Logo

Putinga yolg‘on axborot berilmoqda — ISW

Tahlilchilarning fikricha, Rossiya tomonidan tarqatilayotgan videolar soxta va Kreml G‘arb davlatlarini o‘z ustunligiga ishontirishga urinmoqda.

Putinga yolg‘on axborot berilmoqda — ISW

«Urushni o‘rganish instituti» («ISW») Rossiya harbiy qo‘mondonligi prezident Vladimir Putinga Ukrainaning shimolidagi jangovar harakatlar haqida haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar taqdim etayotganini ma’lum qildi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiya tomoni 22-iyuldan buyon deyarli har kuni Xarkov va Sumi viloyatlaridagi yangi aholi punktlari egallanganini e’lon qilib kelmoqda. Jumladan, 29-iyul kuni Novaya Sech, 30-iyul kuni esa Malaya Slobodka, Mogritsa hamda Xarkov viloyatidagi Verevka egallab olingani haqida xabar berilgan.

Biroq «ISW» ushbu hududlarni egallash uchun zarur bo‘lgan kuchlar qayta joylashtirilgani, texnika to‘plangani yoki keng ko‘lamli hujumlar amalga oshirilganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidlagan.

Bahsli da’volar

Ukraina Mudofaa kuchlari ham Rossiyaning Malaya Slobodka, Mogritsa va Novaya Sech egallangani haqidagi bayonotlarini rad etgan.

«ISW» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya piyoda bo‘linmalari shimoliy yo‘nalishda infiltratsiya harakatlarini davom ettirmoqda. Shu bilan birga, ayrim harbiylar aholi punktlarida Rossiya bayrog‘ini ushlab turgani aks etgan videolarni, jumladan sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan materiallarni tarqatib, hudud nazoratga olingani haqida tasavvur uyg‘otishga urinmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, Kreml bu kabi xabarlar orqali AQSH va boshqa G‘arb davlatlarini Rossiya urushda ustunlikka erishmoqda degan xulosaga ishontirishga intilayotgan bo‘lishi mumkin.

Qarshi hujumlar

«ISW»ga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari ayrim yo‘nalishlarda qarshi hujumlarni davom ettirmoqda. Bu esa Rossiya qo‘shinlari barcha front bo‘ylab qarshiliksiz ilgarilayotgani haqidagi rasmiy bayonotlarga zid keladi.

Xususan, institut Xarkov viloyatidagi Otradnoye qishlog‘i Ukraina nazoratiga qaytarilganini qayd etgan. Shuningdek, Novaya Sech, Mogritsa, Ivoljanskoye va Pisarevka yaqinida amalga oshirilgan qarshi hujumlar Rossiya qo‘shinlarining ilgarilashini sekinlashtirgani aytilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид