Logo

Toshkentda Bektemir Business City qurilishiga ruxsat berildi

Бугун 15:422 дақиқа

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Bektemir tumanida Bektemir Business City markazini qurishni tasdiqladi. Loyiha 58 gektar maydonni qamrab olib, unga 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Toshkentda Bektemir Business City qurilishiga ruxsat berildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 18-avgust kuni Bektemir tumanida Bektemir Business City markazini qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, zamonaviy arxitektura qiyofasidagi markaz uchun Bektemir tumanidagi bir nechta hududlar dastlabki tarzda ajratiladi.

Jumladan, qurilish «Bektemir» va «Abay» mahallalaridagi Bektemir shoh ko‘chasi bo‘ylab, shuningdek, «Zabardast» mahallasidagi Katta halqa yo‘li bo‘ylab joylashgan hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha buyurtmachisi belgilandi

Bektemir Business City loyihasi buyurtmachisi etib Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Olmazor Business City qurish va undan foydalanish direksiyasi belgilandi.

Bektemir tumani hokimligiga loyiha uchun ajratilayotgan hududlardagi mavjud bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazish, shuningdek, loyiha hududining chegaralarini belgilash vazifasi yuklatildi.

Tuman hokimligi shahar hokimligi va direksiya bilan birgalikda hududning master-rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqishi kerak.

Yer uchastkalari elektron auksionga chiqariladi

Bektemir Business City hududida obyektlar qurish uchun yer uchastkalari tasdiqlangan master-reja asosida elektron onlayn-auksion orqali taqsimlanadi.

Ularni sotishdan tushadigan mablag‘lar esa hududdagi ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obyektlarini qurishga yo‘naltiriladi.

Loyihaga 1,2 milliard dollar sarflanishi rejalashtirilgan

Bektemir City majmuasi qurilishi 28-fevral kuni qabul qilingan Toshkentni kompleks qurish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarorida ham nazarda tutilgan.

Ushbu hujjatda poytaxtni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 16,2 milliard dollarlik 31 ta loyiha ro‘yxati keltirilgan.

Shulardan biri bo‘lgan Bektemir City loyihasi 58 gektar maydonni qamrab oladi. Majmuada turar joylar, servis va ko‘ngilochar obyektlar qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun esa 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Vaqt.uz avvalroq Bektemir tumanida Chirchiq daryosining 16 kilometrlik qirg‘oq hududini qamrab oluvchi «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi hokimlikka taqdim qilingani haqida xabar bergandi.

Umumiy maydoni 958,7 gektarni tashkil etuvchi hududning 307 gektari investorlarga ajratilishi rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1,416 trillion so‘mga baholanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид