Qozog‘istonga yo‘l olgan Mirziyoyev, oilalarining baxtlilik darajasi va Interpol qidiruvidagi sobiq mulozim — 13-may dayjesti

Кеча 23:013 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qozog‘istonga yo‘l olgan Mirziyoyev, oilalarining baxtlilik darajasi va Interpol qidiruvidagi sobiq mulozim — 13-may dayjesti

O‘zbekiston oilalarining baxtlilik darajasi aniqlandi

«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi. Tadqiqot 2026 yil mart–aprel oylarida 12 ming 697 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan. Metodikaga ko‘ra, +0,5 dan yuqori ko‘rsatkich oilalar hayotidan qoniqish darajasi yuqori ekanini anglatadi.

Tadqiqotda oilaviy qadriyatlar, demografik barqarorlik va oilaviy hayotdan mamnunlik eng yuqori baholangan yo‘nalishlar sifatida qayd etildi. Shuningdek, ta’lim, ish bilan ta’minlanganlik va davlat xizmatlaridan qoniqish ko‘rsatkichlarida ham o‘sish kuzatilgan. Avvalroq «World Happiness Report 2025» hisobotida O‘zbekiston dunyoda 53-o‘rinni egallagan edi.

O‘zbekistonlik ilk kosmonavt 2028 yilda fazoga uchirilishi mumkin

O‘zbekistonlik ilk kosmonavt 2028 yilda fazoga uchirilishi mumkin. «O‘zbekkosmos» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, parvoz 10–14 kun davom etishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda AQSH, Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda. Loyiha doirasida kosmonavt fazoda tibbiyot, biologiya va genetika sohalarida ilmiy tajribalar o‘tkazishi mumkin.

Loyihani amalga oshirish uchun kosmonavtlarni saralash va tayyorlash bo‘yicha maxsus hukumat komissiyasi tuzilishi rejalashtirilgan. Tanlov umumxalq dasturi shaklida o‘tkazilishi mumkin bo‘lib, nomzodlar uchun yosh, bo‘y, vazn, oliy ma’lumot va xorijiy tillarni bilish kabi talablar belgilangan. Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy kosmonavtni fazoga uchirish ishlari boshlanganini ma’lum qilgan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ'ning sof foydasi 2 barobarga oshdi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 2026 yil birinchi choragida 479 mlrd so‘m sof foyda oldi. Kompaniya moliyaviy hisobotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 barobarga ko‘p. Foyda o‘sishiga asosan daromadlar hajmining ortishi va operatsion xarajatlarning qisqarishi ta’sir ko‘rsatgan.

Kompaniyaning asosiy faoliyatdan tushgan daromadi 4,7 trln so‘mga yetgan, xarajatlar ulushi esa kamaygan. Shuningdek, davlat budjetiga to‘langan daromad solig‘i 158 mlrd so‘mni tashkil etgan. Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1-fevraldan «Afrosiyob», «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» poyezdlari chiptalari narxi o‘rtacha 15 foizga oshirilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev ertaga Qozog‘istonga boradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan 15-may kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Davlat rahbari Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qiladi.

Tadbir yakunida Turkiston deklaratsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Migratsiya agentligining sobiq xodimi xalqaro qidiruvga berildi

Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirov O‘zbekiston tomonidan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. «Qizil bildirishnoma»da qayd etilishicha, u firibgarlikda ayblanmoqda. Toshtemirov 2025 yil mart oyida qonunbuzarliklar sababli ishdan bo‘shatilgan bo‘lib, u Migratsiya agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

Uning ismi avvalroq Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish bilan bog‘liq ehtimoliy korrupsiya va imtihon qonunbuzarliklari haqidagi xabarlarda ham tilga olingan edi. Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi departament Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh qilgani haqida xabar bergan, shundan so‘ng agentlikning Koreyadagi vakolatxonasidagi xodimlar to‘liq almashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид