«Xatolar to‘g‘rilandi»: «IMAN Holding» kompaniyasi atrofidagi mojaro yuzasidan rasmiy bayonot berdi
«IMAN Holding» Kuzatuv kengashi «Islamic Finance Consulting Board» e’lon qilgan 20 mln dollarlik kamomad, avtomobillar xaridi va muammoli qarzlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov boshqaruvni topshirib, Kuzatuv kengashiga o‘tadi.
© Kollaj: Vaqt.uz«IMAN Holding» Kuzatuv kengashi kompaniyada 20 million AQSH dollari miqdorida zarar yoki kamomad mavjudligi haqidagi da’volar asossiz ekanini bildirib, kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov ijrochi boshqaruvni mutaxassislarga topshirishi va faoliyatini Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida davom ettirishini e’lon qildi. Bu haqda «IMAN Holding» Kuzatuv kengashining «Islamic Finance Consulting Board» MCHJ (IFCB) e’lon qilgan hujjatlar va e’tirozlar yuzasidan bergan rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotda keltirilishicha, IFCB tomonidan e’lon qilingan hujjatlar 2026-yilning iyulida kompaniyaning o‘z tashabbusi bilan va maslahat kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi audit natijalariga oid hisoblanadi. Mazkur tekshiruvda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun taftish komissiyasi tuzilgan.
Kompaniyaning tushuntirishicha, auditda ko‘tarilgan masalalarning aksariyati amaldagi oferta asosida qabul qilingan biznes qarorlariga tegishli bo‘lgan, o‘sha vaqtda bu qarorlarning shariat nuqtai nazaridan to‘g‘ri emasligi haqida tushuncha bo‘lmagan va audit xulosasidan so‘ng tegishli amaliyotlar to‘xtatilgan.
Kuzatuv kengashi videomurojaatlarda tilga olingan 20 million dollar miqdoridagi zarar haqidagi da’volarni rad etib, ushbu summa real kamomad emas, balki uchta moliyaviy ko‘rsatkich yig‘indisi ekanini qayd etdi va har bir band bo‘yicha IFCB e’tirozlari hamda o‘z pozitsiyasini ochiqladi:
1. BNPL portfelidagi muammoli qarzlar (NPL): IFCB e’tirozida 2026-yil 31-may holatiga kommandit shirkatining muddati o‘tgan muammoli qarzlari 9,5 million dollarni (portfelning 17–18 foizi) tashkil etishi va kredit xavfi yashirilgani ko‘rsatilgan. «IMAN» bayonotiga ko‘ra, kompaniya amaliyotida muddati o‘tgan qarzlar va umuman qaytmaydigan deb topilgan qarzlar (NPL) o‘zaro farqlanadi hamda qarzlar 300 kundan keyin umidsiz deb baholanadi. Qayd etilishicha, 31-may holatiga NPL ko‘rsatkichi 58,79 milliard so‘mni (618,41 milliard so‘mlik portfelning 9,5 foizi), 2026-yil 1-oktabr holatiga esa 71,65 milliard so‘mni (1 105,78 milliard so‘mlik portfelning 6,5 foizi) tashkil etgan. Ushbu risklarni qoplash uchun 31,91 milliard so‘mlik kutilayotgan savdo yo‘qotishlari zaxirasi (ECL) shakllantirilgan bo‘lib, zaxira bilan qoplanmagan risk joriy portfelning 3,5 foiziga (3,5 million dollar) teng ekani va ushbu ko‘rsatkichni 3 foizga tushirish maqsad qilingani bildirilgan.
2. Boshqaruv kompaniyasining fond oldidagi majburiyatlari: IFCB «Iman Halal Investments» MCHJ o‘z operatsion xarajatlarini qoplash uchun kommandit shirkatidan muntazam qarz olgani, 31-may holatiga qarz qoldig‘i 2,97 million dollarga yetgani hamda bu «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasiga zid ravishda operatsion risklarni investorlarga yuklashini ta’kidlagan. Kompaniya javobida 2,97 million dollarlik foizsiz qarz fonddagi likvidlik uchun ushlab turiladigan bo‘sh pullar (joriy portfelning taxminan 3 foizi) hisobiga va IFCB tomonidan tasdiqlangan 2025-yil 28-yanvardagi ommaviy ofertaning 4.2-bandi asosida amalga oshirilgani qayd etilgan. Shuningdek, boshqaruv kompaniyasi ham uzoq vaqt fonddan royalti olmagani va imtiyozli tariflar qo‘llagani qo‘shimcha qilingan. Taftish komissiyasi bu amaliyotni noto‘g‘ri deb topganidan so‘ng, iyul oyida qarz berish to‘liq to‘xtatilgan. Mavjud qarzlar «IMAN Holding» aksiyalari orqali kafolatlangan bo‘lib, noyabr oyidan boshlab 6 oy ichida fondga to‘liq qaytarilishi ma’lum qilindi.
