Logo

Toshkentda 110 dan ortiq kishi «aksiya»da chuv tushdi

Бугун 10:252 дақиқа

Yakka tartibdagi tadbirkorlar tuzgan «kiberbunker»da operatorlar soxta onlayn-do‘konlar nomidan yuzlab vatandoshga qo‘ng‘iroq qilib, ularning 300 mln so‘mdan ortiq pulini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgan.

Toshkentda 110 dan ortiq kishi «aksiya»da chuv tushdi © Sun'iy intelekt

Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri davomida, poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyning 4-qavatida noqonuniy call-markaz – «kiberbunker» faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan shaxs (D.X.) va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning go‘yoki Uzum Market savdo ilovasining «kompaniya aksiyasi» g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumotlar bergan.

Ular sovg‘a uchun to‘lov, fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikrozaym limiti hisobidan vaqtincha «ALVION», «MEGA TECNO» va «MEGA SHOP» YTTga o‘tkazilishini, keyinchalik esa «kompaniya aksiyasi»da yutib olingan maishiy texnika yetkazib berilishini va’da qilib, jabrlanuvchilardan mablag‘lar o‘tkazilishiga erishgan.

Shu bilan birga, guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini go‘yoki mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki «ustingizdan shikoyat qilaman» deya norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan.

Bu yo‘l bilan jabrlanuvchilarning e’tibori chalg‘itilib, ajratilgan kredit yoki mikrozaym limitlarini to‘liq o‘zlashtirishga erishilgan. Mablag‘lar o‘tkazib bo‘lingach, ko‘p hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa butunlay uzib qo‘yilgan.

Tekshiruvlar davomida «ALVION», «MEGA TECNO» va «MEGA SHOP» YTTlar orqali Shayxontohur tumanida tashkil etilgan «kiberbunker»da 5 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn-do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, dastlabki tergovga qadar 110 dan ortiq vatandoshning 300 mln so‘mdan ortiq mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgani aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida 10 ta komputer jamlanmasi, 8 ta mobil telefon, 150 varaqdan iborat shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari va «UZUM NASIYA» ilovasidan ajratilgan limitlar jadvallari, 2 ta daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda guruh a’zolarining respublikaning boshqa hududlaridagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash va qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид