Logo

Qirg‘izistonning eng yirik banki Londonda IPO o‘tkazish va yuanda obligatsiyalar chiqarishga tayyorlanmoqda

Бугун 20:102 дақиқа

Bank boshqaruvi raisiga ko‘ra, yuandagi qarzlar dollardagiga qaraganda arzonroq tushadi.

Qirg‘izistonning eng yirik banki Londonda IPO o‘tkazish va yuanda obligatsiyalar chiqarishga tayyorlanmoqda © Foto: akchabar.kg

Qirg‘izistonning eng yirik davlat banki hisoblangan «Eldik Bank» 2026 yil oxiriga qadar Gonkong bozorida 500 million dollargacha bo‘lgan miqdorda Dim Sum obligatsiyalarini joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bank boshqaruvi raisi Ulanbek Nogayev «Bloomberg» agentligiga ma’lum qildi.

Ushbu joylashtirish jarayoni joriy yilning dekabr oyidayoq amalga oshishi mumkin. Bu qadam bankning investorlar tomonidan yuqori talab bilan kutib olingan 500 million dollarlik debyut yevroobligatsiyalar chiqarishidan bir necha oy o‘tib yuz bermoqda.

Nogayevning so‘zlariga ko‘ra, yuandagi qarzlar dollardagiga qaraganda arzonroq tushadi va Qirg‘izistonning infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ko‘proq mos keladi. Bunday loyihalarning katta qismi Xitoy ishtirokida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2027 yilda bank dollar obligatsiyalarining navbatdagi chiqarilishini ham rejalashtirmoqda.

London birjasidagi ilk Qirg‘iziston kompaniyasi

Bunga parallel ravishda, «Eldik Bank» 2028 yilda London fond birjasida (LSE) IPO o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bank allaqachon korporativ qayta qurishni boshlagan va davlat aksiyalarning 20 foizigacha bo‘lgan qismini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Agar joylashtirish muvaffaqiyatli o‘tsa, «Eldik Bank» London birjasiga chiqqan birinchi qirg‘iz kompaniyasiga aylanadi.

Qirg‘iziston 2025 yilda suveren yevroobligatsiyalarni joylashtirganidan so‘ng, jalb qilingan mablag‘larning bir qismi «Eldik Bank»ni qo‘shimcha kapitallashtirishga yo‘naltirilgan edi. Natijada uning kapitali besh baravardan ko‘proqqa o‘sib, 80,1 milliard somni (930 million dollar) tashkil etdi.

Sanksiya xavflari va investorlar xavotiri

Biroq, bankning xalqaro bozorlarga chiqishi sanksiya xavflari sababli murakkablashmoqda. AQSH tomonidan Qirg‘izistonning «Keremet Bank»iga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng, investorlar «Eldik Bank»ning dollar obligatsiyalarini ommaviy ravishda sota boshladilar. Bunga Qirg‘iziston bank tizimining Rossiyaning A7 to‘lov kompaniyasi bilan ehtimoliy aloqalari haqidagi xavotirlar sabab bo‘ldi.

«Eldik Bank» A7 to‘lov kompaniyasi bilan hamkorlikni qat’iyan inkor etadi. Bank o‘z sanksiya nazoratini kuchaytirish maqsadida Dentons, Kroll va EY kabi xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada Qirg‘iziston 2027 yilda ilk bor yuanda suveren obligatsiyalarni joylashtirish rejalari haqida e’lon qilgan edi.

Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro sarmoya bozorlariga tobora faolroq chiqmoqda. Xususan, Qozog‘iston allaqachon yuanda obligatsiyalarni faol joylashtirayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston bu yil Milliy investitsiya fondini London birjasiga olib chiqdi.

Теглар

Мавзуга оид