Logo

Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» bog‘i mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiriladi — hokim

Бугун 17:102 дақиқа

Poytaxtdagi 585 ta mahallada kitobxonlik burchaklari tashkil etiladi, 12 ta tumanda zamonaviy kutubxonalar quriladi. «Moviy gumbazlar» bog‘ida esa kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan «Kitob ko‘chasi» tashkil etish rejalashtirilgan.

Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» bog‘i mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiriladi — hokim © Foto: gazetauz

Toshkentda bosqichma-bosqich barcha 585 ta mahallada kitobxonlik burchaklarini tashkil etish, poytaxtning 12 ta tumanining har birida zamonaviy kutubxonalar qurish hamda yirik yangi savdo markazlarida kitob do‘konlari ochish bo‘yicha talab joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «O‘zA»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Mazkur chora-tadbirlar prezidentning 27-iyulda qabul qilingan «2026–2027-yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.

Shavkat Umurzoqovning ta’kidlashicha, hujjatda kitob va mutolaaga shahar muhitining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda.

«Buni insonning odatiy yo‘li orqali tushuntirsam, odam uyidan chiqadi, o‘z mahallasida kitobxonlik burchagini ko‘radi. Bunday burchaklar endilikda poytaxtdagi barcha — 585 ta mahallada bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Tuman markaziga borsa, zamonaviy kutubxonaga duch keladi, ya’ni 12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurish rejalashtirilgan, joylari allaqachon belgilangan», — dedi u.

Uning aytishicha, gap faqat kitob saqlanadigan binolar qurish haqida emas.

«Maqsadimiz — shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va o‘zining ilmiy-ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan jamoat makonini yaratish», — dedi hokim.

Shavkat Umurzoqov «Moviy gumbazlar» nomi bilan tanilgan hududni ushbu yo‘nalishdagi markaziy loyihalardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hudud tarixan kitob savdosi markazlaridan biri bo‘lgan.

Endi esa uni kitobxonlik madaniyatiga ixtisoslashgan zamonaviy jamoat makoniga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Savdo markazlarida kitob do‘konlari

Umurzoqovga ko‘ra, Toshkentda quriladigan yangi yirik savdo markazlari uchun majmua ko‘lamiga mos maydonda kitob do‘koni ochish bo‘yicha majburiy talab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, poytaxtning sayyohlar gavjum bo‘ladigan ko‘chalarida imtiyozli shartlar asosida kitob do‘konlari va buk-kafelar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Hokimning aytishicha, asosiy maqsad kutubxona va kitob do‘konlarini shaharning eng jozibador hamda qulay jamoat makonlaridan biriga aylantirishdan iborat.

«Maqsad bitta – inson qayerda bo‘lmasin, mahallada, tumanda, ko‘chada yoki savdo markazida – kitob unga yaqin bo‘lsin. Biz «O‘n besh daqiqalik shahar» deganda, aslida shuni ham nazarda tutamiz», — dedi u.

Avvalroq, Toshkent shahar hokimi 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilayotgani, biroq ularning birortasi yopilmasligi yoki o‘z funksiyasini yo‘qotmasligini ma’lum qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид