Logo

Samarqand haqidagi bayonotlar ortidan Eron elchisi O‘zbekiston TIV chaqirtirildi

Бугун 21:542 дақиқа

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning Toshkentdagi elchisi Muhammad Ali Iskandariyni chaqirtirib, unga rasmiy norozilik notasini topshirdi. Bunga Eronning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Samarqanddagi tarixiy obidalarni siyosiy maqsadda «fors madaniy merosi» sifatida talqin qilgani sabab bo‘ldi.

Samarqand haqidagi bayonotlar ortidan Eron elchisi O‘zbekiston TIV chaqirtirildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning Toshkentdagi elchisi Muhammad Ali Iskandariyni chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirdi. Bunga Eronning xorijdagi elchixonalari tomonidan Samarqandning tarixiy merosi siyosiy maqsadda talqin qilingani sabab bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Eron tomoniga diplomatik vakolatxonalarning X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi postlarini o‘chirish hamda kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar ko‘rish talabi qo‘yilgan.

Vazirlikka ko‘ra, Samarqand, Buxoro, Xiva va O‘zbekistonning boshqa tarixiy shaharlari merosi ko‘p asrlik tarixiy-madaniy taraqqiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Uchrashuvda Samarqandning tarixiy-madaniy qiyofasi o‘zbek xalqining davlatchilik an’analarini aks ettirishi, shuningdek, tarixiy-madaniy masalalarni siyosiylashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi uqtirilgan.

Marko Rubioning tashrifi va elchixonalarning munosabati

Diplomatik bahsga AQSH davlat kotibi Marko Rubioning 19-oktabr kuni Samarqanddagi Registon maydonida qilgan chiqishi va unga bildirilgan munosabatlar sabab bo‘lgan.

AQSH tashqi siyosat idorasi rahbari o‘z video bayonotida shunday degan edi: «Yer yuzida tarix davomida jahon savdosi va tijoratida Samarqand kabi muhim rol o‘ynagan joylar kam topiladi. Bugun shu yerda bo‘lish men uchun sharaf — nafaqat tarixni yodga olish, balki kelajakdagi imkoniyatlar haqida fikr yuritish uchun ham».

Shundan so‘ng Eronning Bolgariya, Armaniston va Niderlandiyadagi elchixonalari Rubioning suratlariga kinoyali izohlar qoldirib, Registonni fors tamadduniga tegishli meros sifatida talqin qilgan. Xususan, Eronning Bolgariyadagi elchixonasi: «Marko Rubio Eron tamaddunini tanqid qiladi, ammo Samarqandda fors madaniy merosi namunalari qarshisida suratga tushadi. Marko, fors tamaddunini tanqid qilishing mumkin, lekin mana, o‘zing endi uning qarshisida turibsan», — deb yozgan.

Eronning Niderlandiyadagi vakolatxonasi esa Samarqanddagi tarixiy maydonni «fors me’moriy merosining durdonasi» deb atagan. O‘zbekiston TIV rasmiysiga ko‘ra, Eron elchisiga Tehronning xorijdagi elchixonalari tomonidan Registon bilan bog‘liq e’lon qilingan jami 5 ta post bo‘yicha e’tiroz bildirilgan.

Ma’lumot uchun, Registon ansambli Temuriylar va Ashtarxoniylar davrida bunyod etilgan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio 7-oktabr kuni Afinada so‘zlagan nutqida qadimgi Fors davlatini yunon tamaddunining dushmani sifatida tasvirlagan edi. Eron elchixonalarining Samarqanddagi obidalarni fors merosiga qiyoslashi aynan mazkur nutqqa nisbatan javob tariqasida yozilgan.

Теглар

Мавзуга оид

Samarqand haqidagi bayonotlar ortidan Eron elchisi O‘zbekiston TIV chaqirtirildi | Vaqt.uz