Sud ijrosini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi

2027-yil 1-yanvardan davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi sun’iy intellekt texnologiyalari orqali avtomatlashtiriladi.

Sud ijrosini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi

O‘zbekistonda sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarini ijro etish tizimi tubdan raqamlashtiriladi. Prezident tomonidan qabul qilingan yangi farmonga muvofiq, ushbu sohada zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, jarayonlarning samaradorligi sezilarli darajada oshiriladi.

2027-yildan kutilyotgan o‘zgarishlar

Hujjatga ko‘ra, 2027 yil 1-yanvardan davlat ijrochilari faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari keng qo‘llaniladi. Bu orqali qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi avtomatlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu esa inson omilini kamaytirish va tezkorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bilan bog‘liq barcha ish yurituv jarayonlari elektron shaklga o‘tkaziladi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida barcha bosqichlar raqamli formatda amalga oshirilishi tizim shaffofligini ta’minlaydi.

Ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablag‘larini taqsimlash jarayoni ham raqamlashtiriladi. Bu moliyaviy operatsiyalarda aniqlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.

Farmonda belgilanishicha, 2026 yil 1-iyuldan boshlab, sud hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisi qarori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Bu jarayon ortiqcha byurokratik bosqichlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, sun’iy intellekt bo‘yicha tasdiqlangan etika qoidalariga muvofiq ayrim muhim qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimlari xulosalariga tayanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan:

Inson huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlar;

Sog‘liqni saqlash (kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash va boshqalar) va boshqa sohalardagi qarorlar.

Теглар

Мавзуга оид