Shveytsariyada «naqd pul erkinligi» Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin

26.02.2026 | 07:552 дақиқа

So‘rovlarga ko‘ra, saylovchilarning qariyb 60 foizi naqd pulni konstitutsion darajada himoya qilishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shveytsariyada «naqd pul erkinligi» Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin

8-mart kuni Shveytsariyada naqd pul muomalasini Konstitutsiya darajasida mustahkamlash bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Bu haqda «Bloomberg» xabar bermoqda. Tashabbus mamlakatda naqd pulni saqlab qolishni istagan fuqarolar pozitsiyasini aks ettiradi. So‘nggi yillarda naqdsiz va raqamli to‘lovlar keng tarqalgani ortidan jamiyatda naqd mablag‘larning kelajagi bo‘yicha bahslar kuchaygan.

Ovozga qo‘yiladigan ikki variant taklif etilgan. Birinchisi faollar guruhi tomonidan ilgari surilgan «Naqd pullar — bu erkinlik» tashabbusi, ikkinchisi esa hukumat tayyorlagan o‘xshash loyiha. «Swiss Info» ma’lumotiga ko‘ra, ular mazmunan deyarli bir xil bo‘lib, faqat ayrim detallarda farq qiladi.

 

So‘rovlar natijasi

SRG hamda «Tamedia/20 Minuten» tomonidan o‘tkazilgan ikki mustaqil so‘rov natijasiga ko‘ra, saylovchilarning taxminan 60 foizi naqd pul muomalasini konstitutsion darajada saqlash g‘oyasini ma’qullagan.

Shveytsariyaliklar naqd pulni jamg‘armalarni saqlashning ishonchli shakli sifatida qabul qiladi. Garchi mamlakatda banknotlar aylanmasi qisqarayotgan bo‘lsa-da, «kesh»ga ishonch saqlanib qolmoqda.

 

Qo‘shimcha masalalar

Referendum doirasida fuqarolar yana bir qator qonun loyihalari bo‘yicha ovoz beradi. Jumladan, turmush qurgan juftliklar daromadiga qarab hisoblanadigan «nikoh solig‘i»ni bekor qilish taklifi ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, jamoat teleradiokompaniyasini moliyalashtirish uchun yig‘imlarni qisqartirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga ajratiladigan mablag‘larni oshirish tashabbuslari ham muhokama qilinadi.

Xalqaro miqyosda Shveytsariya ko‘pincha naqd pul ko‘p aylanadigan mamlakat sifatida qabul qilinadi. Biroq «Swiss Info» ta’kidlashicha, zamonaviy to‘lov vositalari ommalashganiga qaramay, naqd mablag‘lar aholi uchun hanuz barqaror va xavfsiz jamg‘arma vositasi bo‘lib qolmoqda.

Теглар

Мавзуга оид