Xalqning boshi qotdi — hafta dayjesti
«Imarat Development»ning mablag‘lari «boshqa maqsadlarga yo‘naltirilgani» iddao qilindi. Suyultirilgan gazning narxi oshadigan bo‘ldi. «Oq oltin» borasida rekord o‘rnatildi. Shu va boshqa yangiliklar bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.
Bir haftada 18 kishi is gazidan halok bo‘ldi. Suyultirilgan gaz narxi 2,5 barobar oshishi e’lon qilindi. Mobil radarlar bo‘yicha qoidalar o‘zgardi, talabalarni esa shubhali ilovalarni o‘rnatishga majburlashgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bular — noyabr oyining ilk haftasida O‘zbekistonda muhokama qilingan voqealarning ayrimlari. Haftaning eng muhim yangiliklari — Vaqt.uz dayjestida.
O‘zbekistonda noqonuniy sotilgan isitish qozonlari 18 kishining umriga zomin bo‘ldi
Germaniyada utilizatsiyaga topshirilgan Vaillant rusumli isitish qozonlari O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilib, ta’mirlangan va yangi deb sotilgan. Fojia oqibatida 18 kishi is gazidan vafot etdi. Farg‘ona viloyati FVB ma’lumotiga ko‘ra, eski qozonlar asl dudburonsiz olib kirilib, ularning o‘rniga yuqori haroratga chidamsiz kanalizatsiya quvurlari o‘rnatilgan. Oqibatda gaz chala yonib, xavfli is gazi ajralib chiqqan.
25-oktabr kuni Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘ida bir oilaning 7 a’zosi, shu kuni Toshkentda 6 kishi, 1-noyabr kuni esa Qo‘qonda 5 kishi halok bo‘lgan. FVB bunday qozonlarni o‘rnatgan fuqarolarni ulardan foydalanishni darhol to‘xtatishga va mutaxassislarga murojaat qilishga chaqirdi.
Boshqa isitish qurilmalarining ham xavfsizligi va foydalanishga yaroqliligini tekshirtirish tavsiya etildi.
Qish mavsumida qo‘lbola isitish anjomlaridan foydalanmang, o‘zingiz va oilangizni ehtiyot qiling.
«Imarat Development» asoschisi Marat Hamdamov qamoqqa olindi
O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan «Imarat Development» atrofidagi mojaro yangi bosqichga chiqdi. Kompaniya asoschisi Marat Hamdamovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 192-11-moddasi (nodavlat tashkilot mansabdor shaxsining vakolatlarini suiiste’mol qilishi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2-noyabr kuni sud unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘lladi. 5-noyabr kuni Hamdamovning turmush o‘rtog‘i, dizayner va aktrisa Shahzoda Muhammedova videomurojaat bilan chiqdi. U turmush o‘rtog‘ini himoya qilib, kompaniyadagi kelishmovchiliklar haqida gapirdi va uning sherigi Jasur Azizovga nisbatan jiddiy ayblovlarni ilgari surdi.
Shuningdek, Marat Hamdamov, Jasur Azizov va boshqa ishtirokchilar o‘rtasidagi suhbatlardan audioyozuvlarni e’lon qildi.
Muhammedovaning da’vo qilishicha, Jasur Azizov va kompaniya moliyachisi sifatida tilga olingan Hilola ismli shaxs kompaniya mablag‘larini boshqa maqsadlarga yo‘naltirgan. U pullarning bir qismi Azizovning qarindoshlari hisob raqamlariga o‘tkazilganini ham aytdi.
Muhammedova bu holatlarga oid dalillar, jumladan, audioyozuvlar Toshkent shahar IIBBga topshirilganini bildirdi. Kompaniya atrofidagi mojaroning boshqa tafsilotlarini Vaqt.uz tayyorlagan tahliliy videoda tomosha qilishingiz mumkin.
100 ming dollar pora
Hayotingiz bino bo‘lib, 10 ming dollarni qo‘lingizda ushlab ko‘rganmisiz, yo‘qmi, bilmadim-u, lekin Farg‘onada Bosh prokuratura departamenti tergovchisi 100 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlandi. Farg‘onada Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti shahar bo‘limi tergovchisi ushlandi. U jinoyat ishi bo‘yicha zarar miqdorini kamaytirish va qidiruvni bekor qilish evaziga 100 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda.
U Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilayotgan tergov harakatlarini ayblanuvchi foydasiga hal qilish va yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirishni va’da qilgan.
Suyultirilgan gaz narxi 2,5 barobar oshadi
Suyultirilgan gaz ishlatadiganlar, cho‘ntagingizni baquvvat qiling! 15-noyabrdan O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gaz narxi bir kilogramm uchun 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha oshadi. Standart 20 kilogrammlik gaz ballonining narxi 40 ming so‘mdan 100 ming so‘mga ko‘tariladi. Bu hukumatning 31-oktabrdagi qarorida belgilandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga esa gaz xarajatining bir qismini qoplash uchun oyiga 60 ming so‘mgacha kompensatsiya beriladi. Har bir kilogramm gaz uchun 3 ming so‘m hisobida, oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz xaridi qoplanadi. Mablag‘lar ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi.
Kompensatsiya Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, daromadi belgilangan mezonlardan oshmaydigan ehtiyojmand oilalar, shuningdek, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalarga beriladi. Arizani Davlat xizmatlari markazi, «Inson» markazi, mahalladagi ijtimoiy xodim, my.gov.uz yoki «Ijtimoiy karta» ilovasi orqali topshirish mumkin. Xizmat bepul.
Hukumat narx oshishini aholini gaz bilan o‘z vaqtida ta’minlashdagi muammolar bilan izohlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, gaz ballonlarini yetkazib berish oralig‘i ayrim hududlarda 50–70 kundan oshib ketgan. Shu sababli ayrim oilalar gazni bozordan kilogrammini 11 ming–13,5 ming so‘mdan sotib olishga majbur bo‘lgan.
Mobil radarlar uchun ogohlantiruvchi belgilar talabi bekor qilindi
Haydovchilar diqqatiga! Bu xabar sizni xursand qilmasligi mumkin, lekin O‘zbekistonda mobil radarlar borligini maxsus yo‘l belgisi orqali oldindan ko‘rsatish talabi bekor qilindi. Endi «Radar» belgisi faqat tezlikni nazorat qiluvchi statsionar radarlar oldiga o‘rnatiladi. Belgi radardan 250–500 metr masofada bo‘lishi kerak. Mazkur qaror bilan, shuningdek, 1-noyabrdan boshlab chorrahagacha 50 metr hamda qayrilib olish joylarigacha 20 metr masofada 1.1 (bir yaxlit) va 1.3 (ikkita yaxlit) yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlangan haydovchilarga yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi bekor qilindi.
Biroq qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratib turuvchi 1.1 va 1.3 chiziqlarini bosib o‘tish holatlari bundan mustasno. Bunday qoidabuzarliklar kuzatilganda, inspektorlar bayonnoma rasmiylashtirishga haqlidir. Bundan tashqari, hukumat qaroriga asosan, xususiy radarlar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarning qoidabuzarligini ham qayd etishiga ruxsat berildi. Buning uchun xususiy radarlar tomonidan olingan fotosuratlar yuqori sifatli bo‘lishi, ularda haydovchining yuzi va xavfsizlik kamarini taqqan yoki taqmagani aniq aks etishi shart qilib belgilandi.
Toshkentdagi turnirga kelgan qozog‘istonlik futbolchilar zaharlandi
Toshkentdagi «Do‘stlik Cup 2026» xalqaro futbol festivaliga kelgan Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidan 11 bola va 6 nafar katta yoshli kishi ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Jami 19 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Sportchilardan birining onasi Gulnurning aytishicha, alomatlar 30-oktabr kuni nonushtadan keyin boshlangan. Bolalarda isitma, ich ketishi va qayt qilish kuzatilgan. Ota-onalar zaharlanishga mehmonxonadagi taomlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq aniq sabab hozircha ma’lum emas.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani, diplomatlar ularning yaqinlari bilan aloqada ekanini bildirdi. Bemorlarning ahvoli barqaror. Sog‘lig‘i imkon bergan ishtirokchilarni samolyotda Qozog‘istonga qaytarish tashkil etilmoqda. Musobaqa tashkilotchilari hodisa yuzasidan uzr so‘rab, holatga oydinlik kiritish uchun choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. Turnirning birinchi bosqichi taqdirlash marosimi bekor qilingan, ikkinchi bosqich taqdiri esa ko‘rib chiqilmoqda. Ko‘cha-ko‘yda ovqat yeganda hushyor bo‘ling.
