Rossiya poytaxti markazida mobil internet tiklandi

Бугун 18:552 дақиқа

Moskvada 5-martdan beri davom etgan uch haftalik mobil internet shatdauni yakunlandi. FSB buyrug‘i bilan o‘chirilgan aloqa biznesga milliardlab rubl zarar keltirgani aytilmoqda.

Rossiya poytaxti markazida mobil internet tiklandi

Moskvada 5-martdan boshlangan va qariyb uch hafta davom etgan mobil internet shatdauni 24-mart kuni kutilmaganda yakunlandi. «Bilayn» abonentlariga tarmoq tiklangani haqida SMS-xabarlar kela boshladi, biroq rasmiy idoralar bu cheklovlar sababini ochiqlamadi. Kreml faqatgina «xavfsizlik yuzasidan» va qonunchilikka tayangan holda ish tutilganini bildirish bilan cheklandi.

«The Bell» nashrining hukumat va telekom bozoridagi manbalariga ko‘ra, aloqa operatorlariga internetni cheklash kerak bo‘lgan bazaviy stansiyalar ro‘yxati FSBning ilmiy-texnik xizmati tomonidan «yuqoridan» buyruq sifatida tushirilgan. Hatto hukumatdagi ayrim mulozimlar ham aniq sabablardan bexabar bo‘lgan, ammo FSB taqdim etgan maxsus xarita asosida Moskva markazi (Sadovoye halqasi ichi), Janubiy port va boshqa strategik nuqtalarda aloqa butunlay uzib qo‘yilgan. Avvalroq aytilgan «oq ro‘yxat»ni test qilish versiyasi o‘z tasdig‘ini topmadi.

Biznes uchun milliardlab zarar

«Kommersant» nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, aloqa yo‘qligi sababli Moskva biznesiga yetkazilgan zarar dastlabki besh kunning o‘zidayoq 3-5 milliard rublni tashkil etgan. Shaharda nafaqat taksi va kuryerlik xizmatlari, balki kafelardagi to‘lov terminallari, shahar Wi-Fi tarmoqlari va hatto jamoat hojatxonalaridagi elektron to‘lov tizimlari ham ishlamay qoldi. Madaniy va iqtisodiy hayotning uch haftaga to‘xtab qolishi kichik va o‘rta biznes vakillari uchun og‘ir zarba bo‘ldi.

Roskomnadzorning «sinayotgan» tizimi

Shatdaun davrida nafaqat mobil internet, balki Telegram messenjerining ishida ham jiddiy uzilishlar kuzatildi. Roskomnadzorning trafikni nazorat qiluvchi texnik vositalari (TSPU) kuchaytirilgan tartibda ishlatilgani sababli tizim me’yoridan ortiq yuklamaga duch keldi.

«Forbes» nashrining yozishicha, TSPU Runetdagi butun trafikni qayta ishlashga va taqiqlangan resurslarni to‘liq bloklashga ulgurmay qolgan. Natijada, ayrim foydalanuvchilarda ilgari bloklangan saytlar ochilib ketgan holatlar ham qayd etildi.

OONI xalqaro tadqiqot loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, 25-mart holatiga ko‘ra, Telegram ishini sekinlashtirish belgilari hali ham saqlanib qolmoqda va bloklash anomaliyalari darajasi 74 foizni tashkil etmoqda.

Ekspertlarning fikricha, Moskvadagi ushbu «sinov» hukumat uchun samarali vosita sifatida ma’qul kelgan va kelgusida bunday shatdaunlar yana takrorlanishi ehtimoli yuqori.

Теглар

Мавзуга оид