Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan AQSHga yetib bordi
O‘zbekiston prezidenti Donald Tramp nomidagi AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadigan Tinchlik kengashining birinchi sammiti va bir qator ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18-fevral kuni rafiqasi hamrohligida amaliy tashrif bilan AQSHga yetib bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Endryus” aviabazasida davlat rahbarini AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Missisipi shtati Milliy gvardiyasi birlashgan shtabi qo‘mondoni Jeyms Henkins va boshqa rasmiy shaxslar, Vashingtonda ajratilgan qarorgohda esa AQSH Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli kutib oldi.
AQSHga tashrif doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtirok etadi. Sammit AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi. Unda G‘azo sektorini tiklash, mintaqada gumanitar yordam ko‘rsatish va barqaror tinchlikni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi. Mazkur format xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan.
O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston kengash asoschilaridan biri
22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tinchlik kengashi nizomini imzoladi. Mazkur hujjatning imzolanishi bilan O‘zbekiston nafaqat tashkilot a’zosiga, balki uning asoschilaridan biriga aylandi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shilgan. Tinchlik kengashining qoidalariga ko‘ra, tashkilotga a’zolik dastlab uch yillik muddatni o‘z ichiga oladi. Biroq, agar biror davlat o‘z ixtiyori bilan birinchi yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi badalni to‘lasa, unga kengashda belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt davomida qolish imkoniyati taqdim etiladi.
Qozog‘iston ham Tinchlik kengashiga qo‘shilish uchun 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmasligi, bu har bir ishtirokchining huquqi ekanini aytib, mamlakat ushbu kengashga a’zolik badalisiz qo‘shilganini ma’lum qilgandi.





