Logo

Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritishga oid qonunni ma’qulladi

Senatning 19-yalpi majlisida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi va ko‘rib chiqish uchun prezidentga yuborildi. Qonun quyidagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:

Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritishga oid qonunni ma’qulladi

G‘ g‘ → Ğ ğ
O‘ o‘ → Ö ö
Sh sh → Ş ş
Ch ch → Ç ç

10-sentabr kuni Senat «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonunni ma’qulladi.

Yangi qonunga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va uchta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda bitta tutuq belgisidan iborat alifbo joriy etiladi. Asosiy o‘zgarishlar to‘rtta harf va harflar birikmasiga taalluqli.

Xususan, «G‘ g‘» o‘rniga «Ğ ğ», «O‘ o‘» o‘rniga «Ö ö», «Sh sh» o‘rniga «Ş ş», «Ch ch» o‘rniga esa «Ç ç» belgilari qo‘llanadi.

Senator Ohunjon Mamatkarimovning aytishicha, yangi yondashuv «bir tovush — bir harf» tamoyiliga mos keladi va 1995-yilda alifboning amaldagi tahriri qabul qilinganidan keyin yuzaga kelgan qator qiyinchiliklarni bartaraf etishi kerak.

Senatorning ta’kidlashicha, amaldagi alifboda O‘ va G‘ harflarini komputerda yozish uchun bir nechta amal bajarish talab etiladi. Shu sababli ularning amaliyotda o‘ndan ziyod shaklidan foydalanilmoqda.

Bu holat axborot texnologiyalarida ham qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, ayrim dasturlar, lug‘atlar va qidiruv tizimlari «O‘» va «G‘» harflarini turlicha tanishi va o‘zbek tilidagi ma’lumotlarni to‘liq indeksga kiritmasligi mumkin.

«Sh» va «Ch» harflarining harflar birikmasi ko‘rinishida yozilishi ham o‘zbek tilini raqamlashtirishda noqulaylik tug‘dirmoqda. Senator bu holat imloda chalkashliklarga, ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri o‘qish va yozishga ham sabab bo‘layotganini qayd etdi.

Eski yozuvdagi hujjatlar, peshlavhalar taqdiri nima bo‘ladi?

Yangi tahrirdagi tahrirdagi alifboga o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlaridan ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Senatorlar qonun o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda o‘zbek tilini raqamlashtirishni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlagan. Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Eslatib o‘tamiz, 7-iyul kuni «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.

Теглар

Мавзуга оид