Tojikiston fintex kompaniyasi mikromoliya banki ochish uchun litsenziyaga ariza berdi
«Alif» fintex kompaniyasi O‘zbekistonda mikromoliya banki ochish uchun Markaziy bankka ariza topshirdi, kelajakda esa to‘laqonli raqamli islomiy bankka aylanishni rejalashtirmoqda.

Alif fintex-kompaniyasi O‘zbekistonda mikromoliya banki faoliyatini boshlash uchun litsenziya olishga ariza bergani ma’lum qilindi. Bu haqda kompaniya asoschilaridan biri Zuhursho Rahmatullayev ommaviy chiqishida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mikromoliya banki formati kapital talablarining nisbatan pastligi sababli qulay hisoblanadi. Bu esa kompaniya uchun rivojlanishning tabiiy bosqichi bo‘lib, keyinchalik to‘laqonli bankka bosqichma-bosqich transformatsiya qilish imkonini beradi.
Yangi tashkil etilishi rejalashtirilayotgan bank to‘liq raqamli formatda ishlaydi. Unda zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamli to‘lov yechimlari va bulutli platformalardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Kompaniya, shuningdek, kelajakda Markaziy Osiyodagi ilk raqamli islomiy bank bo‘lishni maqsad qilgan. Buning uchun tegishli normativ-huquqiy baza shakllangach, islomiy bank litsenziyasini olish masalasi ko‘rib chiqiladi.
2025-yil sentabrida «Alif» investorlardan mablag‘ jalb qilib, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesga yo‘naltirilgan bank ochish rejalarini e’lon qilgan edi. Loyiha doirasida tadbirkorlar uchun ta’lim dasturlari va akseleratorlarni ishga tushirish ham rejalashtirilgan.
«Alif» 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Tojikiston, O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya 1400 dan ortiq xodim orqali 4,4 milliondan ziyod mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonda faqat bitta mikromoliya banki — «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI» faoliyat yuritmoqda. Markaziy bank «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI» aksiyadorlik jamiyatiga 2025-yil 6-noyabr kuni mikromoliya banki faoliyati uchun ilk litsenziyani bergan edi.
Shuningdek, «AGAT CREDIT» ham o‘z faoliyatini mikromoliya banki sifatida kengaytirish rejasini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 27-mart kuni O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun qabul qilingan edi.





