Logo

Toshkentda namunaviy mahalla markazlari o‘rnida aslida nima qurilmoqda?

Кеча 22:246 дақиқа

Toshkent shahar hokimining jamoatchilikdan sir tutilgan qarori asosida poytaxtdagi 131 ta obyekt xususiy tadbirkorlarga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Hujjatda mazkur hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlarida namunaviy mahalla markazlari barpo etilishi belgilangan edi. Biroq real vaziyat qog‘ozdagi rejalardan butunlay farq qilmoqda.

Toshkentda namunaviy mahalla markazlari o‘rnida aslida nima qurilmoqda?

Toshkent shahrining turli tumanlarida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida namunaviy mahalla markazlarini tashkil etish loyihalari doirasida ko‘p qavatli turarjoylar, xususiy klinikalar, mehmonxona va restoranlar qurilmoqda. Mazkur qurilish ishlari Toshkent shahar hokimining 2024-yil 29-noyabrdagi qarori asosida, ekologik va shaharsozlik normalari buzilgan holda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sarpa.media nashri tomonidan o‘rganilgan hujjatlardan ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimining 2024-yil 29-noyabrdagi 877-14-0-Q/24-sonli qarorida jami 112 ta, shuningdek 2-ilovada 19 ta obyekt bo‘yicha tajriba tariqasida mahalla markazlarini qurish ko‘zda tutilgan. Biroq mazkur hujjat tizimda «Xizmatda foydalanish uchun» (XFU) grifi ostida yashirilgan.

Qarorni yopiq tarzda qabul qilishga unda shaxsiy va homiylikka oid ma’lumotlar borligi sabab qilib ko‘rsatilgan. O‘zbekiston qonunchiligiga (VMQning 766-son qarori) ko‘ra, umummajburiy tusdagi va davlat organlari faoliyatining ochiqligiga oid ma’lumotlarni (jumladan, budjet va yer ajratish) XFU grifi bilan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahalla markazi o‘rnidagi mehmonxona va klinikalar

Tasdiqlangan talablarga ko‘ra, mahalla markazlarida kutubxona, jadidlar burchagi, majlislar zali, tibbiyot xonasi va bepul avtoturargohlar bo‘lishi shart edi. Biroq ochiq ma’lumotlar asosida 59 ta obyekt joylashuvi va quruvchilari tekshirilganda, aksariyat yangi binolarning faqatgina birinchi yoki yerto‘la (sokol) qavati mahalla yig‘iniga berilib, asosiy qismi tijorat uchun ajratilgani aniqlandi.

Xususan, xulosalarga ko‘ra quyidagi obyektlar qurilishi rejalashtirilgan:

— Guzarboshi mahallasida: «EAST DREAM ENGINEERING» MCHJ tomonidan 80 xonadonli 7 qavatli turar joy;
— Birdamlik mahallasida: «YOSH NIHOL TEKSTIL» MCHJ tomonidan 3–5 qavatlarida 56 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika joylashgan 5 qavatli bino;
— Turon mahallasida: «LAURIS DECORATION BUILD» MCHJ tomonidan basseyn va go‘zallik saloniga ega sport-sog‘lomlashtirish majmuasi;
— Beshag‘ach mahallasida: «ONE HOUSING GROUP» MCHJ tomonidan 6 qavatli mehmonxona;
— Nihol mahallasida: «FRIENDS FISH LUCKY» MCHJ tomonidan tomida restorani bor mansardali 3 qavatli bino.

Shu bilan birga, «INSAN 01» MCHJ loyihasi hujjatlarida mahalla qo‘mitasi umuman tilga olinmagan, faqat do‘kon va ofislar qayd etilgan.

Avtoturargohlar va eski binolarning yo‘q qilinishi


Kamida beshta holatda (Matonat, Beg‘ubor, Abdulla Avloniy va boshqa mahallalarda) yangi tijorat markazlari aholi foydalanib kelayotgan mavjud bepul avtomobil turargohlari o‘rnida qurilmoqda. Bunyod mahallasida («Umida Bint-u Baxodir» MCHJ) esa bunday qurilish allaqachon yakunlangan.

