Logo

Sirojiddin Odilov sudi: jabrlanuvchi tadbirkor da’vosidan voz kechdi

Бугун 20:162 дақиқа

Tadbirkor advokatlar keltirgan ma’lumotlarni tasdiqladi hamda bugungi kunda sudlanuvchiga nisbatan hech qanday moddiy yoki ma’naviy da’vosi yo‘qligini bildirib, buni sudga yozma ravishda taqdim etdi.

Sirojiddin Odilov sudi: jabrlanuvchi tadbirkor da’vosidan voz kechdi

18-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida bloger Sirojiddin Odilov ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari eshitilib, ishga doir materiallar ko‘rib chiqildi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Tadbirkor da’vosidan voz kechdi

Sudda dastlab Samarqanddagi qurilish firmasi ta’sischisi bo‘lgan tadbirkorning ko‘rsatmasi tinglandi. U 2023-yilda «Sirojiddin Media» kanalida uning tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha chiqqan tanqidiy ko‘rsatuvi sababli moddiy va ma’naviy zarar ko‘rgani, keyinchalik moddiy qiymat evaziga uning munosabati olingan ikkinchi materiali ham e’lon qilinganini bildirdi. U tadbirkor ustidan voqealardan 3 yil o‘tib — 2026-yilda shikoyat qilganini esa «Odilov media kishisi ekani va bungacha unga qarshi borishga qo‘rqqani» bilan izohladi.

sirojiddin media 2


Biroq sudlanuvchining advokatlari bergan savollar davomida muhim holat yuzaga chiqdi: bloger chop etgan dastlabki ko‘rsatuvda yolg‘on ma’lumotlar bo‘lmagan. Qolaversa, aynan ushbu tanqidiy materialdan so‘ng tadbirkorning o‘zi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan aybdor deb topilib, javobgarlikka tortilgan va jabrlangan boshqa tadbirkorlarga moddiy zararlar to‘lab berilgan.

Tadbirkor advokatlar keltirgan bu ma’lumotlarni tasdiqladi hamda bugungi kunda Sirojiddin Odilovga nisbatan hech qanday moddiy yoki ma’naviy da’vosi yo‘qligini bildirib, buni sudga yozma ravishda taqdim etdi.

sirojiddin media 3

Sirojiddin Odilov: «Ayblovlar ortida o‘qituvchi Gulira’no Qosimova ishi turibdi»

Shundan so‘ng sudya sudlanuvchi Sirojiddin Odilovning o‘ziga so‘z berdi. Bloger o‘z ko‘rsatmasida faoliyatini har doim qonun doirasida olib borgani, hech qachon firibgarlik qilmaganini ta’kidladi. Odilovning bildirishicha, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ushbu jinoyat ishi farg‘onalik o‘qituvchi Gulira’no Qosimova ishtirokidagi sud jarayonlarini faol va xolis yoritgani bilan bog‘liq.

«Shu ish sabab men bilan qasdlashganlar qilyapti bularni. Masalan, qamalishim haqida tergovga chaqirilishimdan 3 oy avval menga xabar berishgandi», — dedi sudlanuvchi.

U sudya, davlat qoralovchisi va advokatlarning barcha savollariga batafsil javob berdi. So‘ngra sudya yig‘ilganlar guvohligida ishga oid boshqa video, audio va hujjatli dalillarni ham atroflicha ko‘rib chiqdi.

Muzokara bosqichi yana ortga surildi

Ish bo‘yicha barcha ko‘rsatma va materiallar o‘rganib bo‘lingach, sudya muzokara uchun so‘z navbatini davlat qoralovchisiga berdi. Biroq prokuror ishga yaqinda kirishgani sababli muzokaraga tayyor emasligini bildirib, majlisni qoldirishni so‘radi.

sirojiddin media 4


Sudya esa prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirib, muzokara bosqichini 24-sentabr kuniga belgiladi.

Теглар

Мавзуга оид

Sirojiddin Odilov sudi: jabrlanuvchi tadbirkor da’vosidan voz kechdi | Vaqt.uz