Toshkentdagi bahsli ko‘prik loyihasi, kapital ta’mirga muhtoj maktablar va ehtiyojmand oilalarga to‘langan kompensatsiya — 21-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga to‘langan kompensatsiya miqdori ma’lum qilindi
Isitish mavsumida O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini qoplash maqsadida jami 73,7 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langan. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ko‘ra, ushbu mexanizm PQ-134-son qaror asosida amalga oshirilib, bazaviy me’yordan ortiq sarflangan energiya uchun narxlar farqi davlat tomonidan qoplab berilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, kompensatsiya olish uchun 1,3 milliondan ortiq ariza kelib tushgan. Elektr energiyasi bo‘yicha arizalarning 64,9 foizi 200 kWgacha, 19,7 foizi 200–350 kW oralig‘ida, 15,4 foizi esa 350 kWdan yuqori iste’mol qilganlarga to‘g‘ri keladi. Tabiiy gaz bo‘yicha 362,8 ming oila o‘rganilib, ularning 79,4 foizi 500 m³gacha, 14 foizi 500–700 m³, 6,6 foizi esa 700 m³dan ortiq gaz sarflagan. Kompensatsiya to‘lovlari 2027 yil 1-aprelga qadar davom ettiriladi.
«Yo‘lni kengaytirish tirbandlikni hal qilmaydi». Urbanist BIYda ko‘prik o‘rniga yangi loyihani taklif qildi
Toshkentda Buyuk Ipak Yo‘li metro bekati chorrahasida qurilishi rejalashtirilgan ikki qavatli ko‘prik loyihasi jamoatchilik muhokamalarida bahslarga sabab bo‘ldi. Urbanist Iskandar Soliyev loyihani tanqid qilib, uning asosiy maqsadi avtomobil o‘tkazuvchanligini 130 foizga oshirishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu chorrahadan kuniga 286 ming piyoda va 140 ming avtomobil o‘tadi, ammo hozirgi infratuzilmada yo‘l maydonining 81,8 foizi mashinalarga ajratilgan, piyodalar uchun esa atigi 10 foiz joy qolgan. Shu bilan birga, rejalashtirilgan ko‘prik amalga oshirilsa, piyodalar uchun sharoit yana yomonlashib, o‘tish masofasi uzayadi va ular uchun ajratilgan maydon yana qisqaradi.
Soliyev muqobil yechim sifatida piyodalar va jamoat transportini ustuvor qiladigan loyihani taklif qildi. Unga ko‘ra, markazda avtobuslar uchun alohida yo‘lak saqlanadi, piyodalar uchun esa svetoforlar orqali xavfsiz yerusti o‘tish yo‘laklari joriy etilib, o‘tish masofasi 100 metrdan 25–30 metrgacha qisqaradi. Shuningdek, yashil hududlar 15,4 foizga oshirilib, dam olish maskanlari yaratiladi. Urbanist bu variantni 3–5 mln dollarga baholab, ko‘prik uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan 20–40 mln dollar o‘rniga tejalgan mablag‘ni BRT yo‘llari, bog‘lar yoki ijtimoiy obyektlarga yo‘naltirish mumkinligini ta’kidladi.
Sovuq qurolni takroran olib yurganlik uchun qamoq jazosi joriy etildi
O‘zbekistonda sovuq qurol yoki shunday maqsadda ishlatilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. 17-aprelda qabul qilingan qonunga ko‘ra, agar bu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, shaxsga BHMning 5–10 baravari (2,06–4,12 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanadi hamda ashyolar musodara qilinadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jamoat joylarida sovuq qurolni ochiq olib yurish uchun ham jarima mavjud: qonuniy maqsadlarda — BHMning 0,5–1 baravari, noqonuniy yoki o‘zini himoya qilish maqsadida esa 1–5 baravarigacha. Shuningdek, qonunga kiritilgan o‘zgarishlar asosida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga qurol sotib olishga ruxsat berilmaydi, mavjud qurollar esa himoya orderi davrida olib qo‘yiladi.
Martda aholi eng ko‘p kommunal xizmatlar va oziq-ovqat qimmatlashganini sezdi
2026 yil mart oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflatsiya fevralga nisbatan 0,5 foiz bandga pasayib, 11,1 foizni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 13,3 foiz, eng pasti esa Namangan viloyatida — 10 foiz bo‘lgan. Shunga qaramasdan, aholi asosan kommunal xizmatlar hamda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari oshganini sezgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, mart oyida meva-sabzavotlar, tuxum, yo‘lkira va tashish xizmatlari arzonlashgan, ijara to‘lovlarida ham qisqarish kuzatilgan. Biroq elektr energiyasi va gaz, shuningdek, kafe-restoran xizmatlari qimmatlashgani qayd etilgan. Inflatsiyani sezish darajasi guruhlar kesimida farq qilib, eng yuqori ko‘rsatkich ishlab chiqarish sohasida — 13 foiz, eng pasti tashish xizmatlari xodimlarida — 10,2 foiz bo‘lgan, yuqori daromadli aholida esa bu ko‘rsatkich 16,7 foizga yetgan.
934 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj – vazir o‘rinbosari
O‘zbekistonda 934 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj bo‘lib, ular 669 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu maktablar «qizil ro‘yxat»ga kiritilgan bo‘lib, jumladan, Qoraqalpog‘istonda 58 tasi uzoq yillardan beri to‘liq ta’mirlanmagan. Shu bilan birga, mamlakatda 1900 dan ortiq maktabda sport yoki faollar zali yo‘q.
Shuningdek, 263 ta hududda yangi maktab qurish zarurligi qayd etildi. Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, joriy yilda Islom taraqqiyot banki ishtirokida 200 mln dollarlik 58 ta loyiha boshlanadi, ularning 15 tasi bo‘yicha tenderlar may oyigacha e’lon qilinadi. Bundan tashqari, Osiyo infratuzilma investitsiya banki bilan ham 200 ta maktab bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.