Qarorda loyihalar o‘z xizmat binosiga ega bo‘lmagan yoki avariya holatidagi mahallalar uchun mo‘ljallangani aytilgan. Ammo loyihalarning uchdan bir qismi avvaldan ishlab turgan va ta’mirtalab bo‘lmagan bir qavatli mahalla qo‘mitasi binolarini buzib (Diyorobod, Cho‘lpon, Yashnobod va h.k.), ularning o‘rnida ko‘p qavatli binolar qurishni nazarda tutadi.

Ekologik xulosasiz qurilish va daraxtlarning kesilishi

«Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bunday loyihalarni Atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza (AMTAL)ning ijobiy xulosasisiz boshlash taqiqlanadi.

Shunga qaramay, kamida uchta holatda qurilish ishlari ekologik xulosasiz boshlangan yoki to‘liq bitkazilgan:

— Nurliyo‘l mahallasi («PRIME TOWERS» MCHJ): Bino to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilgan, xulosa esa orqa sana bilan qilingan.
— Abdulla Avloniy mahallasi («VORIS PROPERTY MANAGEMENT» MCHJ): Xulosa olinmasdan oldin binoning asosiy qismi qurib bitkazilgan.
— Astrobod mahallasi («PHARM REVIVAL» MCHJ): Qurilish 2022-ilda boshlangan, ekologik xulosa esa 2025-yilda olingan.

Nashrning o‘rganishicha, hududlardagi daraxtlar bilan bog‘liq holatlar ham qonunbuzilishlar bilan kuzatilmoqda. «Quyosh» mahallasida quruvchi daraxtlarni qurilishdan oldin o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagan. «MERCURY ENERGY», «MAGNAT GOLD ICE CREAM GROUP» va «TRUE GRADE» kabi MCHJlarning hujjatlarida esa qurilish dog‘ida daraxtlar yo‘qligi ko‘rsatilgan, biroq sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ayrim inspektorlar xulosalari bu hududlarda o‘nlab daraxtlar borligini tasdiqlagan.

Eng ko‘p obyektlarni kimlar oldi?

Yopiq qaror bilan quyidagi kompaniyalar biryo‘la ikkitadan obyektga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgan:

«Haike zhineng» — Uchtepadagi Qo‘rg‘ontepa va Farhod mahallalari;

«MAX WIN SERVICE» — Mirzo Ulug‘beqdagi Ijodkor va Geologlar mahallalari;

«BEST-TALL-HOUSE» — Mirzo Ulug‘beqdagi Buyuk ipak yo‘li va Olmazordagi Achaobod mahallalari;

«Profound consult» — Sergelidagi Nog‘ay qo‘rg‘on va Sohibqiron mahallalari;

«ART-CONST» — Sergelidagi Nurhayot va Saxovat mahallalari;

«TRUE GRADE» — Sergelidagi Qipchoq va Eshonbuloq mahallalari;

«INNO CONSTRUCT» — Shayxontohurdagi Ko‘kcha va Olmazordagi Bo‘stonobod mahallalari;

«FAST CONSTURTION» — Yakkasaroydagi Damariq va Yashnoboddagi Ma’rifat mahallalari.

«Fantom», bankrot va imtiyozli kompaniyalar

Quruvchi kompaniyalarning ro‘yxati o‘rganilganda, ularning ko‘pchiligi shubhali maqomda ekani aniqlangan. Xususan, «SHOH MANAGEMENT», «Tech Teams», «UCHTEPA SHIREN-BSK», «O‘ZGARISH QURILISH» kabi 10 ga yaqin kompaniya haqida na internetda, na yuridik shaxslar reyestrida hech qanday ma’lumot topilmagan.

