpin Xitoy bojlarni pasaytirishi va bozorini kengroq ochishini va’da qildi, biroq nutqida AQSHni tilga olmadi. Bu so‘zlar Vashington Xitoyga ilg‘or sun’iy intellekt chiplari yetkazib berishga yangi cheklovlar e’lon qilganidan keyin yangradi. Tramp Xitoy rahbarining nutqini tinglayotgan vaqtda ko‘zlarini yumgan holda o‘tirdi. Amerika prezidenti uxlab qolgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi. Videoda Oq uy rahbarining boshini egib, ko‘zlarini yumgan holda o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, foydalanuvchilarning e’tiborini tortdi. Xususan, Iks ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntlardan birida AQSH prezidenti «Uyquchi Donni» deb ataldi. Qizig‘i shundaki, Tramp avvalroq sobiq prezident Jo Baydenni ham shu nom bilan tanqid qilgan edi. Video Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning ham e’tiborini tortdi. Uning matbuot xizmati rolikni Iks ijtimoiy tarmog‘ida «Dunyo uning ustidan kulmoqda» degan izoh bilan e’lon qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sidan keyin so‘zga chiqib, «sobiq gegemonlar» muvaffaqiyatga erishayotganlarning rivojlanishini jilovlashga urinayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar, bojlar, eksport cheklovlari hali ham tiyib turuvchi ta’sirga ega, ammo o‘sishni butunlay to‘xtatishga, ayniqsa raqiblar iqtisodiyotini yanchib tashlashga ular endi qodir emas».

Putin bunga o‘z mamlakatini misol qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘ziga qarshi joriy etilgan jazo choralari soni bo‘yicha «jahon rekordchisi» bo‘lgan, ammo sinovlardan munosib o‘tgan. Sanksiya joriy etgan Yevropa Ittifoqi esa «sanoat salohiyatini yo‘qotyapti». Rossiya rahbari eksport to‘lovlarida dollar va yevroning ulushi 2021-yildagi 85 foizdan 9 foizga tushganini ham aytdi.

«Biz dollardan ham, yevrodan ham voz kechmaganmiz, bu valutalardan foydalanishni bizga rad etishdi. Ochig‘ini aytganda, buni qilganlar o‘zlarini o‘zlari jazoladi», — dedi u.

Nutqlardan so‘ng ikki yetakchi alohida uchrashib, ikki davlat yaqinligini namoyish etdi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar ishchi nonushta formatida davom etgan. Si Szinpin Putinni «aziz do‘stim» deb atab, bu ularning joriy yildagi uchinchi yuzma-yuz uchrashuvi ekanini aytdi. Xitoy rahbarining aytishicha, «Xitoy-Rossiya munosabatlari dunyodagi har qanday mashaqqatda tog‘dek qimirlamas bo‘lib kelgan va shunday qolmoqda». U ikki davlatni ko‘p qutbli dunyoni shakllantirish va xalqaro munosabatlarni demokratlashtirishga hissa qo‘shishga chaqirdi.

Putin bunga javoban Shenchjenni «Xitoy farovonligi ramzi» deb atadi va Sining o‘zi yaxshi ko‘radigan ikki davlat «orqama-orqa turib» ishlaydi iborasini qo‘lladi. Uning aytishicha, o‘zaro savdo aylanmasi bir necha yildan beri 200 milliard dollardan ancha yuqori. Vizasiz rejim joriy etilgach, sayyohlar oqimi 43 foizga oshgan. Shu kunlarda AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden «Menga va’da ber, Amerika» (Promise Me, America) nomli memuarlarini chiqarmoqda. Bayden jahon yetakchilari bilan uchrashuvlari haqidagi xotiralarida Putinning «jizzaki va injiq» ohangini tasvirlaydi hamda uchrashuvlar paytida «o‘zini o‘smirdek befarq qilib ko‘rsatib, kresloda yastanib o‘tirishni yoqtirishi»ni yozdi.

