Saida Mirziyoyeva teatrlar faoliyati bilan tanishdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva uzoq vaqtdan buyon ta’mirtalab bo‘lgan binolarni tiklash va moliyalashtirish ishlari uchun mas’ul shaxslar tayinlab, vaziyatni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.
© Saida Mirziyoyeva Telegram kanaliPrezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi bir qator madaniy muassasalar faoliyati bilan tanishdi. U poytaxtdagi uchta teatrni ko‘zdan kechirib, ularning joriy holatini baholadi.
Qayd etilishicha, Toshkent teatrlarida ijodiy muhit doim faol bo‘lib kelgan. Biroq, ko‘plab teatr binolarining moddiy-texnik bazasi eskirgani va davlat ko‘magiga muhtojligi aniqlangan.
Xususan, Muqimiy nomidagi akademik teatr, Yoshlar teatri hamda «Arena» yotoqxonasi binolarida uzoq vaqtdan buyon ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagani ta’kidlangan.
«Biz hamma sharoitni yaratsakkina, repertuarlar yangilanib turadi, tomoshabin ko‘nglidan joy oladigan, dolzarb mavzulardagi spektakllar sahnalashtiriladi. Nodir qo‘lyozmalarni raqamlashtirib, kitobxonlarga taqdim etayotgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Moliyalashtirish masalalarini hal qilish uchun mas’ul shaxslar tayinlangan. Vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga oldim», dedi Saida Mirziyoyeva.