Shu bilan birga, loyihalar rasman tugatilgan va bankrot korxonalarga ham berilgan. Masalan, «BILLUR CONSALTING SERVIS» MCHJ 2025 yil 2-dekabrda rasman bankrot deb topilgan. «Doppi media» va «LUXURY HOME» kabi MCHJlar majburiy tugatilgan, boshqalari esa «faol emas» maqomida.

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga ishora qiluvchi holatlar ham yo‘q emas. Loyihalardan birini olgan «DELTA GLOBAL DYNAMICS» MCHJning 99 foiz ulushi sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Komilov Doniyor Abdulazizovichga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, hokim qarori va rasmiy hujjatlarda o‘nlab kompaniyalar nomi imlo xatolari bilan (masalan, «Comford» o‘rniga «Comfort», «ABC Cosmoc» o‘rniga «ABC Cosmo») yozilgani hujjatlarning qanchalik shoshqaloqlik va mas’uliyatsizlik bilan tayyorlanganini ko‘rsatadi.

O‘zaro chambarchas bog‘langan «kartel» tarmog‘i

Loyihalarni yutib olgan kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalar chuqurroq o‘rganilganda, ularning ko‘pchiligi yagona guruhlarga tegishli ekani va rahbarlarni o‘zaro almashtirib turishi ma’lum bo‘ldi:

Qashqar va Billur tarmog‘i: «Qashqar Consalting Servis» va «Hous Servis 22» kompaniyalari K.A.Aripov va A.A.Tuygunov orqali o‘zaro bog‘langan. Tuygunov, shuningdek, bankrot deb topilgan «Billur Consalting Servis» va «LSI investor builder» bilan ham aloqador.

Umumiy buxgalterlar va rahbarlar: «Welcome to Bukhara» va «Best Tall House» kompaniyalari doimiy ravishda rahbarlarini (N.Ya.Rahmonov va A.M.Zaripov) o‘zaro almashtirib turadi. Ikkala tuzilmaning buxgalteri ham bir shaxs — A.S.Otayev. Xuddi shunday holat «Ayino» va «Star Shine Progress» kompaniyalarida ham kuzatiladi — ularni A.R.Orifjonov va O.G.Yoqubov birgalikda ta’sis etgan hamda rahbar va buxgalter rollarini navbatma-navbat bajarib kelgan.

Pozilovlar tarmog‘i: I.A.Pozilov, M.M.Saypiddinov, N.M.Pozilova va Z.Z.Azimovlar «UTILMED-SERVICE», «Lumar Stroy», «Inno Construct», «Silver Houses» kabi bir qator qurilish va pudratchi kompaniyalarni yagona tarmoq sifatida boshqarib keladi.

Yagona arizachi: ikkita go‘yoki mustaqil kompaniya — «ABC Cosmo» va «Orient Star» nomidan ekologik ekspertiza markaziga arizalarni bitta shaxs (Hasanov Abror) topshirgani ularning yagona markazdan boshqarilishini isbotlaydi.

Mazkur holatlar yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov ham o‘z munosabatini bildirib, mahalla markazlari qurish bahonasida auksionsiz yer ajratish amaliyotini keskin tanqid qildi.

«Ko‘p bora takrorlayotganimizdek, bu borada yagona yo‘l qonunga qaytish — mahalla markazlari yoppasiga inventarizatsiya qilinishi, yopiq qarorlar ochilishi, lozim bo‘lsa, bu maydonlar yana zaxiraga qaytarilishi, mahalla uchun bino zaruriyati bo‘lsagina, aholining mutlaq ko‘pchilik roziligi olinsagina, auksion asosida qaytadan savdoga qo‘yilishi kerak», — deydi Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq VAQT.UZ Ochiqlik indeksida hisobga olinmagan tashkilotlar, hokimliklardagi yashirin qarorlar va banklar reytingidagi keskin o‘zgarishlarni tahlil qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид