Logo

Reklama qonunchiligini buzgan 12 bloger jazolandi

Кеча 12:002 дақиқа

Endi mashhur qo‘shiqchilar, aktyorlar va sportchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalari ham nazorat qilinadi.

Reklama qonunchiligini buzgan 12 bloger jazolandi © Sun'iy intelekt

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda reklama qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazib, 12 nafar blogerga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘lladi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning sahifalarida joylashtirilayotgan reklama materiallari har kuni kuzatib borilmoqda.

Monitoring davomida 12 nafar bloger «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid materiallarni tarqatgani aniqlangan. Qoidabuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.

Shuningdek, qo‘mita taniqli qo‘shiqchilar, aktyor va aktrisalar hamda sportchilar ro‘yxatini ham shakllantirgan. Endi ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama faoliyati ham muntazam nazorat qilinadi.

Reklamadagi talablar

Qo‘mita reklama beruvchilar, tayyorlovchilar va tarqatuvchilarni, jumladan, blogerlar hamda mashhur shaxslarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Xususan, reklama materiallarida iste’molchilarni chalg‘ituvchi, tovar va xizmatlar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otuvchi ma’lumotlarni tarqatish mumkin emasligi ta’kidlangan.

Idora qonunchilik talablarini bilmaslik javobgarlikdan ozod etmasligini eslatdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ustidan nazorat yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda axborot materiali ko‘rinishida yashirin reklama tarqatayotgan blogerlar, vaynerlar hamda OAV vakillariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi haqida xabar bergandi.

Теглар

Мавзуга оид