Sammit uch davlatning har biri o‘z cheklovlari bilan kelgan paytda bo‘lib o‘tdi. AQSH va Rossiya o‘rtasidagi yadro qurollarini cheklovchi so‘nggi shartnoma — 2026-yil fevralda o‘z kuchini yo‘qotdi. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobiga ko‘ra, Xitoyda 620 ga yaqin yadro kallagi bor, AQSH va Rossiyaning har birida esa bu ko‘rsatkich 5 mingdan oshadi. Vashington yangi kelishuvga Xitoyni ham qo‘shmoqchi, ammo amerikalik rasmiylarning o‘zi bu uchrashuvdan bitim kutmayotganini aytgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSH rahbari Donald Tramp va Xitoy raisi Si Szinpin 19-noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tayotgan ATES sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi. Davlat yetakchilari asosan iqtisodiy yutuqlar, sun’iy intellekt va hamkorlik masalalariga to‘xtaldi.

Putin o‘z nutqi chog‘ida Rossiya «dunyoning yetakchi iqtisodiyotlari qatoriga kirishi», tub iqtisodiy islohotlarni davom ettirayotgani va dunyoga ochiq qolishga intilayotganini aytdi. U so‘nggi uch yil ichida Rossiya yalpi ichki mahsuloti real hisobda 10 foizdan ko‘proqqa o‘sganini ta’kidladi. Siyosatchi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan hamkorlikni Rossiyaning strategik yo‘nalishi deb atadi. Shuningdek, Moskva ma’lumotlarni himoya qilish shartlari asosida sun’iy intellekt texnologiyalarini baham ko‘rishga tayyorligi, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi esa 60 foizga oshganini ma’lum qildi.

Tramp ham AQSHning iqtisodiy yutuqlariga to‘xtaldi. Bunga soliqlarning pasaytirilishi, iqtisodiyotning tartibga solinishi va 20 dan ortiq savdo bitimlarining tuzilishi yordam berganini aytdi. U AQSH allaqachon bir necha davlatlar bilan yangi kelishuvlar ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Putin va Si bilan bo‘lajak muzokaralar haqida alohida fikr bildirdi:

«Men bugun har uchala mamlakat uchun yangi imkoniyatlarni muhokama qilish maqsadida rais Si va prezident Putin bilan bo‘lib o‘tadigan uch tomonlama tarixiy uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqdaman», — dedi AQSH prezidenti.

Tramp, shuningdek, AQSH sun’iy intellekt modellari rivojlanishini «nazorat qilish yoki to‘xtatishga qaratilgan global tartib»ga qarshiligini ta’kidladi. U bu texnologiyani amerikaliklar ixtiro qilgani va uni qadrlash kerakligini bildirdi.

Si Szinpin, o‘z navbatida, Xitoy Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi doirasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun 20 million dollar ajratishini ma’lum qildi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarini umumiy innovatsion ekotizim yaratish va sun’iy intellektni rivojlantirishga chaqirdi.

Tramp, Si va Putin Tinchlik deklaratsiyasini qabul qildi. Uch davlat rahbarlari hozirgi xalqaro vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashdi hamda strategik barqarorlik va xalqaro xavfsizlikni saqlashga sodiqligini bildirdi. Prezidentlar yadroviy urushda g‘oliblar bo‘lishi mumkin emasligi va u hech qachon boshlanmasligi kerakligini tasdiqladi. Uch mamlakat yadroviy xatarlarni kamaytirish va yadroviy qurol tarqalishining oldini olish bo‘yicha muloqot olib boradi. Tahlilchilarga ko‘ra, deklaratsiyada nima borligidan ko‘ra, unda nima yo‘qligi ko‘proq e’tibor tortdi. Hujjatda Ukraina umuman tilga olinmagan. Lekin Tramp bu mavzuni Si bilan ham, Putin bilan ham, uch tomonlama uchrashuv boshida ham ko‘targandi. Har uch yetakchi sammitdan o‘ziga yarasha foyda oldi. Si ikki yirik yadroviy davlat rahbarini yig‘ish obro‘siga ega bo‘ldi va Pekin uchun og‘ir majburiyat olmadi. Putin esa Tramp va Si bilan teng maqomda ko‘rindi. Tramp tashrif muvaffaqiyatini ko‘proq o‘ziga ko‘rsatilgan dabdabali qabul bilan o‘lchamoqda.

«Yadro chamadoni»

Putinning Xitoyga tashrifi chog‘ida uning «yadro chamadoni» ko‘zga tashlandi. Uni davlat rahbari ortidan kim olib yuradi, u nima uchun kerak va ichida nima bor?

Jurnalist Yevgeniy Popov Shenchjendagi sammit davomida o‘ziga xos keysga e’tibor qaratdi. Uni Rossiya prezidentining zobitlaridan biri olib yurgan edi. Jurnalist undan qo‘lidagi «yadroviy chamadon» ekanini tasdiqlashni so‘radi. Rossiya prezidentining ortidan uning «yadroviy chamadoni»ni aynan kim olib yurishi oshkor etilmaydi. Qator OAVlarning yozishicha, ushbu qurilmalarni Strategik maqsadli raketa qo‘shinlari Markaziy qo‘mondonlik punkti ofitserlari tarkibidan shakllantiriladigan maxfiy «K» xizmati ofitserlari olib yuradi. Rossiya oliy rahbariyatida jami uchta «yadroviy chamadon» mavjud: oliy bosh qo‘mondonda (Rossiya prezidentida), mudofaa vazirida va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ida.

Bunda aynan prezident qurilmasi asosiy rol o‘ynaydi. Barcha uchta «yadroviy chamadon» uchun zaxira qurilmalar ham mavjud.

Ayrimlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoyning Shenchjen shahridagi ATES sammitiga olib borgan «yadro chamadoni» mamlakat harbiy qudratini namoyish etish vositasiga aylangan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bunday qurilmaning paydo bo‘lishi xalqaro keskinlik fonidagi diplomatik signalning bir qismi sanaladi. Katta ehtimol bilan, ATES sammitida «yadroviy chamadon»ning paydo bo‘lishi — bu muayyan protsessual elementdir. Odatda Rossiya prezidenti yadroviy tugmadan ajralmaydi va «X soati» kelgan taqdirda yakuniy qaror unga tegishli bo‘ladi. Odatda bu chamadonni unchalik ko‘z-ko‘z qilmaslikka harakat qilishadi. Lekin, ehtimol, bu yerda bu mavzuni «hamkorlar» Rossiyaning yadroviy maqomini eslashlari uchun ataylab ko‘tarishgandir.

«Yadro chamadoni» qanday yasalgan, uning ichida nima bor?

«Yadroviy chamadon»ning aniq tuzilishi qat’iy sir saqlanadi. U «Kazbek» yoki «Kavkaz-7» nomi bilan tanilgan strategik yadroviy kuchlarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimining ko‘chma abonent terminali hisoblanadi. Chamadon o‘lchami 30 ga 40 sm va qalinligi taxminan 10 sm bo‘lgan qora keys ko‘rinishida. U shifrli qulfi bilan birga taxminan 10 kg tosh bosadi. Dastlab SSSRda bunday keyslar qat’iy ravishda mahalliy materiallardan tayyorlangan, biroq keyinchalik bu talablar olib tashlangan. Masalan, Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsinning keysi «Samsonayt» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

«Cheget» tizimining abonent terminali konferens-aloqaga ega telefon apparati hisoblanadi. Aslida u yerda hech qanday «qizil tugma» yo‘q. Keys ichida shifrlangan aloqa tizimi joylashgan bo‘lib, u sun’iy yo‘ldosh orqali Bosh shtabdagi boshqaruv qo‘mondonlik punkti va zaxira punktlari bilan bog‘lanish hamda zarurat tug‘ilganda yadroviy zarba berish to‘g‘risida buyruq yuborish imkonini beradi.

«Yadro chamadoni» qachondir qo‘llanganmi?

