Toshkentdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalariga maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlandi
Toshkentda yong‘in xavfini kamaytirish uchun maxsus rejim joriy etildi. Yangi cheklovlar umumiy ovqatlanish shoxobchalari, yonilg‘i quyish stansiyalari va aholi xonadonlarini qamrab oladi.
© hududgazToshkent shahrida 22-iyundan 15-sentabrgacha «yong‘inga qarshi maxsus rejim» joriy etildi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqovnining qarori e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, yozning issiq kunlarida yong‘in xavfini kamaytirish maqsadida qator cheklovlar va profilaktik choralar joriy etilmoqda.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri sifatida bozorlar, savdo majmualari va boshqa umumiy ovqatlanish obyektlarida ovqat tayyorlash uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlandi. Shuningdek, gaz quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olish maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalarida nazorat kuchaytiriladi. Bu ishlar Poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi, «O‘zenergoinspeksiya», Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi va «Hududgaz Poytaxt» hamkorligida amalga oshiriladi.
Yonilg‘iga cheklovlar
Qaror bilan barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida xavfsizlik nazorati ham kuchaytiriladi. Kunning eng issiq vaqti — soat 11:00 dan 17:00 gacha yirik hajmli transport vositalariga yonilg‘i quyish hamda yer usti va yer osti omborlariga yonilg‘i yuklash cheklanadi.
Bundan tashqari, yengil avtomobillarga avtotsisternalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suyultirilgan gaz quyish taqiqlanadi. Ushbu talab buzilgan hollarda yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini to‘xtatib qo‘yishgacha bo‘lgan huquqiy choralar qo‘llanishi mumkin.
Hujjatga muvofiq, poytaxtda favqulodda xizmatlar harakatiga to‘sqinlik qiladigan shlagbaum va boshqa sun’iy to‘siqlar aniqlanib, bartaraf etiladi.
Shuningdek, aholi xonadonlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha keng qamrovli profilaktika ishlari o‘tkaziladi.
Elektr va gaz tarmoqlari, suv isitish qozonlari, ventilyatsiya tizimlari hamda mo‘rilar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tegishli mutaxassislar jalb qilinadi. Konditsioner va boshqa maishiy elektr qurilmalaridan xavfsiz foydalanishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlangani haqida xabar berilgandi.





