Logo

«Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi uchun arizalar qabuli boshlandi

Бугун 13:092 дақиқа

100 nafar tanlov g‘oliblarining davlat OTMlarida o‘qiydigan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik kontrakti qoplab beriladi.

«Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi uchun arizalar qabuli boshlandi

O‘zbekistonda «Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi uchun arizalar qabuli 1-sentabrdan boshlandi. Hujjatlar sanitar tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalarida qabul qilinadi.

Tanlovda sanitar tozalash korxonalarida chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida tozalash ishlari bilan shug‘ullanadigan, ko‘p yillar davomida sadoqat bilan mehnat qilgan xodimlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlov yakuniga ko‘ra 100 nafar xodim g‘olib deb topiladi. Ularning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik to‘lov-kontrakt mablag‘i qoplab beriladi.

Ushbu tanlovni o‘tkazish 2024-yildan boshlangan. Tanlovning asosiy maqsadlaridan biri sanitar tozalash korxonalarida chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bevosita amalga oshirayotgan hamda obodonlashtirish boshqarmalarida tozalash ishlarida faoliyat yuritayotgan, kamida 10 yil samarali va sadoqatli mehnat qilgan xodimlarni e’tirof etishdan iborat.

2025-yilda tanlov doirasida xodimlar farzandlarining ta’lim kontrakti uchun 916 mln 718 ming so‘m mablag‘ qoplab berilgan.

Qanday hujjatlar kerak?

Tanlovda ishtirok etish uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

●     nomzodning biometrik pasporti yoki ID-kartasi nusxasi;

●     3×4 sm o‘lchamdagi rangli fotosurat;

●     ma’lumotnoma (obyektivka);

●     nomzodning so‘nggi 3 yilda amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari va tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;

●     farzandi yoki nevarasining davlat oliy ta’lim muassasasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma hamda shartnoma nusxasi;

●     davlat OTMida tahsil olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat.

Tanlov g‘oliblarining davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik kontrakti qoplab beriladi. Bunda to‘lov miqdori BHMning 30 baravaridan oshmasligi kerak.

Shu bilan birga, mazkur imtiyozdan foydalangan talabalar kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladi.

Arizalar 1-oktabrga qadar qabul qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид

«Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi uchun arizalar qabuli boshlandi | Vaqt.uz