SSSR Qurolli kuchlari Bosh shtabi muhandislarga 1970-yillarda yadro qurolini markazlashgan holda boshqarish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha taktik-texnik topshiriq bergan. O‘sha paytda Pentagon Yevropada eng yangi Pershing 1a va Pershing II turidagi raketalarning bir nechta batareyalarini ishlab chiqqan va joylashtirgan. Natijada ularning Sovet Ittifoqi hududigacha uchib borish vaqti 14 daqiqadan 7 daqiqagacha qisqargan.

«Yadroviy chamadon» yaratuvchilaridan himoyalangan aloqa tizimining barcha zarur elementlarini kichik korpus ichiga joylashtirish talab etilgan. Bunda boshqaruvni maksimal darajada soddalashtirish zarur edi: taqdirni hal qiluvchi qaror qabul qilinishi kerak bo‘lgan «X lahzasi»da davlat rahbari yoki qurolli kuchlar qo‘mondoni kuchli stress holatida bo‘lishi mumkin. U barcha zarur harakatlarni bajarishga va buyruq berishga qodir bo‘lishi kerak.

Bunday chamadonlar tizimi qanday ishlashi haqidagi ma’lumot davlat siri hisoblanadi. Taxminlarga ko‘ra, egasi faqat o‘ziga ma’lum bo‘lgan shifrni kiritishi kerak, bu esa raketalarni uchirish imkoniyatini blokdan chiqaradi. Agar kerakli buyruq kelib tushmasa, Rossiyada «O‘lik qo‘l» nomi bilan tanilgan avtomatik javob zarbasi tizimi mavjud.

Rossiya tarixida «yadroviy chamadon» jangovar rejimga o‘tkazilgan yagona holat 1995-yil 25-yanvarda sodir bo‘lgan. Norvegiyadagi poligondan tadqiqot raketasi uchirilgan va u yanglish tarzda Amerikaning «Traydent» ballistik raketasi sifatida aniqlangan. Mudofaa vaziri Pavel Grachyov va Bosh shtab boshlig‘i Mixail Kolesnikov bilan bog‘langan prezident Yelsin «yadroviy chamadon»ni ishga tushirgan. Tez orada vaziyatni yumshatishga muvaffaq bo‘lishgan va bekor qilish signali uzatilgan.

Erdog‘an islom olamiga murojaat qildi

Erdog‘an islom davlatlarini G‘azodagi falokatga jim qarab turmaslikka chaqirdi. U G‘azo sektorida davom etayotgan hujumlar fonida musulmon jamoatchiligi Isroilga bosimni kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishi zarurligini urg‘uladi. 18-noyabr kuni Erdog‘an Adolat va taraqqiyot partiyasining parlament fraksiyasi yig‘ilishida so‘zga chiqib, qirginlar, maqsadli qotilliklar, kamsitish, yakkalab qo‘yish, ataylab ochlikka mahkum etish va boshqa ko‘plab jinoyatlar Isroil rahbariyati dunyodagi eng yirik konsentratsion lagerga aylantirgan G‘azoda butun dunyo ko‘z o‘ngida deyarli har kuni sodir etilishda davom etayotganini ta’kidladi.

Turkiya yetakchisi dunyo eski tartib qulab, ammo uning o‘rniga nima kelishini hech kim bilmaydigan og‘riqli jarayonni boshdan kechirayotganiga e’tibor qaratgan.

«Parda ortida ommaviy axborot vositalari va teleekranlarda aks ettirilayotganidan ko‘ra ancha shafqatsiz va vayronkor raqobat avj olmoqda. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush davom etmoqda, tomonlar o‘zaro talafot ko‘rmoqda, mintaqaga avianosetslarning tashlanishi bilan esa Fors ko‘rfazida vaziyat yana keskinlashmoqda», — dedi Turkiya yetakchisi.

Turkiya prezidenti qishki kuchli sovuq hali boshlanmagani, biroq Isroil tomonidan joriy etilgan g‘ayriinsoniy cheklovlar tufayli G‘azo sektorida hozirdanoq keng ko‘lamli gumanitar falokat boshlanganini qayd etgan. U islom olamini Isroilga bosimni kuchaytirishga chaqirgan.