3. Daromadni tan olish va dividendlar (140 milliard so‘mlik farq): IFCB mijozlar tomonidan to‘lov amalga oshirilishidan oldin tan olingan foyda (marja) oylik dividendlarni hisoblash uchun asos bo‘lgani va investorlarga hali olinmagan pul mablag‘lari hisobidan dividend to‘langaniga e’tiroz bildirgan. Kompaniya izohiga ko‘ra, iyul oyidan boshlab xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IFRS) o‘tilgan, avvalgi davrlarda esa O‘zbekiston milliy buxgalteriya standartlari asosida hisob yuritilib, murobaha shartnomalari bo‘yicha daromad va xarajatlar savdo qilingan oyning o‘zida, moliyaviy ijarada esa oyma-oy tan olingan. Kompaniya tashkil etilganidan buyon jami 2,04 trillion so‘mlik savdo qilingan va 285 ming 952 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, shundan 195 ming 61 tasi (11 ming 252 ta moliyaviy ijara va 183 ming 809 ta murobaha) faol holatda ekani bildirildi. Ushbu shartnomalar 1 105,77 milliard so‘mlik nasiya savdo portfelini tashkil etishi, investorlar portfeli (965,02 milliard so‘m) bilan o‘rtadagi 140,75 milliard so‘mlik tafovut kamomad emas, balki kelajakda tushadigan daromad (savdodagi marja) ekani ta’kidlandi.
Shaxsiy xaridlar, fond xarajatlari va boshqaruvdagi o‘zgarishlar
1. Rasmiy bayonotda investorlar mablag‘lari shaxsiy xaridlar va fondga aloqador bo‘lmagan tadbirlarga sarflangani hamda zaxira fondiga ortiqcha mablag‘ ushlab qolingani haqidagi e’tirozlar bo‘yicha ham ma’lumot berildi:
2. «Mercedes-Benz S500» xaridi: IFCB 2026-yil 10-aprelda kommandit shirkati hisobidan kompaniya xodimiga tegishli «FOUNDERS TRUST 1» MCHJga 9-apreldagi shartnoma asosida Rustam Rahmatov uchun avtomobil olishga 128 ming dollar o‘tkazilganini manfaatlar to‘qnashuvi sifatida baholagan. «IMAN» bayonotida ushbu MCHJ faol xodimlarning xaridlarini imtiyozli moliyalashtirish uchun ochilgani, avtomobil Rustam Rahmatov tashabbusi bilan biznes ehtiyojlari uchun fond nomidan xarid qilinib, unga yillik 12 foiz (AQSH dollarida) ustama bilan ijaraga berilishi ko‘zda tutilgani aytiladi. Maslahat kengashi 2025-yil 28-yanvardagi ofertaning 4.2-bandidagi imtiyoz kompaniya ulushdorlariga emas, faqat xodimlarga tegishli ekanini ko‘rsatgach, bitim nojoiz deb topilgan va ijara stavkasi yillik 17 foiz etib qayta belgilangan. Tasdiqlovchi ma’lumot sifatida 2026-yil 31-iyulda Rustam Rahmatov 6-iyuldagi ijara shartnomasi bo‘yicha 85,33 million so‘m to‘lagani, 12-avgustda esa avtomobil sotilib, xarid summasi va ijara to‘lovlari fondga to‘liq qaytarilgani hamda ofertadan tegishli band olib tashlangani qayd etilgan.
3. «BYD Champion» shartnomasi: Taftish komissiyasining 1-son qarorida Rustam Rahmatov 2023-yil 1-dekabrda naqd narxi 420 million so‘m bo‘lgan «BYD Champion» avtomobilini 36 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan (umumiy qiymati 555,13 million so‘m, boshlang‘ich to‘lovi 120 million so‘m) xarid qilgani, biroq 2025-yil 4-maydan keyin g‘aznachi va Rahmatovning e’tiborsizligi hamda texnik xato sabab to‘lovlar to‘xtab qolgani (muddati o‘tgan qarzdorlik 306,5 million so‘m, umumiy qoldiq 366,94 million so‘m) ko‘rsatilgan edi. Kompaniya javobiga ko‘ra, test tariqasida tuzilgan ushbu shartnoma bo‘yicha kechikish ichki tekshiruvda aniqlangach, 2026-yil 31-iyulda Rustam Rahmatov qolgan 366 million 940,15 ming so‘mlik qarzdorlikni muddatidan oldin «KT IMAN Halal Investments» kommandit shirkati hisob-raqamiga to‘liq to‘lagan va shartnoma yopilgan.
