Toshkentda issiqlik tarmoqlari sinovdan o‘tkaziladi
Toshkentda issiqlik tarmoqlarini sinovdan o‘tkazish jarayoni 1-maygacha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Toshkentda 24-martdan 1-mayga qadar magistral issiqlik tarmoqlari bosim ostida sinovdan o‘tkaziladi. «Veolia Energy» ma’lumotiga ko‘ra, bu ishlar qish mavsumiga tayyorgarlikni yaxshilash va ehtimoliy nosozliklarni oldindan aniqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Sinovlar davomida quvurlar yuqori bosimda tekshirilib, ularning mexanik mustahkamligi va zichligi baholanadi. Bu jarayon xalqaro xavfsizlik standartlariga mos ravishda olib boriladi.
Bosim bilan tekshirish (opessovka) va hisoblangan haroratga tekshirish ishlari amalga oshiriladigan sanalar va manzillarni quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin.
Ikki bosqichda amalga oshiriladi
24-martdan 31-martgacha bo‘lgan bosqichda ayrim hududlarda issiq suv ta’minoti bir kungacha vaqtincha o‘chirilishi mumkin. Bu davrda asosiy texnik sinovlar va tizimning chidamliligi tekshiriladi.
1-apreldan 1-maygacha bo‘lgan ikkinchi bosqichda esa sinovlar issiq suv ta’minotini o‘chirmagan holda davom ettiriladi. Bu bosqichda tizimning ishlash barqarorligi real sharoitlarda baholanadi.
Mutaxassislar haydovchilar, piyodalar hamda aholidan ehtiyotkor bo‘lishni so‘ramoqda. Ayniqsa, ma’muriy binolar va turar joylar yaqinida ehtimoliy xavfli holatlarga nisbatan e’tiborli bo‘lish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, poytaxtda isitish mavsumini yakunlash ham 24-martdan boshlangan bo‘lib, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa tarmoqlardagi texnik ishlar bilan uyg‘un ravishda olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 30-martdan 12-maygacha ayrim hududlarda ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi yoki bosimi pasayishi mumkin. Ushbu cheklovlar bahorgi mavsumga tayyorgarlik doirasida yirik hajmdagi suv o‘tkazgich tarmoqlarida rejali profilaktika va ta’mirlash ishlari olib borilishi bilan bog‘liq.