Yo‘l bor, «trotuar» yo‘q: piyodalar qayerdan yursin?
Yangi yo‘llar qurilyapti, asfalt yotqizilyapti, ammo piyodalar uchun «trotuar»lar unutilmoqda. Bu masala Senatda keskin tanqid qilindi. Senator Rustam Kalonov ayrim hududlarda yo‘l qurib bitkazilgan bo‘lsa-da, uning ikki chetida piyodalar yo‘lagi yo‘qligini aytdi. Odamlar esa tuproqdan yurishga majbur. Bu, ayniqsa, bolali onalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jiddiy muammo tug‘dirmoqda.
Muhokamada yo‘l qurilishidagi korrupsiya holatlari ham tanqid qilindi. Senator asfalt yotqizish ortidan noqonuniy boyish holatlariga e’tibor qaratdi. Siz yashaydigan hududda piyodalar yo‘laklari talabga javob beradimi?
Noyabr oyining ilk haftasida prezident nimalar bilan band bo‘ldi?
Haftaning birinchi kuni — 2-noyabrda prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi hamda xorijda ishlash istagidagi aholini til va kasblarga maqsadli o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu yig‘ilishda xorijda ishlayotgan fuqarolarning daromadini oshirish, kasb va til o‘rgatish, ularning huquqlarini himoya qilish hamda qaytgan migrantlarni ish bilan ta’minlash masalalari ko‘tarildi.
Yig‘ilishdagi birinchi masala — migrantlarning daromadi bo‘ldi. Prezidentning ma’lum qilishicha, so‘nggi 10 yilda xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ikki barobar kamaygan, ammo ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshgan. Hozirda pul o‘tkazmalari 20 milliard dollardan ortiq. Davlat rahbari bu ko‘rsatkichni 50 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar xorijda kamida 2 ming dollar daromad topishi kerakligini ta’kidladi.
Hududlar o‘rtasidagi farq ham katta ekani ta’kidlandi. Farg‘onada xorijda ishlayotgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik pul o‘tkazmasi 1850 dollarni tashkil etsa, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 400 dollarga ham yetmaydi. Prezident fuqarolarni yuqori daromadli ishlarga tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, xorijda talab yuqori, ammo malakali kadrlar yetishmasligi, migrantlarning huquqlarini himoya qilish va boshqa masalalar muhokama qilindi. 2026-yilda Germaniyadan 45 ming mutaxassisga talab tushgan bo‘lsa-da, amalda atigi 2 ming kishi ishga joylashtirilgan. Bunga asosiy to‘siqlardan biri nemis tilini biladigan kadrlar yetishmasligi ekani aytildi. Shu sababli 2027-yilda barcha hududlarda migratsiya markazlari tashkil etilishi, har biriga 8 milliard so‘mdan ajratilishi rejalashtirilmoqda. Germaniyada ishlash uchun talab yuqori bo‘lgan kasblar va nemis tili bo‘yicha 10 ming mutaxassis tayyorlash vazifasi ham qo‘yildi.
Prezident elchilar va hokimlar faoliyatini tanqid qilib, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishni talab qildi. Uning ta’kidlashicha, elchixonalar faqat ish topishga yordam berish bilan cheklanmasligi, balki fuqarolar xorijga yetib borganidan boshlab ishga joylashishi va yangi mamlakatga moslashguniga qadar ularga ko‘maklashishi kerak. Shuningdek, migrantlar oilalarining farovonligi, ota-onalarining yashash sharoiti va farzandlarining ta’limiga e’tibor qaratish topshirildi.