«Tizzasigacha suv va loyga botib turgan, hatto pana topishi mumkin bo‘lgan chodirlardan ham mahrum va sovuqdan dir-dir titrayotgan G‘azo bolalarining yurakni ezuvchi ahvoliga qarashga yuragimiz dosh berolmayapti. Yillar davomida dunyoga demokratiya va inson huquqlaridan ma’ruza o‘qib kelganlar niqoblarini yechib, o‘zlarining asl yuzini ko‘rsatmoqda. Faqat boshqalarga tayanish o‘rniga, biz, musulmonlar harakat qilishimiz va Isroilga bosimni kuchaytirishga erishishimiz kerak. Islom olami yanada qattiq qishki sovuq boshlanguniga qadar G‘azoga ko‘proq gumanitar yordam yetkazish uchun yanada ko‘proq kuch sarflashi lozim. Biz G‘azodagi birodarlarimiz va opa-singillarimizni vaqtincha joylashtirish uchun konteynerlar yuborishga tayyormiz.

Boshqalar ko‘zlarini yumib, quloqlarini berkitib olsalar ham, biz G‘azodagi zulm haqida jim turmaymiz. Hatto yolg‘iz harakat qilishimizga to‘g‘ri kelsa ham va bizni qo‘llab-quvvatlovsiz qoldirishsa ham, umid qilamanki, insoniyat hamda birodarlarimiz va opa-singillarimiz oldidagi burchimizni bajarishda davom etamiz», — dedi Turkiya rahbari.

Qoni qaynoq deputatlar

Esingizda bo‘lsa, yaqinda Armaniston parlamentida deputatlar o‘zaro mushtlashib, ularning videolari ijtimoiy tarmoqlarda rosa aylanganda. Qaysidir deputatning burni qonagan, yana qaysisiningdir kiyimi yirtilib ketgandi. Internetda ko‘pchilik parlamentda qanday ishlash kerakligini shu deputatlardan o‘rganish kerakligini yozgandi. Xullas, o‘ziyam katta mushtlashuv bo‘lgandi. Bunday tortishuvlar odatiy holga aylanib qolgan Armaniston parlamentida yana janjal chiqdi, bu safar deputat va spiker o‘rtasida.

Armaniston Milliy majlisi majlisida muxolifatchi deputat Edgar Kazaryan yana majlislar zalidan chiqarib yuborilgan. Bu safar unga nisbatan keskin va ko‘cha jargoniga xos iboralar ishlatilgan. Voqeaga «Kuchli Armaniston» partiyasi deputati Edgar Kazaryanning mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan nutqini o‘z joyidan turib izohlagani sabab bo‘lgan.

Parlament spikeri Ruben Rubinyan deputatning xatti-harakatidan keskin norozi bo‘lib, unga nisbatan qo‘pol ohangda murojaat qilgan. Qolaversa, jonli efir chog‘ida jurnalist va siyosatshunos mushtlashib ketdi. Gap shundaki, «Ona Armaniston» muxolifat harakati vakili, jurnalist Boris Murazi va siyosatshunos Arutyun Mkrtchyan Jamoat televideniyesining «Katta debatlar» dasturi vaqtida bahslashib qoldi. Ko‘rsatuv jonli efirda uzatilayotgan edi.

Munozara davomida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro haqorat va tahdidlar bilan kechgan og‘zaki janjal yuzaga keldi. Sal o‘tib mojaro mushtlashuvga aylanib ketdi. Ular o‘z o‘rinlaridan sakrab turib, bir-biriga zarba berdi. Hodisa Armaniston muxolifat kuchlarining siyosiy kun tartibini muhokama qilish vaqtida sodir bo‘ldi. «Katta debatlar» dasturi mehmonlari o‘rtasida mushtlashuv boshlanganidan so‘ng boshlovchilar efirni to‘xtatdi.

Теглар

Асадбек Комилов

Асадбек КомиловМақолалар сони: 506

Барчаси

Мавзуга оид