Logo

Qozog‘istonda yo‘lovchili uchuvchisiz aerotaksi ilk parvozini amalga oshirdi

Бугун 14:242 дақиқа

U ikki yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan, soatiga 130 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va 35 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Qozog‘istonda yo‘lovchili uchuvchisiz aerotaksi ilk parvozini amalga oshirdi © Foto: reformy.kz

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida mamlakat tarixida ilk bor bortida inson bo‘lgan uchuvchisiz yo‘lovchi havo kemasining parvozi amalga oshirildi. Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi Fuqarolik aviatsiyasi qo‘mitasi xabar berdi.

Elektr energiyasida harakatlanadigan, vertikal ravishda qo‘nadigan va havoga ko‘tariladigan EH216-S rusumli eVTOL havo kemasining namoyish parvozi poytaxtning maxsus ruxsat berilgan hududi ustida «Kelajak o‘yinlari – 2026» xalqaro turniri doirasida o‘tkazildi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, havo kemasi ikki yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan, soatiga 130 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va 35 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Qozog‘istonda dastlab 5 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadigan namoyish va turistik yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu yo‘nalishlar mamlakatning tabiiy, madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joylari ustidan o‘tishi mumkin. Keyinchalik uchuvchisiz yo‘lovchi havo transporti tizimlari boshqa transport turlari bilan bir qatorda Qozog‘iston transport infratuzilmasining bir qismiga aylanishi mumkin.

Yo‘lovchi tashishdan tashqari, vazirlik shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmon yetkazib berish, yong‘inlarni o‘chirish va tezkorlik muhim bo‘lgan logistika vazifalarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota viloyatida ilk bor eVTOL uchar taksisi sinovdan o‘tkazilgandi. Dunyo bo‘ylab yo‘lovchi tashuvchi ayerotaksilar hozircha sinov bosqichida qolmoqda. Qozog‘istonda mazkur xizmatni 2029-yilga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид

Qozog‘istonda yo‘lovchili uchuvchisiz aerotaksi ilk parvozini amalga oshirdi | Vaqt.uz