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga xorijdan 1 million 116 ming fuqaro qaytib kelgan. Ularning orasida sanoat, qurilish, logistika va boshqa sohalarda tajriba orttirgan mutaxassislar bor. Ularning kasbi, avvalgi ish joyi va xorijdagi mehnat staji haqidagi ma’lumotlarni jamlaydigan yagona platforma yaratish rejalashtirilmoqda. Bu orqali qaytgan fuqarolarni mahalliy korxonalardagi mos ish o‘rinlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Prezident Buxoroga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Buxoro viloyatiga bordi. Tashrif Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Maqbarada Qur’on tilovat qilinib, xalqqa tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi. Har kuni o‘rtacha 15 mingga yaqin kishi ziyorat qiladigan Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi «Ipak yo‘li: Zarafshon – Qoraqum koridori» tarkibida UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ikki kunlik tashrif davomida prezident tarixiy merosni asrash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalari bilan tanishdi. Shuningdek, yangi loyihalarni ishga tushirish va viloyatni kompleks rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Shuningdek, davlat rahbari Kongress-xoll majmuasi va ikkita mehmonxona qurilishini ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini 328 million dollarga modernizatsiya qilish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Eng muhim yangiliklardan biri — Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu yo‘l ikki shahar orasidagi safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirishi kutilmoqda. Kelasi yili M-37 avtomobil yo‘lining viloyat hududidagi 69 kilometri yangilanadi, Buxoro shahri atrofida esa 4,5 kilometrlik aylanma yo‘l quriladi. Samarqand–Buxoro yo‘nalishida tezyurar poyezd uchun yangi temiryo‘l liniyasi ham rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda viloyatdagi bandlik va aholi daromadlari masalasi ham ko‘tarildi. Buxorodan 99 ming fuqaro mehnat migratsiyasida, xorijdan qaytgan 24 ming kishi esa hali ish topmagan. Yana 270 ming nafar aholining daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.
«Xavfsiz talaba» mojarosi: dekan ishdan olindi
O‘zbekistondagi bir nechta oliy ta’lim muassasalarida talabalardan «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatish talab qilinayotgani, ayrim hollarda esa ilovani o‘rnatmaganlar darsga kiritilmayotgani haqidagi xabarlarga ko‘zingiz tushdimi?
3-noyabr kuni jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining Telegram kanalida talabalardan kelgan videoni e’lon qilib, Jahon tillari universitetida «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatmaguncha talabalar darslarga kiritilmayotganini yozdi.
Keyinroq OAVlarda talabalar 3-noyabr kuni universitet eshigi oldida ushlab qolinib, ushbu ilovani majburan o‘rnatishgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu sabab darsga kech qolgan talabalarga «nb» qo‘yilgan. Dars o‘rtasida dekan, dekan muovini va tyutorlar kirib, ilovani o‘rnatmagan talabalarni turg‘izib, o‘rnatishni rad etishsa, dakki bergani xabar qilindi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa bir necha haftadan buyon qandaydir APK ilovasini o‘rnatishga majburlanayotganini ma’lum qilishdi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi holatga munosabat bildirib, mazkur masala nazoratga olinganini ma’lum qildi. «Xavfsiz talaba» mojarosi ortidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekistonda ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta yig‘ildi
Talaba bo‘lgan vaqtingizda paxta dalasiga olib borishganmi, paxta terib ko‘rganmisiz? Agar «ha» deb javob berayotgan bo‘lsangiz, bu ishning mashaqqatini yaxshi bilasiz. O‘zbekistonda ilk bor bu yil 5 million tonnadan ortiq paxta terildi.
Shavkat Mirziyoyev paxtakorlarni tarixiy natija bilan tabrikladi. Bu yil mamlakatda ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta yig‘ilib, o‘rtacha hosildorlik gektariga 56 sentnerga yetganini ma’lum qildi.
Prezident tabrigida keltirilishicha, mavsum davomida qariyb mingta fermer xo‘jaligi va klaster 100 sentnerlik marrani egallagan. Ayrim xo‘jaliklarda hosildorlik gektariga 110 sentnerga yetgan. Qoraqalpog‘istonda esa hosildorlik 10–15 sentnerga oshib, 400 ming tonnadan ortiq paxta yig‘ilgan. Bu yilgi hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinasi yordamida 30–35 kun ichida terib olingan. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida terim to‘liq mexanizatsiyalashtirilgan.
Prezident ma’lumotiga ko‘ra, fermerlar bu yil paxtadan 13–14 trillion so‘m sof foyda olishi kutilmoqda. Kelgusi yilda esa mamlakat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlikni gektariga 65–70 sentnerga yetkazish vazifasi belgilangan. Nima deymiz, hosilimiz mo‘l bo‘lsin.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
2025-yil sentabr oyidan buyon O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Alisher Usmonov bu haftada lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Farrux Abduraimov saylandi.
Senat Kengashining 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Farrux Soyibjonovich Abduraimov Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — sudlov hay’ati raisi lavozimiga besh yil muddatga saylangan. Alisher Usmonov esa ushbu lavozimdan ozod etilgan.
Теглар