4. Fond va boshqaruv xarajatlari: IFCB kommandit shirkati operatsion xarajatlari tarkibiga boshqaruv kompaniyasi xarajatlari (oyiga o‘rtacha 300 ming dollar ish haqi, 124 ming dollargacha marketing, skoring va tranzaksiya komissiyalari) kiritilishi qonunning 29-moddasiga zid ekani va investorlar dividendini kamaytirganini bildirgan. Kompaniya esa qonunda boshqaruv xarajatlari to‘liq sherikning o‘z hisobidan qoplanishi shartligi belgilanmagani va bu oferta bilan tartibga solinishini qayd etgan. Shunga qaramay, IFCB audit qaroridan so‘ng sotuv bilan bog‘liq bevosita (direct) va boshqaruv bilan bog‘liq bilvosita (indirect — IT, skoring modellari, moliya, brend va tadbirlar) xarajatlarni o‘zaro shaffof ajratishga qaror qilingani hamda bu jarayon noyabr oyidan boshlab 3 oy ichida to‘g‘rilanishi ma’lum qilindi.
5. Fondga aloqador bo‘lmagan deb topilgan xarajatlar: IFCB umumiy xarajatlarning 60 foizdan ortig‘i shirkat faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan yo‘nalishlarga, jumladan, «Imanum 5.0» ochilish marosimiga 144 ming dollar va xususiy banking (Private banking) uchun 187 ming dollar sarflanganini ko‘rsatgan. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 2026-yil 18-iyunda o‘tkazilgan «IMANUM 5.0» taqdimotining umumiy xarajati 833,12 million so‘mni (taxminan 70 ming dollar) tashkil etgan bo‘lib, shundan faqat 40,02 million so‘mi (taxminan 3,4 ming dollar yoki 4,8 foizi) ilovani reklama qilish uchun fond hisobidan, qolgan 793,1 million so‘mi esa boshqaruv kompaniyasi hisobidan qoplangan. «Private banking» xarajatlari esa IFCB bilan birgalikda o‘rganilgach, boshqaruv kompaniyasiga tegishli deb topilgan va bu summa fond tomonidan boshqaruv kompaniyasiga yillik 20 foiz ustama bilan 24 oyga murobaha (bo‘lib to‘lash) shartnomasi sifatida rasmiylashtirilgan.
6. «IRR» zaxira fondiga ajratmalar: Investor bitimiga ko‘ra taqsimlanadigan daromadning 5 foizidan ortig‘i zaxiraga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lmasa-da, amalda may oyida taxminan 23 foiz, iyun oyida esa 50 foiz daromad «IRR» zaxirasiga ushlab qolingani haqidagi e’tiroz tasdiqlandi. Kompaniya buni moliya va risk bo‘limida qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan xodimning rahbariyat va shariat kengashi xabardorligisiz zaxirani tezroq to‘ldirish maqsadida yo‘l qo‘ygan xatosi bilan izohladi. Mazkur xodim bilan avgust oyi boshida xayrlashilgani va iyul oyidan ajratmalar shartnomada belgilangan 5 foizlik chegaraga qaytarilgani bildirildi.
7. Bayonot yakunida «IMAN Holding» Kuzatuv kengashi keyingi qadamlar sifatida uchta qaror qabul qilinganini e’lon qildi:
8. Boshqaruvdagi o‘zgarish: Rustam Rahmatov ijrochi boshqaruvni tajribali mutaxassislarga topshiradi va o‘z faoliyatini Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida davom ettiradi. Kuzatuv kengashi raisi va a’zolari tarkibi yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
9. Tashqi shar’iy va moliyaviy audit: Kompaniyada 3 olimdan iborat Shar’iy kengash tuzish haqida qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, «Usmani’s» xalqaro auditorlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolanib, tashqi shar’iy audit boshlangan, shuningdek, xalqaro mustaqil moliyaviy auditorlarni jalb qilish ustida ish olib borilmoqda. Audit yakunlangach, natijalar to‘liq ochiqlanadi.
10. Investorlar ro‘yxati: Xoldingdagi aksiyadorlar va «SAFE» shartnomalari asosida kirgan investorlar tarkibini 1 oy ichida to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazish belgilandi.





